Savol-javob: “53-xatolik” nima va u iPhone 6 ni “o‘ldiradimi”?
- Категории: Yangiliklar
- Название: Savol-javob: “53-xatolik” nima va u iPhone 6 ni “o‘ldiradimi”?
- Дата релиза: 10-02-16, 16:04
1. Nima bo‘ldi?
Apple kompaniyasi iPhone 6 smartfonini ishlamaydigan qilib qo‘yadigan “53-xatolik”ning mavjudligini The Guardian nashriga tasdiqladi. Shunday xatolik yuz bergan taqdirda, foydalanuvchining qo‘lidagi mobil telefon “g‘isht”ga aylanadi, deb yozadi Meduza. Smartfon egasi qurilmadagi hech bir axborot — fotosuratlar, videoroliklar, hujjatlardan foydalana olmaydi. Bunday iPhone’ni sozlab bo‘lmaydi, faqat yangisini sotib olish mumkin.
2. Nima sababdan bunday xatolik yuz beradi?
Muammo Home tugmasida joylashgan TouchID sensori — barmoq izi skaneri bilan bog‘liqligi ma’lum. Agar telefon egasi singan ekranni norasmiy ustaxonada almashtirsa yoki aynan sensorli tugmani boshqasiga o‘zgartirsa, iOS mobil operatsion tizimining keyingi yangilanishi (update) vaqtida qurilma “53-xatolik”ni chiqaradi. Agar ekran Apple’ning ruxsatnomasiga ega ustaxonada almashtirilsa, iOS yangilanganidan keyin ham muammo yuz bermaydi, lekin xizmat haqi sezilarli qimmatga tushadi.
3. Apple shu yo‘l bilan ziqna mijozlarini jazolayaptimi?
Ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi. Kompaniya vakillarining tushuntirishicha, bu xatolik qurilma xavfsizligini ta’minlash istagi bilan bog‘liq. iPhone 6 smartfonlarida har bir TouchID sensori haqidagi ma’lumot barmoq izi haqidagi aniq bir axborot ombori bilan bog‘langan. Operatsion tizim yangilangan (update qilingan) vaqtda mazkur juftlik o‘zaro mutanosiblik uchun tekshiriladi. Agar TouchID sensori almashtirilgan bo‘lsa, nosozlik yuz beradi va telefon to‘liq bloklanib qoladi. Rasmiy servis-markazlar esa TouchID’ni almashtirish vaqtida sensorni barmoq izi haqidagi axborot ombori bilan qaytadan bog‘laydi, shu sababli operatsion tizimning keyingi yangilanishi soz o‘tadi.
4. Bu muammo faqat iPhone 6 ga taalluqlimi?
Yo‘q. iPhone 6 Plus va nisbatan yangi, zamonaviy iPhone 6s va iPhone 6s Plus egalari ham “53-xatolik”dan shikoyat qilishi mumkin.
5. Agar telefonga hech narsa qilmasa, xavotirlanmasa ham bo‘ladimi?
Afsuski, bunday emas. “53-xatolik” haqida birinchilardan bo‘lib ma’lum qilganlardan biri (2015-yil, aprel) telefoni ekranini sindirib olmagandi, Home tugmasini ham almashtirmagandi — uning ayfonini ta’mirlashga zarurat bo‘lmagan. Shunga qaramay, operatsion tizimning navbatdagi yangilanishidan so‘ng uning “aqlli telefoni” oddiy “g‘isht”ga aylangan-qolgan. Apple bu foydalanuvchining qurilmasiga nima bo‘lganini tushuntirib o‘tirmagan.
6. Agar xatolikni to‘g‘rilab bo‘lmasa, unda nima qilishim kerak?
iOS yangilanishi arafasida fotosuratlar, hujjatlar va boshqa muhim fayllarni arxiv nusxalarini tayyorlab qo‘ying. Agar smartfon ekranini norasmiy servis-markazda ta’mirlatgan bo‘lsangiz, operatsion tizimni yangilamang. “53-xatolik” yuz bergan taqdirda Apple’ning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling.