Ozoda Saidzoda: Menga bir yil qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘yishdi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Ozoda Saidzoda: Menga bir yil qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘yishdi
- Дата релиза: 24-02-16, 22:56
Xonanda Ozoda Saidzodaning yangi imidji shou-biznes vakillari, muxlislar va jurnalistlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Uning taxallusi va imidji o‘zgarishi sabablarini bilish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad xonanda bilan bog‘landi.
— Nima uchun Nursaidova familyangizni Saidzoda taxallusiga o‘zgartirdingiz?
— Bolaligimdan bobomning nomini o‘zimga olishni niyat qilib yurardim, shu sababli ham familyamni bobomning ismi — Saidzoda taxallusiga o‘zgartirdim. Yana bir maqsad — milliylik ruhini olib kirish uchun ham shunday qilindi.
— Imidjingizni o‘zgartirganingiz ham ijtimoiy tarmoqlarda ancha muhokama bo‘ldi. Ba’zi bir muxlislarni “bizga avvalgi Ozodani qaytarib bering”, degan fikrlarini ham o‘qidik. Imidjingizni bu darajada o‘zgartirishingizga nima sabab bo‘ldi?
— To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, imidjimning o‘zgarishi sababi salomatligim bilan bog‘liq. Bu odamlar aytib yurgan darajada, “Ozoda og’ir kasal ekan”, degan mish-mishlar darajasidagi kasallikdan emas. Jarrohlikdan so‘ng soch to‘kilish holatlari bo‘lib turar ekan. Sochim rangining o‘zgarishi aynan imidj uchun qilinmagan. Holatdan kelib chiqib, vaziyatga to‘g‘ri yondashib shunday imidj o‘yladik. Bu odamlarni o‘zimga qaratish yoki shunga o‘xshash fikrlardan kelib chiqib qilingan ish emas. San’atkor muxlislarning e’tibori markazida yuradi. Shu sababdan, o‘ta zamonaviylik ham yoki zamondan orqada qolish ham yarashmaydi. Milliyligimiz, o‘zbekchiligimizdan kelib chiqqan holda ish tutish maqsadga muvofiqdir.
— Ijodingizda nima yangiliklar bor?
— O‘tgan yil “E’tirof et” deb nomlangan, hali tugatilmagan albomimning qoralama varianti tarqab ketdi. Salomatligim bilan bog‘liq muammolar sababli bu albomni tugatish bir yilga kechikdi — o‘sha paytda shifokorlar menga bir yil davomida qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘ygandi. Hozir “E’tirof et” deb nomlangan albomimni yozib tugatish arafasidamiz.
— Shifokorlar taqiqining sababi nima?
— Mendagi kasallik professional operachilarda uchraydi. Ya’ni, jonli qo‘shiq kuylaganda ortiqcha zo‘riqish, bor imkoniyatni ishga solish kerak bo‘ladi, buni o‘sha vaqtda sog‘ligim ko‘tarmas edi. Shu sababdan shifokorlar qo‘shiq aytishimni taqiqlab qo‘yishgan edi. Hozir hammasi yaxshi.
Manba: daryo.uz