Главная » Futbol yangiliklari » Ravshan Ermatov: “Argentinaning menga salbiy munosabati haqidagi gaplar shunchaki mish-mish”
Ravshan Ermatov: “Argentinaning menga salbiy munosabati haqidagi gaplar shunchaki mish-mish”

Ravshan Ermatov: “Argentinaning menga salbiy munosabati haqidagi gaplar shunchaki mish-mish”

  • Категории: Futbol yangiliklari
  • Название: Ravshan Ermatov: “Argentinaning menga salbiy munosabati haqidagi gaplar shunchaki mish-mish”
  • Дата релиза: 07-08-14, 22:58
Ravshan Ermatov: “Argentinaning menga salbiy munosabati haqidagi gaplar shunchaki mish-mish”
Ravshan Ermatov Uz24.uz nashriga bergan intervyusida qanday qilib xalqaro darajadagi referiga aylangani, Maradonadan hakamlik uchun minnatdorlik izhori olgani, #IrmatovBest aksiyasidan ruhlangani va boshqalar haqida gapirib berdi.

Ermatov so‘zlariga ko‘ra, 2002-yilda O‘zbekistonda FIFA seminari bo‘lib o‘tgan, o‘shanda u kuzatuvchilar e’tiboriga tushib, FIFA hakamlari tarkibiga tavsiya qilingan. “2003-yilda yoshlar jahon chempionatida ishtirok etganimdan so‘ng, JCh instruktor-tashkilotchilari diqqatini tortdim”, — dedi u.

Shundan so‘ng 2007-yilda Shveysariyada JCh — 2010 uchun hakamlar tanloviga qatnashgan. “U yerda shotlandiyalik instruktor menga jahon chempionati arbitrligiga ko‘p ham umid qilmaslikni aytgan edi, — deb eslaydi Ermatov o‘sha paytlarni. — Biroq oradan uch yil o‘tib (jahon chempionati uchun hakamlar uch yil davomida tanlab olinadi), jahon chempionatiga boradigan hakamlar ro‘yxatidan o‘rin olganimni bildim”.
“Ermatov o‘zi kim? U qayerdan kelgan? O‘zbekiston qayerda o‘zi?”

2010-yilgi Jahon Chempionatidan avval biz to‘rt oy davomida tayyorlandik. FIFA tashkil qilgan seminarlarning barchasi tugagach, 6-iyun kuni butun hakamlik kengashi yig‘ildi. O‘shanda Afrika kengashi vakillari bizning brigadamiz ochilish uchrashuvini boshqarishini aytdi. Avvaliga hech kim bunga tushunmay, jimgina o‘tirdi, bu yangilikni uch marta takrorlashganidan so‘ng hamma o‘rnidan turib, bizni olqishlay boshladi.

Ertasi kuni ertalab press-attashe menga bir dasta gazeta keltirib berdi. Ularda bizga atalgan salbiy fikrlar bor edi. Maqolalar “Ermatov o‘zi kim? U qayerdan kelgan? O‘zbekiston qayerda o‘zi?” kabi savollar bilan to‘la edi. Matchda xatoga yo‘l qo‘ymasligim juda muhim edi. Keyinroq bizni turli o‘yinlarga belgilay boshlashdi va salbiy fikrlar asta-sekinlik bilan ijobiy tomonga o‘zgara boshladi.
“Robbenni simulyatsiyalar haqida ogohlantirgandim”

O‘yin davomida biz to‘pdan 10 metr masofada bo‘lishimiz kerak. Bir matchning o‘zida 18 kilometrgacha masofani yugurib o‘tamiz. Yurak soniyasiga 3 marta uradi. Mana shunday rejimda 90 daqiqa, ba’zan 120 daqiqa ishlaymiz. Bu 2000 kilokaloriyani sarflashimizni ta’minlaydi. Bu organizm uchun stressdir. Shu bilan birga, yugurayotgan paytimizda futbolchilarning barcha harakatlarini kuzatishimiz va soniyalar ichida qaror qabul qilishimiz kerak. Jamoalar o‘yinchilarini ham diqqat bilan o‘rganamiz.

O‘yindan ikki-uch kun oldin barcha matchlarni qayta ko‘rib chiqamiz va har bir o‘yinchining xatti-harakatlarini o‘rganamiz. So‘nggi paytlarda biz futbolchilar tomonidan ko‘plab simulyatsiyalarga guvoh bo‘layapmiz. Bu orada ta’kidlashim joiz, JCh — 2014’da Kosta-Rika va Gollandiya o‘yiniga tayinlanganimda, barcha matchlarni ko‘rib chiqib, Aren Robbenni eng xavfli o‘yinchi deb topdik.

Match oldidan men Robbenning yoniga bordim va uning dunyodagi eng namunali futbolchi ekanligini, barcha futbolchilar unga o‘xshashga intilishini aytdim. “Odamlar seni gollaring, mahoratli driblinging uchun yaxshi ko‘rishadi, simulyatsiyalaring uchun emas”, — dedim. Birinchi taymdan so‘ng Robben yonimga kelib simulyatsiya qilmoqchi bo‘lganini, biroq men undan ko‘z uzmaganimni aytib hazillashdi. Men kulib yubordim. Agar u o‘shanda simulyatsiya qilishga uringanida ikkinchi sariq kartochkani olardi va keyingi matchga qo‘yilmasdi.
“Bizning xatoyimiz tufayli golni hisoblashmadi”

2014-yilgi jahon chempionatida belgilangan offsayd tufayli gol hisobga olinmagan edi. Shveysariya — Ekvador o‘yinining 75-daqiqasida laynsmen bayroqni ko‘tarib, o‘yindan tashqari holat bo‘lganini e’lon qildi. Men o‘shanda Bahodirdan “Bunga aminmisan?” — deb so‘radim va ijobiy javob oldim.

Biz xatolik bo‘lganini xayolimizga ham keltirmasdan o‘yinni davom ettirdik. Match yakunlangach, norvegiyalik hakam biz xato qilganimizni aytdi. Baxtimizga, o‘yin durang natija bilan tugadi va bu jiddiy oqibatlarga olib kelmadi.
“Messi ogohlantirish olganidan so‘ng xatosini tushundi”

Hakam sifatida maydonga tushganingda, “yulduz”larning u yerda o‘ynashi haqida o‘ylamaysan. Bunda barcha teng bo‘lishi kerak. Albatta kim xavfli o‘ynayotgani, kim muammo keltirib chiqarishi mumkinligini xayolda tutish kerak. Biroq hakam uchun har bir matchda oq va qizil formalardagi ikkita jamoa o‘ynaydi xolos. Messi bilan ham xuddi shunday bo‘ldi.

Shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, u ingliz tilida gaplasha olmaydi, faqat ispanchani biladi. Men esa ispan tilida gapira olmayman. Shuning uchun unga xatoliklari haqida tushuntirib bera olmadim. Biroq u ogohlantirish olganidan so‘ng o‘z xatolarini tushundi.

Janubiy Afrika Respublikasida 2010-yilgi jahon chempionati taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, Ravshan Ermatov Argentina ishtirokidagi o‘yinlardan biri so‘ngida terma jamoaning o‘sha paytdagi murabbiyi Maradona maydonga tushib, hakamlik uchun minnatdorchilik tariqasida uning qo‘lini siqib qo‘yganini yodga oldi. “Buning Argentina mag‘lubiyatidan keyin sodir bo‘lganini ham hisobga olib, u bizning hakamligimizdan norozi bo‘lmaganini xulosa qilish mumkin, — dedi u. — Shunday ekan, Argentinaning brigadamizga nisbatan salbiy munosabati haqidagi mish-mishlar hech qanday asosga ega emas”.

Shuningdek, Ermatov #IrmatovBest aksiyasi haqida Braziliyada eshitib, boshi ko‘kka yetganini, kayfiyati ko‘tarilib, ruhlanganini ta’kidladi. “Braziliyada ham bu bilan qiziqib qolishdi va mendan mamlakatimizda ushbu aksiya bilan bog‘liq nimalar bo‘layotgani haqida so‘ray boshlashdi, — dedi u.— Ushbu aksiyada qatnashganlarning barchasiga minnatdorchilik bildirib qolaman!”
Логин:
Пароль: