Toshkentda “Yoshlik bahori” festivalining gala-konserti o‘tkazildi
- Категории: Yangiliklar
- Название: Toshkentda “Yoshlik bahori” festivalining gala-konserti o‘tkazildi
- Дата релиза: 20-05-14, 14:13
Toshkentdagi "Turkiston” saroyining yozgi maydonida "Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari va simfonik musiqa festivalining gala-konserti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
2014-yildan "Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari va simfonik musiqa festivali keng ko‘lamli musiqiy-madaniy tadbirlar qatoridan joy oldi. "Sog‘lom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq o‘tkazilgan ushbu festival O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etildi.
Festivalning joriy yil mart—aprel oylarida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida 50 dan ziyod xor guruhlari va yakkaxon opera ijrochilari ishtirok etdi. Ulardan yigirma nafardan ortig‘i yakuniy gala-konsertda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 90 nafar iste’dodli yosh musiqachi saralab olinib, O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri tarkibiga kiritildi. Aynan ushbu yosh iste’dod sohiblari festivalning birinchi gala-konsertini muvaffaqiyat bilan o‘tkazib, milliy va jahon opera san’atining eng yaxshi asarlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola qildi.
– Opera asarlari yaratgan bastakorlarning mashaqqatli mehnati tahsinga loyiqdir, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov. – Shu bilan birga, asarni ijro etadigan san’atkordan ham katta mahorat talab etiladi. Asar mahorat bilan ijro etilsagina uning asosiy g‘oyasini tinglovchi qalbiga yetkazish mumkin. Gala-konsert mamlakatimizda iqtidorli yoshlar ko‘pligini, opera san’ati esa jadal rivojlanib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Ishtirokchilar nafaqat milliy, balki xalqaro tanlov va mukofotlar g‘olib hamda sovrindorlari ekani tadbirning nufuzini yanada oshirdi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri yakkaxon ijrochilari Ramiz Usmonov va Samandar Aliyev ham bor. Yosh ijrochilarning milliy va xalqaro opera san’ati an’analarini boyitish hamda munosib davom ettirishga qo‘shgan hissasi nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy davlatlarda ham e’tirof etilgan. 2011-yilda Competizione dell’Opera xalqaro xonandalar tanlovida 150 nafardan ziyod ishtirokchi orasida birinchi o‘rinni egallagan Rahim Mirzakamolov, "Nihol” mukofoti sovrindori, 2013-yilda o‘tkazilgan "Romansiada” xalqaro xonandalar tanlovi g‘olibi Umid Isroilovning ijrosi opera ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.
Festivalning kichik yoshli ishtirokchilari ham tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Masalan, italiyalik kompozitor D. Kachchinining "Ave Mariya” kompozitsiyasini ijro etgan V. Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi xor jamoasining chiqishi barchaga manzur bo‘ldi.