
Bir kishi hikoya qiladi
- Категории: Qo'rqinchli Voqealar
- Название: Bir kishi hikoya qiladi
- Дата релиза: 21-02-16, 21:28
Bir kishi hikoya qiladi
«Qo‘li yelkasidan
kesilgan bir kishini
ko‘rdim. U: «Meni
ko‘rgan har bir inson
biron kishiga zulm
qilmasin», deb nido
qilardi. Unga yaqinlashib:
«Ey birodar, nima
bo‘ldi?» deb so‘radim. U:
«Faroyib hodisa, – deb
boshidan o‘tganini
so‘zlab berdi. – Men
zolimlarning
yordamchilaridan edim.
Bir kuni kattakon baliq
tutgan baliqchini ko‘rib
qoldim va uning oldiga
kelib balig‘ini berishini
so‘radim. U esa bu baliq
puliga oilasiga u-bu
narsa olib borishini
aytib, bepulga
bermasligini tushuntirdi.
Men esa unga nisbatan
kuch ishlatib, baliqni
tortib oldim. Baliqni
ko‘tarib uyga
kelayotganimda, hali
joni uzilmagan jonivor
qo‘limni tishlab oldi.
Uyimga kelib, baliqni
tashlaganimdan so‘ng
barmog‘im zirqirab
og‘riy boshladi.
Og‘riqning qattiqligidan
uxlay olmadim. Qo‘lim
shishib ketdi. Tong
otgach, tabibga borib,
og‘riqdan shikoyat
qildim. U barmog‘imni
ko‘rib: «Bu qorason
(suyak chirishi)
kasalining boshlanishi.
Barmog‘ingni kesib
tashlash kerak. Aks
holda qo‘lingdan
ayrilasan», dedi.
Barmog‘imni kesib
tashladim. So‘ngra
qo‘lim og‘riy boshladi.
Og‘riqning zo‘rligidan
ko‘zimga uyqu kelmadi.
«Kaftingni kesib
tashla», deyishdi.
Kaftimni ham kesib
tashlashga majbur
bo‘ldim. Keyin bu dard
tirsakka o‘tdi, ko‘rib
turibsizki, tirsakdan
ham mahrum bo‘ldim.
Butunlay qo‘limni kesib
tashlaganlaridan so‘ng
ba’zilar buning sababini
so‘ray boshlashdi. Men
baliq voqeasini hikoya
qilib berganimdan so‘ng,
ular: «Oldinroq borib,
baliqchiga uzringni
aytganingda, ehtimol
biron-bir a’zoing
kesilmasdi, haliyam
kech emas, borib
kechirim so‘ra, aks
holda badaningga o‘tib
ketmasin!» deb
maslahat solishdi. Men
baliqchini izlab topdim.
Oyoqlariga yiqilib, yig‘lab
o‘pa ketdim. «Sayyidim,
Alloh haqqi, meni
kechiring», deb yolvora
boshladim. U: «Siz
kimsiz?» deb so‘radi.
«Men balig‘ingizni tortib
olgan kishiman», deb
bo‘lgan voqeani aytib
berdim. Qo‘limni ko‘rib
yig‘lab yubordi. «Ey
birodar, boshingizga
shunday balolar
tushibdi. Mingdan ming
roziman», dedi.
«Sayyidim, Alloh haqqi
ayting-chi, balig‘ingizni
olib qo‘yganimda meni
duoibad qilganmidingiz?»
deb so‘ragan edim: «Ha,
«Ey Allohim, bu bandang
kuchliligi sababli menga
rizq qilib bergan
narsangni zo‘ravonlik
qilib tortib oldi. Bas,
menga shu bandang
ustida O‘z qudratingni
ko‘rsat», deb duoibad
qilgan edim», dedi.
«Sayyidim, mana Alloh
mening ustimda O‘z
qudratini ko‘rsatdi. Men
endi zolimlarga
xizmatchi bo‘lganimdan
Alloh azza va jallaga
tavba qildim. Inshaalloh,
tirik ekanman,
zolimlarning eshigiga
qadam bosmayman va
ularning
yordamchilaridan
bo‘lmayman. Tafviq
Allohdandir», dedim».
Смс Шерлар