Главная » Yangiliklar » Xayr 2018, salom, Yangi 2019 yil!
Xayr 2018, salom, Yangi 2019 yil!

Xayr 2018, salom, Yangi 2019 yil!

  • Категории: Yangiliklar
  • Название: Xayr 2018, salom, Yangi 2019 yil!
  • Дата релиза: 30-12-18, 00:22
Xayr 2018, salom, Yangi 2019 yil!
Mana, mezbon yilni kuzatib, mehmon yilni qarshi olish vaqti keldi. Yaxshi-yomon kunlar, turli sinovlaru mukofotlar bilan har birimizni “siylagan” it yili o`z o`rnini navbatdagi muchalga bo`shatib bermoqda. 12 yil o`tib, yana yuz ko`rishayotganimiz tillarang to`ng`iz 2019 yilga to`g`ri keldi. Keling, uni munosib qarshi olaylik. Toki butun yil biz va oilamiz uchun omadli va barakali o`tsin.

Qanday kutib olamiz?

Muchal sohibidan kelib chiqqan holda archa bezatishda sariq, yashil, jigar va tillarangli bezagu o`yinchoqlardan ko`proq foydalangan ma`qul. Egningizdagi libosda ham shu ranglar oz bo`lsa-da, aks etsa, yanada yaxshi.

Bayram dasturxoni chiroyli bo`lishiga harakat qiling. Chunki «to`ng`iz» to`kin-sonchinlik, boylikni xush ko`radi. Ayniqsa, tovuq go`shtidan tayyorlangan taomlar dasturxoningiz ko`rkiga aylanishi mumkin.

Va eng muhimi, bu — ushbu jonivorga xos bo`lgan quvnoqlik va xushchaqchaqlikni qo`ldan boy bermaslikdir. Bayram dasturxoni atrofida hukm suradigan samimiylik, shodlik va chinakam mehr-muhabbat butun yil mobaynida oila a`zolaringizni tark etmaydi.

To`ng`iz yili kirib kelishidan avval barcha cheti uchgan, darz ketgan idish-tovoqlardan qutuling. Negaki ular ortiqcha xarajat, moliyaviy muammolarga sabab bo`ladi deyishadi.

Urfdagi uslub

Dizaynerlar fikricha, 2019 yilda keng bichimli liboslar, yirik fonar-englar, fatindan tikilgan shishirilgan yubkalar urfda bo`ladi.

Stilistlar esa sizni yanada yorqin bo`lishga va yangicha obrazlarni o`zingizda sinab ko`rishdan cho`chimaslikka chorlamoqda.

Makiyaj borasida yanagi yilda ko`zlarga ko`proq urg`u berilishi taxmin qilinmoqda. Tasavvur qilib ko`ring-a, tillarang suyuq qalamdan tortib pushti, sariq tenlar “byuti-trend” ga chiqadi.

Kimga qanday sovg`a olamiz?

Sovg`asevar bolajonlar qorbobodan ajoyib tuhfa kutayotganlari aniq. Ularning istaklarini amalga oshirish sizning zimmangizda. Umuman olib qaraganda, shirintoylarimizga xarid qilishimiz mumkin bo`lgan sovg`alar xilma-xil. Shirinliklardan tortib o`yinchoqlargacha, farzandingizning maxsus buyurtmalaridan tortib multqahramon libosigacha. Shu bois ham ular ichidan birini tanlash nihoyatda mushkul.

Tanlovda adashib qolishni istamasangiz, sinovdan o`tgan brendlar, ya`niki, ishlab chiqaruvchilarning yangicha fantaziyalariga tayaning.

Ayni kunlarda savdo do`konlarida bolalar uchun bayramona to`plamlarning turli-tumanlari sotuvga qo`yilgan. Raketa va avtobus shaklidagi to`plamlar, mevali va qandli archalar ular orasida ajralib turadi.

“O`zim boplayman!”

Shuningdek, siz bayramona qutining o`zini xarid qilgan holda uni farzandingiz yaxshi ko`radigan va u uchun foydali, deb hisoblaydigan mahsulotlar bilan to`ldirishingiz mumkin. Agar siz faoliyat ko`rsatayotgan tashkilotdan bolalar uchun bayram sovg`alarini taqdim qilishsa, nur ustiga nur.

Boshqalarga-chi?

Oilangizning boshqa a`zolariga, xususan, turmush o`rtog`ingiz, qaynota-qaynonangiz, ovsin va kelinlarga qanday hadya olish o`zingizga va jamg`armangizga bog`liq. Biz bu borada yodda qoluvchi suvenirlar, shokoladli to`plamlar, atir va upa-eliklarni tavsiya qilishimiz mumkin.

Agar sovg`a egasi ko`pdan buyon orzu qilib kelayotgan yoki ehtiyoj sezayotgan narsa-buyumni xarid qilsangiz, bundan yaxshisi bo`lmaydi. Buning uchun hozirdanoq ularning istaklariga quloq tutishga harakat qiling.

Darvoqe, sovg`a ulashishning imkoni bo`lmagan uzoqdagi qadrdonlarni hech bo`lmasa, samimiy tilaklar bilan qutlab qo`yishni unutmang.

Shu o`rinda ko`pga ayon haqiqatni yana bir karra eslatib o`tmoqchimiz. Sovg`aning katta-kichikligi emas, chin ko`ngildan tortiq qilingani eng afzalidir. Biz barchaga ana shunday samimiylikni va baxtli, shodon onlarga boy yangi yilni tilab qolamiz.

Sanam Elmurodova
Manba: Darakchi.uz
Логин:
Пароль: