Prezident Shavkat Mirziyoev Sergelida bunyod etilayotgan zamonaviy uylar bilan tanishdi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Prezident Shavkat Mirziyoev Sergelida bunyod etilayotgan zamonaviy uylar bilan tanishdi
- Дата релиза: 03-02-17, 19:41
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 3 fevral kuni Sergeli tumanida bunyod etilayotgan zamonaviy ko`p qavatli uy-joylar bilan tanishdi.
Sergeli tumanida 2016-2017 yillar rejasiga asosan 4284 xonadondan iborat 102 zamonaviy ko`p qavatli uy-joy qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yirik loyiha oilalarning turar joyga bo`lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. E`tiborlisi, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi, deb yozadi O`zA.
Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida ushbu uy-joyning 66 tasini foydalanishga topshirish ko`zda tutilgan. Shuningdek, ta`lim muassasalari, kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlari, aholiga maishiy xizmat ko`rsatish shahobchalari ham barpo etiladi.
Asosiy maqsadimiz odamlarga qulaylik yaratish, ularning turmush farovonligini yuksaltirish, dedi Prezidentimiz. Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat`iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo`ladi. Ertangi kunga ishonchi ortadi. Aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib bunday uylarni Toshkent shahrining 10 tumanida 10 tadan qurishni rejalashtirmoqdamiz.
Prezidentimiz mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarga mazkur inshootlarni bugungi kun talablariga to`la javob beradigan puxta loyihalar asosida qurish, ularni eng zamonaviy infratuzilmalar bilan ta`minlash bo`yicha zarur tavsiyalar berdi.