Главная » Yangiliklar » Umidaxon kelinlik davri va hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida
Umidaxon kelinlik davri va hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida

Umidaxon kelinlik davri va hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Umidaxon kelinlik davri va hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida
  • Дата релиза: 24-12-18, 21:55
Umidaxon kelinlik davri va hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida
O`zbek estradasining sho`x – shaddod xonandasi – Umidaxon farzand kutayapti! Ona bo`lish arafasidagi san`atkor bilan uchrashib, hayotidagi yaxshi yangiliklar haqida suhbatlashdik.

— Umidaxon, kelinlik vazifalariga ko`nikib qoldingizmi?

— Asta – sekin ko`nikyapman. Turmush qurgach bildim: ayol san`atkorlarga oila va ijodni birdek olib borish qiyin bo`larkan.Avvallari faqat ijod bilan band bo`lganim uchun ro`zg`or ishlariga u qadar e`tibor bermasdim. Ancha qo`lim chiqib qolgan ekan. Lekin boshga tushgandan keyin bajarmaslikning iloji yo`q (kuladi). Hozir yugurib – elib uy ishlari, ro`zg`or, kelinlik vazifalariga ulgurayapman.

— Erta turib, ko`cha – hovli supurishga qiynalmadingizmi?

— Ochig`i, qiyin bo`ldi. Tong yorishmasidan uyg`onib, ko`cha – hovli supurish, dasturxon tuzash oson emas ekan. Turmushga chiqqach, qizlik uyingizdagi kabi bemalol uxlay olmaskansiz. Kelinlik mas`uliyati kuchli bo`larkan.

— Hademay ona bo`lasiz. Homiladorlik qanday o`tayapti?

— Kelinoyimlarda homiladorlikning qanday kechishini ko`p kuzatganman. Bu menga juda qiziq tuyilardi. Yaratgan bizdan marhamatini darig` tutmadi, O`ZI ga shukur. Dastlabki oylarda biroz qiynaldim. Hozir hammasi yaxshi, bezovtaliklar yo`q. O`zimni yaxshi his qilayotganim uchun tadbirlar, to`y xizmatlariga borib turibman.

— Tug`ilajak farzandingiz qiz bo`lishini xohlaysizmi yoki o`g`il?

— Qiz bo`ladimi yoki o`g`il to`rt muchasi sog`lom dunyoga kelsin. Men uchun asosiysi shu. Turmush o`rtog`im esa qiz tug`ilishini xohlayaptilar.

— Farzand kutayotganingizni turmush o`rtog`ingizga qanday aytdingiz?

— Homiladorligimni Qurbon hayiti arafasida bildim. Yangilikni esa ayni bayram kuni ma`lum qildim. Turmush o`rtog`im behad quvondilar.

— Tinib – tinchimas Umidaxon tug`ruqdan so`ng ta`til oladimi?

— Ha, onalik ta`tiliga chiqaman. Tug`ruqdan so`ng qirq kun chilla saqlanadi. Bu paytda chaqaloqqa alohida e`tibor kerak. Qolaversa, ko`zi yorigan ayol ham parvarishga muhtoj bo`ladi. Nasib qilsa, tug`ilajak farzandimni o`zim parvarishlayman.

— Niyatingizga eting! Turmushga chikqqaningizdan so`ng ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlashgandek bo`ldingiz?..

— Qaynota – qaynona xizmati, kelinlik vazifalari alohida e`tiborni talab qiladi. Oilaviy hayotga moslashish uchun virtual olamdan biroz uzoqlashgan edim. Hozir muxlislar bilan muloqotni tiklayapman. Ijodimga so`nggi yangiliklarni instagramdagi sahifamga joylab borayapman.

— Keyingi paytlarda xonanda Nilufar Usmonova bilan yaqin bo`lib qoldingiz...

— Nima demoqchiligingizni tushundim. Nilufar opa bilan avvaldan munosabatlarimiz yaxshi. Meni ko`rsa «Seni o`zim kelin qilaman», derdi. Turmush o`rtog`imnio`z ukasidek ko`radi. Nasib qilgan ekan, opa – singil bo`ldik. Nilufar opani nafaqat xonanda balki inson sifatida ham hurmat qilaman.

— Dugonangiz Ziyodaning «Shaxnozalar» qo`shig`ini qayta kuylagani ko`p tanqid qilindi. Siz nima deysiz?

— Ziyodaning ijrosi menga yoqdi. San`atkor yangilik qilib turishi kerak, deb o`ylayman.

— O`zingiz ham milliy yo`nalishdagi taronalarni ijro qilardingiz. Nega kuylamay qo`ydingiz?

— To`g`ri, ayni yo`nalishda taxsil ham olganman. Lekin san`atda yangilik va o`zgarishlar bo`lishi muhim. Shuning uchun milliy va zamonaviy yo`nalishni teng olib borishga harakat qilayapman.

— Yangi yil bayramiga rejalaringiz...

— Bu yilgi bayram men uchun o`zgacha bo`lishi aniq. Negaki uni qaynota – qaynonam, turmush o`rtog`im va oila a`zolarim bilan birga kutib olamiz. O`tib borayotgan yil men uchun quvonchli voqealarga boy bo`ldi. Kirib kelayotgan yil barchaga xursandchilik, baxt, omad olib kelishini niyat qilib qolaman.

— Umidaxon, suhbat uchun rahmat! Tug`ilajak farzandingizni eson – omon bag`ringizga olish nasib qilsin.

— Aytganingiz kelsin.

Aliya suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: