Главная » Yangiliklar » ​Umid Iskandarov sevishganlar rolidan charchadi!​
​Umid Iskandarov sevishganlar rolidan charchadi!​

​Umid Iskandarov sevishganlar rolidan charchadi!​

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: ​Umid Iskandarov sevishganlar rolidan charchadi!​
  • Дата релиза: 31-03-18, 14:45
​Umid Iskandarov sevishganlar rolidan charchadi!​
Bugungi aktyor Umid Iskandarovni savolga tutmaymiz, aksincha aktyor o`zi haqidagi fikrlarni o`zi bayon etadi.

Ustoz.

Faqat ta`lim bergan yoki biror-bir kasbga o`rgatgan insonlarni ustoz, deyish noto`g`ri menimcha. Men har kuni uchratadigan, bilib-bilmay menga o`rnak bo`lganlarni ham ustoz deb tan olaman. Haqiqiy ustozlar hayotda tanlagan yo`nalishimizni aniqlashga yordam berishadi. Bu ro`yxatning birinchi qatorida oliygohdagi Eduard Davidov, Mahkam Muhammedovlar o`rin olgan. Ular menga san`at haqidagi tushunchalarni singdirib, qiziqishimni orttirishgan. Bundan tashqari, ukam Muhammadali Iskandarov va buvimdan ham ko`p maslahat olaman.

Kino va teatr.

Teatrda faoliyat olib borish haqida ko`p o`ylaganman. Faqat buning uchun avvalambor har bir ishni to`g`ri taqsimlay bilish kerak. Kun tartibim rejaga solinmagan. Kunduzi 2-3 gacha uxlab, keyin tuni bilan tasvirga olish ishlari, ijod bilan band bo`laman. Bunday rejimda teatrda ishlay olmasligim aniq. Lekin teatrda rol ijro etib, tomoshabinlar bilan jonli muloqotda ishlashni orzu qilaman. Bu maskanga, u erda faoliyat yuritadigan ustozlarga mehrim boshqacha.

Kutilmagan tanaffus.

Shunday vaqtlar bo`ldiki, menga taklif qilingan barcha rollarni o`ylab o`tirmasdan qabul qildim. Ammo bir xillikdan qochish vaqt keldi. Bu gapim bilan kinoijodkorlarni qoralash, ijodlariga past nazar bilan qarash niyatim yo`q. Biroq o`zimni tarixiy, kinomatografiyamizda yangilik bo`la oladigan janrdagi filmlarda ko`rgim kelyapti. Sevishganlarning rolidan juda charchadim. Umid Iskandarov zamon qahramoni rollarini ijro etadigan vaqt keldi, deb hisoblayman. Lekin shunday bo`lsa ham, bekorchi bo`lib qolmaslik uchun bir-ikki filmlarda rollarim bor.

Muammolar.

Bu hayotda muammosiz yashab bo`lmaydi. Bugun meni qiynayotgan tashvishlardan biri bu kam xarajat qilib, yaxshi kinoasar suratga olish. Dunyoda shunday kartinalar borki, ularning xarajati juda kam, biroq, eng kassabop kinoga aylangan. Shu o`rinda, Muhammadali rejissyorligida suratga olinayotgan yangi loyihani aytib o`tmoqchiman. “Afg`onda qolgan...” filmining voqealari orqali 80-yillarning dolzarb masalalari bugungi kunimizga ham ta`sir etayotganini ko`rishingiz mumkin.

Do`stlar.

Ko`pincha san`atkorni faqat san`atkor tushunadi, degan gapni eshitaman. To`g`ri, ba`zi masalalarda hamkasblarning til topishishi oson. Lekin chin do`st bo`lishda kasbning hech qanday o`rni yo`q. Masalan, mening yaqin do`stlarimdan biri ichki ishlar xodimi — Muzaffar. U bilan bir-birimizni tushunish uchun yarim so`zning o`zi kifoya. Lekin barchadan afzal ko`radigan insonim, bu — ukam. U bilan har qanday vaziyatda bir-birimizni qo`llab-quvvatlab turamiz.

Xobbi.

Bolaligimdan mashinalarga, ularning tuzilishiga yangi chiqqan modellariga juda qiziqaman. Orada tashvishlar bilan bo`lib bu xobbimni biroz unutgan edim. Ammo endi o`sha qiziqishim yana ortib boryapti. Bo`sh vaqtim bo`lishi bilan mashinalar haqidagi ko`rsatuvlarni mazza qilib tomosha qilyapman.

Og`zi kuygan...

Bilasizmi, shu kungacha shaxsiy hayotim bilan bog`liq barcha savollarga javob berib kelganman. Ammo bugun tushunib etdimki, san`atkorning shaxsiy hayoti doim sir bo`lib qolishi kerak ekan. Chunki, so`nggi paytlarda oilam bilan bog`liq bo`lar-bo`lmas gap-so`zlar tarqaldi. Bu juda yoqimsiz holat. Shuning uchun oilam haqidagi har qanday savollarni ochiq qoldiryapman. “Og`zi kuygan, qattiqni ham puflab ichadi” deyishadi-ku... Nafaqat rafiqam, balki ota-onam haqida ham gapirmayman.

Aliya SULAYMANOVA
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: