Buyuk Britaniya fuqarosi muzday suvga cho‘milib, halok bo‘ldi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Buyuk Britaniya fuqarosi muzday suvga cho‘milib, halok bo‘ldi
- Дата релиза: 27-08-14, 22:35
Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi 18 yoshli Kemeron Lankaster Ice Bucket Challenge doirasida muzdek suvga cho‘milib, halok bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail’ga tayanib, “Rossiyskaya Gazeta” xabar bermoqda.
Voqea 24-avgust kuni Inverkiting shahrida balandligi 25 metrga teng bo‘lgan toshli Preston-Hill tepaligida sodir bo‘lgan. Kemeron o‘z ustidan muzday suv quygan va jarlikdan toyib, suvga qulagan.
Politsiya xodimlari mazkur baxtsiz voqeadan kechki soat 17:00 atrofida xabar topgan. Halok bo‘lgan yigitning tanasi qutqaruvchilar tomonidan to‘rt soat o‘tib topilgan.
Mahalliy hukumatning aytishicha, Preston-Hill tepaligi odamlar uchun jiddiy xavf uyg‘otishiga qaramay, dam olish joyi sifatida foydalanilmoqda.
The Telegraph’ning qayd etishicha, bundan avvalroq, AQShning Massachusets shtatidagi Nantaket orolida ham Ice Bucket Challenge fleshmobining yaratuvchilaridan biri Kori Griffin suvga sakrayotganda halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Ice Bucket Challenge aksiyasiga ko‘ra, mashhur insonlar o‘z ustidan muzdek suv quyib, do‘stlariga shunday qilishni yoki xayriya jamg‘armasiga pul o‘tkazishni taklif qilishi lozim. Xayriyadan tushadigan mablag‘ amiotrofik skleroz — Lu Gerig kasalligiga chalinganlarga sarflanadi. Bu kasallik odamning bosh miya tizimiga ta’sir qilib, keyinchalik falajlikka olib kelishi mumkin. Mashhur olim Stiven Xoking ham mazkur kasallikka chalingan.