
O‘lik dengiz Falastin
- Категории: Qo'rqinchli Voqealar
- Название: O‘lik dengiz Falastin
- Дата релиза: 21-02-16, 19:59
O‘lik dengiz Falastin
O‘lik dengiz
Falastin,
Iordaniya va Isroil
o‘rtasida joylashgan
turg‘un sho‘r ko‘ldir. Uni
arablar “Al-Bahr Al-
Mayyit” – o‘lik dengiz,
“Bahru Lut” – Lut
dengizi, yahudiylar “Yam
ha Melah” – tuz dengizi,
“Yam ha Mavet” – o‘lik
dengiz deb ataydi.
Shuningdek, bu ko‘lning
“Asfalt dengizi”,
“Saddum dengizi” kabi
nomlari ham bor. Garchi
dengiz deb atalsa-da,
O‘lik dengiz aslida ko‘l,
“dengiz” deb atash ham
xato emas.
Uning suv yuzasi, 2012
yil dekabr holatiga ko‘ra,
dengiz sathidan 427
metr pastda. Suv sathi
yiliga bir metrdan
pasayib boryapti. Dengiz
sohili Yerning quruqlik
qismidagi eng quyi
hudud hisoblanadi. O‘lik
dengiz sayyoramizdagi
eng sho‘r suv
havzalaridan biri. Tuzlilik
darajasi 340-350
promillega yetadi.
Solishtirish uchun
ma’lumot:
O‘rtayer dengizida bu
ko‘rsatkich 40 promille.
Dengizning uzunligi 67
km, kengligi eng yoyiq
joyida 17 km. Eng chuqur
yeri 377 metr. Maydoni
1050 kvadrat kilometr
atrofida. O‘lik dengiz
sho‘r ko‘llar ichida eng
chuquridir. Ko‘l dengizga
chiqish yo‘liga ega emas.
“O‘lik dengiz” nomi ilk
bor II asrda yashab
o‘tgan qadimgi yunon
olimi va geografi
Pavsaniy asarlarida
uchraydi. U ushbu ko‘l
suvlarini birinchilardan
bo‘lib tadqiq qilgan.
Bu dengiz to‘g‘risida
miloddan oldingi I asr
tarixchisi va geografi
Strabon ham
“Geografiya” nomli
asarida so‘z yuritgan va
uni “Sirbonid ko‘li” deb
atagan. Qur’oni karimda
Lut qavmi qissasi bor.
Bu qavm haqida boshqa
ilohiy kitoblarda ham
so‘z boradi. Rivoyatlarda
kelishicha, qavmning
umumiy soni to‘rt yuz
ming kishi bo‘lgan va
ular beshta shaharda
yashagan. O‘lik dengiz
atrofida olib borilgan
qazishma ishlari qadimgi
Sodom va Gomorra
shaharlari ko‘lning
janubiy sohilida Siddim
vodiysida joylashganini
ko‘rsatdi.
Biroq hozir bu
hududlarga kelgan kishi
faqat aftoda va g‘arib
holdagi qum-tuproq
uyumlarinigina ko‘radi,
xolos. Yo‘qolgan
shaharlarni haligacha
hech kim topolmagan.
Mutaxassislar fikricha,
bir zamonlar gullab-
yashnagan bu shaharlar
kuchli zilzila-ofatlardan
so‘ng suv ostida qolib
ketgan. Chunki bu yerda
buzuqlik va axloqiy
tanazzul avjiga chiqqan,
erkaklar bilan erkaklar
jinsiy yaqinlik qilar,
majlislarida yalang‘och
yurish targ‘ib etilar,
fahsh ishlari ochiq-
oshkora edi. Bundan
tashqari, ular Arabiston,
Misr va Yaqin Sharqqa
boradigan savdo yo‘llari
chorrahasida
joylashganlari sababli
karvonlarga hujum
uyushtirar, talon-taroj
qilar, yo‘lovchi va
savdogarlarni o‘ldirar
edilar.
Lutning (alayhissalom)
qavmni to‘g‘ri yo‘lga
boshlash borasidagi
barcha urinishlari
besamar ketadi va Alloh
taolo qavmga ofat
jo‘natadi. Olmon
arxeologi Verner Keller
bu yerda juda qattiq
zilzila bo‘lgani, tabiiy
gazlar portlab, chaqmoq
tushgani, tevarak-atrof
yong‘in ichida qolgani va
Siddim vodiysini
shaharlari bilan birga yer
yutganini ta’kidlaydi.
Ilmiy farazlarga ko‘ra,
bu voqealar bundan
to‘rt ming yil ilgari,
miloddan oldingi 2000 yil
boshlarida yuz bergan.
Vayron bo‘lgan
shaharlar haqida ko‘lning
sharqiy qismidagi
suvosti manzaralari
ham darak berib
turganga o‘xshaydi. Bu
yerda dengiz havzasi
ichiga kirib borgan
quruqlik bor. Arablar uni
“Al-Lison” deb ataydilar.
Uning o‘ng tarafida
suvning chuqurligi 400
metr atrofida bo‘lgani
holda, chap tomonda
bor- yo‘g‘i 15-20 metr
atrofida. Ko‘lning quyi
oqimi bo‘ylab qayiqda
kezilsa, quyosh nurlari
mos tushgan paytlari
suv ostidagi
o‘rmonzorni ko‘rish
mumkin. Bu daraxatlarni
suvdagi intensiv tuzlar
qotirib qo‘ygan.
Taxminlarga ko‘ra, bu
daraxtzor juda qadimiy.
Bir zamonlar yam-yashil
yaproq chiqarib, gul
ochgan bu og‘ochlar
ostida balki Lut
(alayhissalom)
suruvlarini o‘tlatib
yurgandir. Har holda, bu
manzara o‘ta shiddatli
tabiiy ofatdan darak
beradi. O‘lik dengizning
ismi jismiga monand.
Suv haddan ortiq sho‘r
bo‘lgani sababli bu yerda
hech qanday baliq yoki
tirik mavjudot
yashamaydi. Iordan
daryosi quyilish
joyidagina ayrim
bakteriyalar borligi
aniqlangan, xolos. XX asr
so‘ngi va XXI asr
boshlarida dengizdan
yetmishga yaqin
oomitset
(zamburug‘simon mitti
mavjudotlar) va katta
qalpoqli qo‘ziqorinlar
topilgan. Ular yuqori
darajali sho‘rlanishga
chidash bera oladi. O‘lik
dengizga bir necha qurib
qoladigan daryochalar va
Iordan daryosi quyiladi.
So‘nggi qirq yil
mobaynida tushadigan
suv oqimi yiliga 1,43
milliard kubometrdan
100 million kubometrga
kamaydi. O‘lik
dengizdagi tuzning
minerallar tarkibi boshqa
dengizlarnikidan farqli.
Tuzda sulfatlar kam,
bromid ko‘p. Bu esa
dengiz suvini shifobaxsh
qilgan. Shu sababli
dengiz sohilidagi dam
olish va davolanish
maskanlariga Yer
sharining turli
burchaklaridan har yili
millionlab sayyohlar,
davo istagan bemorlar
keladi. Kurortlar asosan
teri, mushak, nafas
yo‘li, asab, jinsiy va
nasliy kasalliklarni
davolashga
ixtisoslashgan. O‘lik
dengiz shifobaxsh sho‘r
suvidan tashqari sulfidli
balchiqlari bilan ham
mashhur. Minerallarga
boy, brom, yod va
garmonsimon
moddalarga to‘yingan
ushbu balchiq-loy ko‘l
tubidan qazib olinadi.
Atmosferada changlar
va allergenlar (allergiya
kasalligining sababchisi
bo‘lgan, tana uchun yot
modda) yo‘q. Sohil juda
quyida joylashgani va
Yer yuzidagi eng qalin
ozon qatlami shu yerda
bo‘lgani tufayli
quyoshdan
ultrabinafsha nurlari
kam tushadi. Oftobda
bemalol toblanishingiz
mumkin, bu tanaga
salbiy ta’sir
ko‘rsatmaydi, balki
foyda beradi.
Atmosfera bosimining
juda yuqoriligi ham
mintaqaning ijobiy
xususiyatlaridan. O‘lik
dengiz atmosferasida
kislorod miqdori boshqa
dengizlardagidan o‘n
foiz ko‘p. Suv tuzga
yuqori darajada
to‘yingani sababli unda
bemalol chalqancha
yotib gazeta o‘qish
mumkin, cho‘kib
ketmaysiz.
Ko‘ldagi tuz zaxirasi 43
milliard tonna atrofida.
O‘lik dengizning
hayratlanarli jihatlaridan
yana biri, bu yerda tabiiy
asfalt yuzaga keladi.
Bunga sabab bo‘luvchi
bitum moddasidan
misrliklar qadimda
mo‘miyolash ishlarida
foydalanganlar. So‘nggi
yuz yil davomida O‘lik
dengizdagi tabiiy
resurslar juda katta
hajmda o‘zlashtirildi. Bu
jarayon borgan sari
jadallashyapti.
Minerallarni qayta
ishlash sanoati
rivojlangani va dengizga
quyiladigan suvlarning
sakson foizidan
foydalanish sababli
ko‘ldagi suv sathi keskin
– 25 metrga pasayib
ketdi. Bu esa yerosti
bo‘shliqlarining yuzaga
kelishi va yer cho‘kishiga
olib keldi.
Iordaniya va Isroil
hududida 1200 ta yer
o‘pirilishi holati qayd
etilgan. Jarliklarning
chuqurligi ba’zida 25
metrga yetadi. Ayniqsa,
yo‘llar va turar joylar
yaqinida hosil bo‘ladigan
o‘pirilishlar katta xavf
tug‘diradi. So‘nggi
yillarda ekologik holat
dengiz atrofidagi
davlatlar sayyohlik
sanoatiga salbiy ta’sir
ko‘rsata boshladi. Shu
sababli tabiiy muhitni
tiklashga qaratilgan bir
qancha loyihalar taklif
qilindi. Hozir Iordaniya va
Isroil Qizil dengiz suvini
O‘lik dengizga quyish
bo‘yicha qo‘shma loyiha
ishlab chiqyapti.
Odamning tabiatga
ochko‘zlarcha va
mas’uliyatsiz
munosabati juda og‘ir
natijalarga olib kelishi
mumkin. Buni O‘lik
dengiz misolida ham
ko‘rsa bo‘ladi. Agar
vaqtida kerakli choralar
ko‘rilmasa, bebaho va
noyob ne’matlari bilan
millionlab odamlarning
dardiga malham
ulashayotgan ushbu ko‘l
ham oxir-oqibat o‘z
nomiga uyqash shaklda
tamoman o‘lik bo‘lib
qolishi hech gap emas.
Смс Шерлар