Samarqand viloyatida 18 kasb-hunar kolleji foydalanishga topshiriladi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Samarqand viloyatida 18 kasb-hunar kolleji foydalanishga topshiriladi
- Дата релиза: 18-08-14, 02:11
Hozirga kunda Samarqand viloyatida qurilish-pudrat tashkilotlari soni 1300 dan ortadi. Demak, shuncha qurilish tashkilotiga ehtiyoj, yumush bor, deb qayd etdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Mustaqillik yillarida viloyatda 130 qishloq vrachlik punkti, oltita sog‘liqni saqlash obyekti qurilib, 14 markaziy shifoxona rekonstruksiya qilindi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi asosida amalga oshirilgan islohotlar tufayli 61 yangi maktab barpo etildi, 480 tasida rekonstruksiya, 330 tasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yuzdan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qad rostladi.
Samarqand shahrida keyingi yillarda ellikka yaqin ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Ayni paytda 16 ana shunday zamonaviy uyda qurilish ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan besh yil davomida viloyatning 53 qishloq massivida 3355 uy-joy qurilib, o‘z egalariga topshirildi. Joriy yilda 1127 yangi uyda qurilish ishlari qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston mustaqilligining yigirma uch yillik bayrami arafasida aholining ko‘pchiligi yangi uylarga ko‘chib o‘tadi.
2014-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, bu yil Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun 1 trillion 584 milliard so‘mlik kapital mablag‘ o‘zlashtirilishi belgilangan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 172 ijtimoiy soha inshooti barpo etilmoqda.
Ishtixon, Payariq, Narpay, Urgut, Tayloq tumanlari tibbiyot birlashmalariga qarashli binolarda rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Mustaqillik kuni arafasida viloyatda 52 umumta’lim maktabi, 18 kasb-hunar kolleji, 12 sog‘liqni saqlash obyekti, 17 bolalar sporti obyekti foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, xalqaro va mahalliy ahamiyatdagi, xo‘jaliklararo yo‘llarni ta’mirlash maqsadida ham bir necha loyiha amalga oshirilmoqda.