Главная » Yangiliklar » Sabr bilan erishilgan qadr
Sabr bilan erishilgan qadr

Sabr bilan erishilgan qadr

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Sabr bilan erishilgan qadr
  • Дата релиза: 24-08-18, 00:23
Sabr bilan erishilgan qadr
Ayol qalbi guldan nozik, toshdan qattiq, deyishadi. Bu chin o`xshatish ekan. Qismat bitigiga yozilgan shunday holatlar bo`larkanki, o`zing sezmagan tarzda qalbing tosh bo`lib qolarkan.

So`zim avvalida ayollarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman: eringizning boshqa ayoldan farzandi borligini bilib qolsangiz nima qilasiz? Biroz kulgili va achchiq savol, to`g`rimi? Balki kimdir «Bundaylar tiqilib yotibdi-ku», der. Ammo eshitgan, ko`rgan boshqa ekan-u, his qilmoq boshqa ekan. Ha, chipqonning og`rig`ini tanasiga chiqqan odamgina tushunarkan.

Ko`zga ko`ringan tashkilotda rahbar bo`lib ishlab yurgan umr yo`ldoshim bir zumda ishidan kamomad chiqib, etti yilga ozodlikdan mahrum etildi. O`g`il-qizim bilan chirqillab qoldim. Tergov jarayonida uning yana bir xotini va kichiktoyim tengi o`g`li borligi ma`lum bo`ldi.

- Ishim ko`p, katta tashkilotda rahbarman, boshqa shaharga borib kelishim kerak, - degan gaplari bahona bo`lib, o`sha kunlari o`zga ayolning qolarkan. Bu qanchalik og`riqli! O`n kunga konferensiyaga ketyapman, deb o`sha bilan xorijda dam olib kelishgani qalbim oynasini butunlay chilparchin qildi. Na ota-onasini, na jigarlari, na meni olib bormagan xorijga o`sha fohisha bilan etaklshib borishini qanday qabul qilay?... Hech sezmaganmisiz, dersiz balki. Sezganman. Necha qayta onasiga gapirganman ham.

- Oyi, o`g`lingizning qadami bejo. O`rtaga olib gapiringlar, - desam, qaynonam ko`zlarini katta-katta ochib:

- Eganingiz oldingizda, emaganingiz ortingizda bo`lsa... Siz kiygan libosni uncha muncha ayol kiymasa... Uyalmaysizmi, shunday deyishga, Hilola. Bularning hammasi o`zidan o`zi bo`lmaydi, - degandi. Ha, xiyonatchi yorning ota-onasi meni noo`rin rashk qilishda ayblashgan. Ayol erining yurish-turishidan, o`zgarishidan payqaydi. Men ham his qildim, ammo isbotlay olmagandim. O`zidan ham necha qayta so`radim. Gaplarim yoqmay jerkib tashlardi.

- Senga nima kerak o`zi? Indamay eb-ichib o`tiraver... O`ta ehtiyotkor edi erim. Ammo ko`za kunda emas, kunida sinarkan. Uning qilmishlari ham g`alvir suvdan ko`tarilganda ayon bo`ldi.

Boshimni qayga urishni bilmay bo`zladim. Abgor holga tushgan turmush o`rtog`imni battar la`natlardim o`sha kez. Erimning jazmani bilan ko`rishib kelgan qaynonamdan ko`nglimdagi sanchiqlarni unutib, asta so`radim:

- Shunchalar chiroylimikan-a?

- Qayoqda, lo`liga o`xshaydi, - dedi qaynonam ko`zimga qarolmay. - O`g`lim bir adashdi-da, Hilolaxon. Erkakchilikda bo`lib turadi, - deb qo`shimcha qildi. Baribir bolasi ekanda...

- Bolasi-chi? - so`rayman chorasiz qolgan devonadek.

- O`g`li xudda Botirjonga o`xsharkan, - dedi-yu labini tishladi qaynonam. Ichimdan nimadir uzilganini his qildim. Befarzand bo`lganimizda ham tushunardim. O`g`li bor, qizi bor...

Bir ko`nglim bolalarimni olib otamnikiga ketib qol, deydi. Lekin akam bilan yangamning yonida boshimni egib yurgandan ko`ra, shu uyda boshini baland tutib yashashni afzal topdim. Onam sho`rlik «Sabrli bo`l», deyishdan nariga o`tmasdi. Qaynota-qaynonam o`zimga aytishmasa-da, nigohlaridan ketib qolishimdan cho`chishlarini sezardim. Nima ham qilardim. Osmon uzoq, er qattiq. Sabrdan panoh izlay boshladim. Xudoga kechalari tinmay nola qilib yig`lardim: «Hammasini engib o`tishimga kuch va sabr ber» deya. Yonimdagi bo`sh yostiqni ko`rganim sari xo`rligim kelardi. Avvaliga erimni ko`rgani qamoqxonaga bormasdim. Har gal borib kelgan onasi: «Qayta-qayta sizni so`rayapti. Kelasi gal boraqoling», derdi ko`zimga tikilib. Ammo javob bermasdim. Berolmasdim. Yuragimni qonga, zardobga to`ldirib ketgan odamning yoniga qanday boray? Shu kunga qadar yolg`onlar ichida yashaganim... farzandi bo`lmaganida ham kechirib ketishim mumkin edim. Ammo nima qilay kechirolmasam?..

- Biroz vaqt o`tsin, oyi. Keyinroq, - derdim har gal. Erim tinmay xat yozardi. Nomasida: «Meni kechir, Hilola. Senga qilgan xiyonatim uchun Xudo meni jazoladi. Shu erlarga keltirib qo`ydi», deb yozardi nuqul.

Bolalarim buvisi bilan borib otasini ko`rib kelishgan kuni, shunchalar quvonchga to`lib ketishardiki, «Aya, dadamni ko`rdik. Yaxshiykanlar, sizga salom dedilar», deyishardi biri qo`yib birisi... Hali maktabga chiqib ulgurmagan bolalarimning so`zlarini tinglagan kishi bo`laman. Ammo ko`nglim huvillab, egasiz qolgan vayronadek...

Baribir ko`z ochib ko`rganim ekan. Qaynonamning iltimoslari, volidamning so`zlari, eng muhimi, bolalarimning o`tinchlari uchun erimni ko`rishga bordim. Uch yil deganda uni ko`rdim. Uning quvonganini ko`zlari chaqnaganidan sezdim.

- Hilol, yaxshimisan, mensiz qiynalmayapsanmi? - deb so`rardi tinmay.

- Sizsiz qiynalmayapmanmi? Siz meni bu dunyoning do`zaxida yondiryapsiz? -dedim alam bilan. «Yomon gapirmagin, jon bolam», deb tayinlagandi onam sho`rlik. Men esa chidolmadim. Gapirmayman, ko`ramanu qaytaman, degan niyatda borgandim. Yuragim dosh bermadi. Zabonim chidolmadi. Ko`nglimdagi bor alamlarini chiqarib tashlashni istadi, go`yo...

- Meni kechir, - dedi u boshini egib. - Ahmoqlik qildim...

- Ahmoqlik... sizga nima etishmagandi? Shunchalar xunukmidim yo zaharmidim? Ko`nglingizga yo`l topishga harakat qilardim, ko`zingizga mo`ltirab turardim. Qachon meni... -gapirolmadim. Bo`g`zimga yosh tiqilib yig`lab yubordim. U esa quchishga urindi.

- Bo`ldi, Hilol kechirgin... – quchog`idan yulqinib chiqdim.

- Sizga aytish oson... Bu erga onangizning iltimosi, otangizning o`tinchi bilan keldim. Men endi ilgarigi Hilola emasman,- dedim nafrat bilan. - Sizdan nafratlanaman. Bolalarim uchungina ajrim talab qilmadim. Otasi qamalgan, degan gap ularning boshini egib qo`ygani etar. Ammo ilgarigi Hilolani topolmaysiz endi. Sizni kechirolmayman!...

Juftimning yonidan qaytarkanman, o`tgan kunlarim tasmadek ko`z oldimda aylanardi. Qachon va qaerda yanglishganimni, uni o`zimdan sovitganimni bilolmay hayron edim. Uning oyog`i ostida tuproqdek bo`lishga tayyor turganman. Ammo tuproqni bejiz bosib o`tishmas ekan. Erim ham meni bosib, yanchib o`tib ketdi. Ko`z yoshimni bir zum bo`lsa-da, to`xtatolmasdim. Ichimdagi alamlarni to`kib-sochganim bilan engil tortolmadim. Bu shu qadar og`ir yuk ekanki...

Erim yana tinmay xat yozardi. Bir kuni opasiga yozgan xati qo`limga tushib qoldi. Qaynopam uni onasiga o`qitgani olib kelgan chog`i...

«Dilor, nima qilishga boshim qotgan. Hilolaning ko`zidagi nafratni ko`rib, o`zimdan uyaldim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Ammo Gulxumor ham kelib ketdi. «Bu erdan chiqsangiz yana birga yashaymiz», deyapti. «Yo`q, men o`z oilam bilan qolaman», dedim. «Nega endi? Bolani tug`dirdingiz, uni boqish ham bo`yningizda», dedi. Hilolaga sezdirib qo`ymanglar. Yana Gulxumor kelib to`palon qilib yurmasin. «Agar pulni jo`natishmasa elu xalq ichida sharmandangni chiqaraman», dedi. Boshim qotgan. Iltimos, hammasini o`zing nazorat qilgin. Oyimga yotig`i bilan tushuntir...»

Bunisi hammasidan o`tib tushdi. Bu gaplar elu xalqqa ovoza bo`lmagandi. Demak, o`g`lining aybini yashirish uchun qaynonam o`sha ayolga har oyda pul berib turakan-da... Qanchalar tubanlik. Albatta, u ayol haq! Tug`dirishni bilgan boqishni ham eplashi kerak-da, degan o`y o`tdi xayolimdan. Biroq na qaynopamga, na qaynonamga biror so`z demadim. Bu qismatim uchun ular aybdor emas-ku, axir...

Farzandlarimning otasi hukumatning amnistiya qarori sabab muddatidan avval ozod etildi. Bu paytda sevimli rafiqalar shodligidan er-u ko`kka sig`ishmaydi. Biroq mening ko`nglimdagi xavotir va hadik yanada kuchaydi. Xayolan o`sha ayolni uyimga kirib kelishi haqidagi tasavvur qilardim.

Umr yo`ldoshim xonadonimizga qaytgan kun bayram bo`ldi, go`yo. Qaynota-qaynonam, bolajonlarimning ko`zlarida quvonch porlardi. Birgina men... mahzun edim. Xayolimni bir savol aylanardi: «Endi nima bo`ladi?» To`g`ri, xiyonatga uchragan faqat men emasman. Aksariyat ayollarning ko`ngil og`rig`i bu. Ammo nima qilayki, vafosizlikni bir onga ham yodimdan chiqarolmasdim...

Tun borliqni o`z zabtiga olgan mahal erim bilan yotoqxonada yolg`iz qoldik. Men gaplashishni ham istamasdim. U esa aksincha...

- Qamoqdan qaytganim senga yoqmadi-ya, - deb so`radi, Botir aka asta yonimga cho`kib. Indamadim. - Meni kechir, Hilola, - deya qo`limdan tutishga urindi. Qo`limni tortib oldim.

- Endi nima bo`ladi? - so`radim hissiz, sovuq ohangda.

- Hammasi yaxshi bo`ladi, mana ko`rasan... - yupatdi erim.

- Bolasichi? O`g`lingiz... axir go`dakda ayb yo`q... - so`zlarimdan boshini xam qilgancha chuqur xo`rsindi. - Ikkimiz bilan ham yashayverasizmi?

- Yo`q! -javob tezda qaytarildi. - U bilan yashamayman. Ammo bu yog`iga nima qilishni o`zim ham bilmayman... - gaplaridan chorasiz va pushaymon ekanligini anglash qiyin emasdi.

Hamma narsaning davosi - vaqt deganlar, rost aytishgan ekan. Vaqt o`tib jamiki savolarga javob, jumboqlarga echim topilarkan.

Qonuniy nikoh bo`lmagani uchun Gulxumor erimdan ortiqcha narsa talab qilolmadi. Ammo bolasi uchun har oy pul yuborib turishga kelishdi. Harqalay, bevafogina yorim menga u bilan ko`rishmaganini tez-tez takrorlardi.

Yaratganning yozmishini qarangki, erim Gulxumorni boshqa erkak bilan ko`ngilxushlik qilayotganini ko`rib qolibdi. Jahli chiqib, bolasi haqida so`ragan Botir akaga «Nima ishingiz bor?» deya javob qilibdi. Eng qizig`i bola erimniki emas ekan!

Bu haqda batafsil to`xtalmoqchi emasman, ammo eshitib g`alati ahvolga tushganim rost. Na qayg`urishni, na quvonishni bilaman. Haqiqat baribir bir kun yuzaga chiqarkan. Ammo darz ketgan ko`ngilni qayta butlab bo`lmas ekan. Hozir Botir akam atrofimda parvona, ko`nglimga qaraydi, lekin...

Aziz ayollar, yor xiyonatiga duch kelgan bo`lsangiz, Yaratgandan o`zingizga bardosh tilang. Farzandlar bekamu ko`st bo`lishi uchun sabrdan libos kiyib yashashga to`g`ri kelarkan. Bolajoningizning otasiz mungli qalbi, g`amgin nigohi yonida sizning iztiroblaringiz hech narsa emas. Muhimi, oila buzilmasin. Mana ko`rasiz, hammasi o`z iziga tushadi. Faqat chidamli bo`la olish kerak ekan...

Hilolaning so`zlarini Sayyora ABDULAZIZ oqqa ko`chirdi.
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: