Главная » Yangiliklar » Toshkentda “Humo” ko`p tarmoqli muz saroyi qurilishi boshlandi
Toshkentda “Humo” ko`p tarmoqli muz saroyi qurilishi boshlandi

Toshkentda “Humo” ko`p tarmoqli muz saroyi qurilishi boshlandi

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Toshkentda “Humo” ko`p tarmoqli muz saroyi qurilishi boshlandi
  • Дата релиза: 07-02-17, 18:37
Toshkentda “Humo” ko`p tarmoqli muz saroyi qurilishi boshlandi
Respublikamizda bolalar va yoshlar sportini, jumladan, sportning qishki turlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyog`och ko`chalari kesishuvidagi 9 ga hududda ko`p tarmoqli “Humo” muz saroyi qurilishi boshlandi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu noyob loyiha O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasining ijtimoiy tashabbusi hisoblanadi.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish Harakat strategiyasida qayd etilganidek, yoshlar siyosatini takomillashtirish yo`nalishlaridan biri “yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo`llab-quvvatlash, bolalar va yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish”ga qaratilgan. Ekspertlarning fikricha, poytaxtimizda barpo etilayotgan ushbu majmua mamlakatda sportni yanada rivojlantirish ishida qudratli lokomotiv bo`lishi kutilmoqda.

12 ming kishilik tribunaga ega ko`p funksional saroy hududida muz arenasi, mashg`ulotlar o`tkaziladigan maydon, o`quv-ko`ngilochar bolalar xiyoboni, oilaviy ko`ngilochar markazlar, amfiteatr, favvorali xushmanzara bog`lar, restoran va rekrasion zonalar, bog` va sayilgoh, zamonaviy parking va boshqa ko`plab inshootlar joylashadi. Ularda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun ham barcha sharoitlar yaratiladi.

Mazkur majmua dunyodagi etakchi arxitektorlik byurolaridan biri bo`lgan va 2018 yilda Koreya Respublikasining Ponchang shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan qishki Olimpiya o`yinlari uchun xam barcha olimpiya ob`ektlarni loyihalashtirgan byuroning eksklyuziv loyihasi bo`yicha, arxitektura va dizayn sohasidagi eng zamonaviy tendensiyalardan foydalangan xolda, halqaro sport federasiyalarining oliy darajadagi musobaqalar o`tkazish bo`yicha standart va talablarga muvofiq quriladi. Muz saroyi dizaynida zamonaviy qurilish echimlari va ilg`or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg`unlashib ketadi, jumladan inshootning me`moriy g`oyasidan muhabbat, baxt va xurlik ramzi bo`lgan Humo qushi o`rin olgan.

Majmuada o`lchamlari 60x30 metr bo`lgan ikkita - asosiy va mashq muz arenalari rejalashtirilgan bo`lib, bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, bino 4 qavatdan iborat bo`lib, balandligi 36 metrni tashkil etadi. Muz saroyi 12,5 ming o`tirish joylariga ega bo`lib, konsert zali sifatida 10 ming, sport musobaqalar o`tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo`ljallangan. Asosiy binoda 300 o`rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan. Majmua hududida shuningdek, sport muzeyi, bolalar uchun yopiq o`yingox, trenajer zallari, fitnes markazi, zamonaviy tipdagi umumovqatlanish shahobchalari, sport anjomlar do`koni va boshqa xizmat ko`rsatish ob`ektlari joylashtiriladi.

Inshoot atrofi zamonaviy landshaft arxitekturasi usullaridan foydalangan xolda obodonlashtiriladi va aholiga qulay bo`lgan madaniy xordiq chiqarish uchun maydonchalar va bog`lar barpo etiladi. Velosipedlar va roliklarda uchish uchun alohida yo`qlakchalar qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari bino yonida 2000 ta avtomobillar uchun mo`ljallangan 4 qavatdan iborat avtoturargoh qurilish ishlari rejalashtirilgan. Arenada xokkey matchlari, short-trek, figurali uchish, kyorling bo`yicha musobaqalar bilan bir qatorda basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa sport turlari bo`yicha bellashuvlar o`tkazish imkoniyati bor.

Bundan tashqari majmuada umumxalq bayramlari, konsertlar, ko`rgazma va forumlar o`tkazish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Inshootda dunyo formatidagi eng yangi multimedia tizimi, sport tadbirlari o`tkazish maqsadida sharhlovchilar uchun zamonaviy mahsus xonalar, ommaviy axborot vositalarining tezkor ishlashi uchun matbuot markazlari tashkil etish ham rejalashtirilgan. Loyiha ommaviy sport va madaniy tadbirlar o`tkaziladigan va doimiy ravishda ko`p sonli muxlislar bo`ladigan inshootlarga qo`yiladigan barcha xavfsizlik talablariga to`la javob beradi.

Shuni ta`kidlash joizki, bunday majmua qurilishi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvidagi ma`ruzasida tilga olingan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan shaharda yangi yopiq suv havzalari va sport zallari bunyod etilishi, sport o`yinlariga ixtisoslashgan zamonaviy universal sport majmuasi qurilishi qayd etilgan edi. Loyiha oilaviy hordiq chiqarishni ta`minlashga innovasion yondoshuvni taqdim etadi va unda oilaning barcha a`zolari foydali dam olishi hisobga olingan.

Majmuaning sport maydonchalarida yirik tadbirlar o`tkazilishidan tashqari, bolalar va yoshlar xokkey jamoalari va yosh figurachilar mashg`ulot o`tkazadilar. Shuningdek, jahon va Evropa darajasidagi turli chempionatlar sovrindorlari bo`lgan professional-murabbiylar jamoasi rahbarligidagi seksiyalar faoliyat olib boradi. Farzandlari bilan kelgan ota-onalarga salomatlik uchun foydali va mamnuniyat bilan vaqt o`tkazishi mumkin bo`lgan universal sport klublari tashkil etiladi.

Bir so`z bilan aytganda, O`zbekiston uchun eksklyuziv loyiha bo`lgan yangi ko`p funksional muz saroyi bugunning o`zida nafaqat katta megapolisnnig, balki dunyo miqyosidagi eng yaxshi sport-madaniy markazlaridan biri bo`lish uchun jiddiy talablar bilan chiqmoqda. Ob`ekt 2018 yilning 31 dekabr kuniga qadar ishga tushirilishi mo`ljallangan.
Логин:
Пароль: