Indoneziyada sunami olib ketgan qizcha o‘n yil o‘tib, topildi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Indoneziyada sunami olib ketgan qizcha o‘n yil o‘tib, topildi
- Дата релиза: 10-08-14, 13:57
Indoneziyaning Achex provinsiyasida sunamida yo‘qolib qolgan qizcha oradan o‘n yil o‘tib, ota-onasi bag‘riga qaytdi. Bu haqda Jakarta Globe nashriga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
2004-yil dekabrida Sumatra orollari qirg‘oqlari yaqinida so‘nggi yuz yil ichida ikkinchi eng kuchlisi bo‘lgan 9,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, 20 metr balandlikkacha yetgan sunamini keltirib chiqargan edi. Septi Rangkuti oilasi ikki o‘g‘il va bir qiz — o‘sha vaqtda to‘rt yoshda bo‘lgan Raudxatulni olib, ofatdan pana joy izlashga kirishadi. Qizcha va uning kichik akasini yog‘och taxta ustiga o‘tqizib qo‘yishadi, shunda ularni kuchli va baland to‘lqinlar olib ketadi.
Suv qaytgach, ota-ona farzandlarini bir oy qidiradi, shundan so‘ng qo‘shni provinsiya — Shimoliy Sumatraga ko‘chib ketishadi. Sunami bolalar o‘tirgan taxtani uzoq masofalarga olib ketib, Banyak arxipelagidagi orollardan biriga eltib tashlaydi. U yerda Radxaulni mahalliy baliqchi topib oladi. Qizchaning aytishicha, akasini ham qutqarishadi, biroq uni boshqa kishilar asrab oladi.
Qizaloq Achex qirg‘oqlarida uni qabul qilgan oila bilan yashab keladi. Oradan o‘n yil o‘tibgina o‘sha yerga tasodifan borib qolgan Radxaulning katta akasi uni ko‘rib qolib, onasiga zudlik bilan xushxabarni yetkazadi.
Darhol yetib kelgan ona qizi bilan yig‘lab, quchoqlashib ko‘rishadi va uni olib ketmoqchi bo‘ladi. Qizni asrab olgan oila uning Ramazon oyi tugagunicha qolishini so‘raydi. Shundan so‘nggina qiz uyiga qaytadi. Endi ular orolga qaytib borib, qizning akasini ham qidirib topishmoqchi.