Главная » Yangiliklar » Mitti Mo’jizalar
Mitti Mo’jizalar

Mitti Mo’jizalar

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Mitti Mo’jizalar
  • Дата релиза: 28-07-14, 21:56
Mitti Mo’jizalar
Asalarilar ajoyib matematiklardir. Ular qurgan uyalarning katakchalari eng mukammal va mus-tahkam tuzilishga ega. Katakchalarning har bir burchagi roppa-rosa 109*28′ gradusga teng bo‘ladi.

Bu mitti hasharotlar o‘ta kuchli hid bilish qobiliyatiga egadirlar: ular hidlarni odamga nisbatan 1000 karra kuchliroq sezishadi va ajrata olishadi, gullar iforini esa bir kilometrdan ziyodroq masofadan payqashadi.

Ona asalari lichinkasi o‘sish jarayonida uning hajmi besh kun davomida 3000 martaga, boshqalarniki esa 1500 martaga kattalashadi.

Asalarilarga yana bir mo‘’jizaviy qudrat ato etilgan: ular ayrim hollarda oilasini saqlab qolish uchun, qandaydir g‘ayrioddiy bir usulda o‘z umrlarini 5-6 martaga uzaytirish qobiliyatiga egadirlar.

100 gramm asal tayyorlash uchun asalari ba’zan 46 ming kilometr yo‘l bosadi, bu esa ekvator bo‘ylab Yer sharini bir marta aylanib chiqishdek gap! Ishchi asalari bir kunda 7000 tagacha gulni changlantiradi.

Ayrim asalarilar o‘z og‘irligidan bir necha barobar katta massali yukni ko‘tarib ucha oladilar. Yuksiz uchayotgan asalari tezligi taxminan soatiga 65 kilometrni tashkil etadi; o‘z og‘irligining 3/4 qismicha keladigan yuk bilan uchayotgan asalarining tezligi esa deyarli ikki baravarga pasayadi.

Bitta asalari har safar 40-50 mg nektar olib kela biladi; biroq u qancha uzoqqa uchsa, uyasiga shuncha kam nektar keltiradi. Uch kilometrlik parvoz davomida nektarning taxminan yetmish foizi «yo‘q bo‘ladi», ya’ni u asalarining tanasiga quvvat berib turuvchi o‘ziga xos energiya manbai bo‘lib, uchish davomida sarflanib boradi.

Uyasidan chiqib ketayotgan asalarida kam miqdorda manfiy zaryad mavjud bo‘ladi; uchish davomida asalari o‘z atrofida elektr maydoni hosil qiladi. Bunda manfiy zaryad musbat zaryadga aylanadi va kuchayadi; ayniqsa ochiq havo sharoitida uning kuchlanishi 1,5-1,8 voltga yetadi.

Ko‘pchilik asal to‘plash hududlarida asalarilarning asosiy asal yig‘ish davri 8-20 kun davom etadi. Shungacha bo‘lgan butun (deyarli bir yillik) davr esa unga tayyorlanish jarayonidan iboratdir.

Yig‘iladigan asalning miqdori asalarining asal tashish «qopcha»sining hajmiga bevosita bog‘liq: u qancha katta bo‘lsa, uyada to‘planadigan asal shuncha ko‘p bo‘ladi. Bu belgi nasliy xususiyatga ham, asalarichilar tomonidan yaratiladigan sharoitlarga ham bog‘liq.

Eng yirik asal to‘plamlari Uzoq Sharq va Sibirda bo‘larkan. Hatto Uzoq Sharqda jo‘ka gullagan davrda nazoratdagi uyalarda kuniga 30-33 kilogramm asal yig‘ilgani ma’lum. Sibirda bir mavsum davomida bitta uyada 420 kilogramm, Uzoq Sharqda esa 330-340 kilogramm asal to‘plangan paytlari bo‘lgan ekan.

To‘plab kelingan nektar asalarilar tomonidan uzoq va murakkab qayta ishlash va 40-70 foiz suv bilan aralashtirish jarayonidan keyingina asalga aylanadi. Bir kunda yig‘ilgan 5 kilogramm nektar qayta ishlangandan so‘ng atigi 1,5-2 kilogramm asal hosil bo‘ladi.

Asal yig‘ish davrida asalarilar turli yo‘llar bilan o‘zaro muloqotga kirishadilar: ular o‘ziga xos «raqslar» yordamida, inson qulog‘iga eshitilmaydigan tovushlar orqali aloqa qilishadi.

Shuningdek, ular o‘zlaridan ajratib chiqaruvchi biologik faol uchuvchi moddalar – feromonlar yordamida ham o‘zaro axborot almashadilar va o‘z faoliyatlarini boshqaradilar. Hozirgi zamon olimlari esa turli feromonlarni sun’iy yo‘l bilan yaratib ko‘rib, shu orqali hasharotlar bilan «gaplashish»ni o‘rganishmoqda.

Asalari changlantirib ketgan gulning umri uzoq bo‘lmaydi – bir necha soatdan to 2-3 kungacha davom etgan qisqa muddatdan so‘ng ular so‘lib qolishadi. Faqat ba’zi o‘simliklarning gullari uzoqroq turishi mumkin, ular asalarilarning kelishiga qarab 8-10 yoki undan ham ko‘proq kun davomida o‘zlaridan nektar ajratib turadilar.

Asalarilardan bojxonalarda sayohatchilarning sumkalarini yoki bosh¬qa turdagi yuklarni tekshirishda foydalanish mumkin. Axir, giyohvandlik moddalari yoxud portlovchi moddalarni topishga ixtisoslashtirilgan to‘rt oyoqli do‘stlarimizdan ko‘ra asalarining hid bilish va ajratish qobiliyati o‘ta kuchli.

Bundan tashqari, asalarilar qo‘l yetmaydigan oraliqlarga ham kirib chiqa oladilar va o‘z tajribalarini sanoqli soatlarda butun uyadoshlariga o‘rgata biladilar. Masalan, asalarilar trinitrotoluol hidini ajratib, portlovchi moddani topishga o‘rgatishda, moddani to‘g‘ri topsa, mukofot tarzida unga bir bo‘lak qand beriladi.

Keyinchalik bu asalari o‘z oiladoshlarini ham aynan shu hidni ajratishga o‘rgatadi va bu bilan olimlarga yordamchilarni o‘zi tayyorlab beradi. Olimlar ularning uchib boradigan joylarini hajmi tuz donachasidek keladigan mitti datchiklar yordamida kuzatishni rejalashtirishgan. Hozirgacha tajribalarda aniqlanganki, asalarilar to‘qson to‘qqiz foiz holatlarda portlovchi moddalarni aniq topa olishadi.

Asalarining chaqishi kasallangan a’zolarga shifo baxsh etishi ma’lum, ammo u o‘ldirishi ham mumkin ekan. Har yili ilon chaqishidan o‘lgan kishilardan ko‘ra asalari chaqishidan o‘lganlar soni ko‘proq bo‘larkan.
Логин:
Пароль: