Главная » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar » ​AMMALARDAN OILAGA ZIYoN ETSA, NIMA QILMOQ KERAK?
​AMMALARDAN OILAGA ZIYoN ETSA, NIMA QILMOQ KERAK?

​AMMALARDAN OILAGA ZIYoN ETSA, NIMA QILMOQ KERAK?

​AMMALARDAN OILAGA ZIYoN ETSA, NIMA QILMOQ KERAK?
«Amma keldi, hamma keldi!» ammalarimizning biz uchun ahamiyatini, hayotimizdagi o`rnini yaqqol ifodalaydi bu maqol. Ammalar — yaqin qarindoshlarimiz, otamizning jigarlari, tomirlarimizda bir xil qon oqadi. Lekin ular onalarimizning qaynegachiyu qaynsingillari ham. Yangayu qaynsingillar munosabati esa hamisha ham ravon bo`lavermagan. Nima qilmoq kerak? Bir yaqinimiz ikkinchi yaqinimizni ranjitsa, o`z had-hududini bilmay, hatto, taqdirimizga ham daxl qilishga o`tsa, qanday yo`l tutmoq lozim? Tahririyatimizga kelib tushgan quyidagi uch murojaat misolida ammalarimiz bilan munosabatlarimizni taftish qilamiz.

«Ota-onamni ajratishmoqchi…»

— Yoshim o`n beshda. Uch ammam bor. Ularni yaxshi ko`rishim kerak, bilaman, ammo... Ammalarim oyim va kelinoyim (amakimning xotini)ni yomon ko`rishadi. Har safar kelishganida onamning dilini og`ritishadi. Uyimizda bo`lgan qaysidir tadbirda mehmonlarning oldida kelinoyimni uydan haydab yuborishgan. Buvim ham ular tomon. Bu ham etmagandek, dadamga onamni rosa yomonlashadi, ular ketishgandan keyin esa dadam o`zgarib qoladi. Ammalarim o`zlarini meni yaxshi ko`radigandek ko`rsatishadi-yu, aslida qarindoshlarimizga meni yomonlashayotganini o`z quloqlarim bilan eshitganman. Ular endi ota-onamni ajratish payiga tushishgan. Qo`limdan hech narsa kemayotganidan siqilib ketayapman, boshqa kattalardan yordam so`rasam, sen aralashma, deyishayapti. Oilamiz parokanda bo`lishini istamayman.

Iroda, Toshkent shahri

— Kattalar orasidagi ziddiyatlarga bolalarning beixtiyor aralashib qolgani chatoq, bu ularning xayolida bolalikdagi yomon xotira sifatida butun umrga muhrlanib qoladi. Albatta, onalar farzandini bunday stressli holatlardan asrashga harakat qilishadi, biroq munosabatlardagi taranglik oiladagi muhitda seziladi, albatta, oila havosi buzilganini bola tushunadi. Qaynsingil-qaynegachi, qaynona va kelin mojarosi aksar oilalarda kuzatiladi, chunki xarakterlar, odatlar bir-biriga moslashishi, uyg`unlashuvi uchun o`rtada o`zaro ancha ishqalanishlar bo`lishi kerak. Ayollar esa hissiyotga beriluvchi xilqat o`laroq ziddiyatlarni ochiq-oydin, anchagina shovqin bilan hal etadilar (yoki hal etolmaydilar baribir). Lekin oilaning kattalari jarayonning imkon qadar keskin ziddiyatlarsiz o`tishini ta`minlashlari zarur. Qaynonalar kelin bilan munosabatga qizlarini aralashtirmay, o`zlari hal qilsalar, yaxshi emasmi? Qahramonimizning ammalari kelishadi-ketishadi, ularning o`z hayoti bor. Ammo shuncha yil birga yashagan, o`rtada o`smir farzandlari bor oilani buzib nima qilishmoqchi? Kelinni-ku qo`yavering, kap-katta farzandlari bor erkak (ya`ni ota) shu paytgacha qurgan oila qo`rg`onini, unga singgan tog`dek mehnatlarini yo`qqa chiqarib, yangi hayot boshlab ketishi oson emasligini, bu ishi bilan o`z jigarlariga jabr qilayotganini tushunmasmikan? Har qanday ziddiyatni xohish bo`lsa, bartaraf etish mumkin.

Qizimizning onasiga ham aytadigan gapimiz bor: qizlar oilaviy hayot qolipini o`z ota-onalaridan olishadi. Qizingizda erning opa-singillari yomon bo`larkan degan xulosa shakllanayapti, kelgusida bu xulosa uning o`z oilaviy hayotiga ham ta`sir qilishi mumkin. Qiz bola birovning uyiga yaxshi niyatlar, ezgu xulosalar bilan borishi kerak. Shu sababli farzandlaringiz haqqi qayinbo`yinlar bilan inoqlashishga harakat qiling. Eringiz esa erkak sifatida oilasiga boshqalarning, ular hatto jigarlari bo`lsa ham, aralashuviga yo`l qo`ymasligi kerak.

«Erimga bir imo qilishsa, bas!»

— Yoshim yigirma beshda. Turmushga chiqanimga olti yil bo`layapti. Allohning sinovi ekan, hali farzand ko`rganimiz yo`q. Xo`jayinim bilan bir-birimizni tushunamiz, hurmat qilamiz. Qaynota-qaynonam bilan ham munosabatlarimiz yaxshi. Lekin oilamizda katta ammamizning gapi gap. Aslida avvaliga qaynonam meni unchalik xushlamay turgan-u, shu ammamizning aralashuvi, xohishi bilan kelin qilgan ekan. Garchi katta ammamizning bir emas, ikki kelini bo`lsa ham, u kishi tashkil etadigan yig`inlarda hamma pishiriqlaru tog`oralarni biz olib boramiz. Ammamiz avvallari katta tashkilotni boshqargan ekan, balki shuning uchunmi, hamma aka-ukalariga so`zi o`tadi. Masalaning aynan shu tomoni meni biroz cho`chitadi. Ertaga, xudo ko`rsatmasin, u kishi turmush o`rtog`imga «Xotining bilan ajrashasan!» deb qolsa, erim hech ikkilanmay shunday qiladi. Bunga hatto meni juda yaxshi ko`radigan qaynotam ham qarshi chiqmasligi aniq. Qaynonamni-ku gapirmasa ham bo`ladi. Nega ammalar aka-ukalarining, hatto ularning farzandlarining ham oilasini boshqarisharkan?

Nilufar, Namangan shahri

— Qiziq, birovning bir og`iz gapi bilan eringizning sizdan ajrashishi tayin bo`lsa, gap katta ammangizdamikan? Fikrimcha, oilangizga rahna solayotgan katta ammangiz emas, boshqa muammo. To`g`ri, farzand oilaning asosiy rishtasi, ayniqsa, biz o`zbeklarda. Befarzandlikni davolash, bola asrab olish degan choralar ham bor, ammo bular er-xotin har qanday vaziyatda ham birga bo`lishni istasalargina ish beradi. O`rtadagi mehr va ishonchni sinovdan o`tkazadi bu holat. Katta ammangiz shu oilaga kelin bo`lib tushishingizga sababchi ekan, uni shuning uchun ham hurmat qilishingiz, yaxshi ko`rishingiz kerak. Demak, bu aralashuvdan siz yutgansiz. Eringiz bir imo bilan ajrashib ketmoqchi ekanini sezib turgan bo`lsangiz, sababni ko`chadan qidirmang. Dushmanni tashqaridan izlab, birovni aybdor qilib, o`zingizdan mas`uliyatni soqit etishdan osoni yo`q aslida. Bu bilan muammongiz hal bo`lib qolmaydi. Aksincha, chuqurlashadi. Yaxshisi, eringiz bilan maslahatlashing. Agar ketishingizni u istamasa, ketmaysiz bu oiladan. Chunki erkak kishi sevgan ayolini har qanday sharoitda ham qo`yib yubormaydi. Katta ammangizni esa yoshi ulug`ligi, sizga qilgan yaxshiligi uchun hurmat qiling. Shu paytgacha u sizga biror yomonlik qildimi? Agar qilgan bo`lsa, ayting, shuni muhokamalaymiz. Odamni hali qilmagan ishi uchun ayblash yaxshi emas. Siz yaxshisi o`zingizga, turmush o`rtog`ingiz bilan munosabatlaringizga ishoning. Farzand bilan davlatning erta-kechi yo`q. Muammoingiz yo farzandsizlik, yo eringiz bilan munosabatingizda, aslo katta ammangiz yoki boshqa birovda emas! Muammoning mohiyatini tan olmay, sababni tashqaridan qidirish odatingiz pand berishi mumkinligini unutmang.

«Bizga kimni teng ko`rgansiz?»

— O`n etti yoshimda uyimizga birin-ketin sovchilar kela boshladi. Biroq opamning oilasi buzilgani tufayli hadeganda to`yim bo`lavermadi. Shunda katta ammam ajrashgan, ikki bolaga aliment to`laydigan o`ttizdan oshgan qo`shnisiga meni so`rab keldi, «Qizingizga juda mos yigit, baribir unga boshqasi uylanmaydi», dedi. Uning bu gapidan ota-onam ham, men ham qattiq ta`sirlanganmiz. Shu-shu onam u kishini yoqtirmaydi. Shukur, tengimni topib, uylanmagan insonga turmushga chiqdim, qizim bor. Lekin to`yu ma`rakalarda o`sha ammamni ko`rsam, o`zimni olib qochaman. Yomon ko`rib qolganman.

Dilshoda, Surxondaryo viloyati

— Agar ammangizning sizga shundan boshqa qilgan yomonligi bo`lmasa, menimcha, bunga haddan ortiq e`tibor va baho berib yuborayapsiz. Birinchidan, o`sha qo`shnisi yomon odammidi? Yo sizni ranjitgan tomoni uning uylanib ajrashgani, ya`ni o`ziga xos tarixi borligimi? Tasavvur qiling, shunday insonni sevib qolganingizda, uning tarixiga qarab o`tirarmidingiz? Bunday voqealar hayotda ko`plab topiladi-ku. Mayli, u yigit sizning tengingiz emas, ammangiz esa sizni unga teng ko`rdi va bu jahlingizni chiqardi, deylik. Xo`sh, nega shunday qildi? Sizni yomon ko`rganidanmi? Demak, bu voqeaning boshqa sabablari, ildizlari bor, afsuski, siz buni bayon etmagansiz. Mayli, buni ham qo`yaturaylik, siz u yigitga tegib baxtsiz bo`lganingizda ammangizdan bunchalar uzoq o`pkalab yursangiz arzirdi. Taqdir yo`li bog`lanmagan ekan, boshqa insonga turmushga chiqib, baxtli yashayapsiz. Nima qilasiz o`tmishdagi bu yukni shuncha payt ko`tarib yurib? Ko`nglingizdan chiqarib tashlang. Agar ammangizning sizga nisbatan muhabbatini his etmagan, aksincha, unda adovat bor deb o`ylayotgan bo`lsangiz ham, u kishini kechiring. Ammalar otalarimizning jigarlari, ular bilan qonimiz bir. Nazarimda, opangizning oilasidan ajrashgani tufayli chekkan alamlaringizning barini bir musht qilib ammangizga qarata o`qtalib turgandeksiz. Hozir baxtli ekansiz, shu baxt haqqi o`tmishni unuting. Endi sizga ammangiz zarar etkaza olmaydi, faqat ichingizdagi alamlar va xafagarchilik kelajagingizga rahna solishi mumkin.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: