Hindistonda kech
- Категории: Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar
- Название: Hindistonda kech
- Дата релиза: 11-06-14, 00:40
Yer yuzidagi butun jonzotlarga
hukmronlik qilgan Hazrati
Sulaymonning Yamandagi
saroyiga sodda bir odam
shoshilib kirdi. Navbatchilarga
hayot-mamot masalasi
yuzasidan Hazrati Sulaymon
bilan ko'rishmoqchi ekanini
aytgach, unga izn berildi.
Sulaymon yuzi oqargan,
qo'rquvdan titrayotgan
odamdan so'radi:
- Tinchlikmi, nima bo'ldi? Nega
bunchalik qo'rqyapsan? Darding
nima?..
- Bu tong oldimga Azroil keldi.
Menga qahr bilan boqdi va
tezda g'oyib bo'ldi. Mening
jonimni olishga qaror qilgan
ko'rinadi.
- Xo'p! Nima qilishimni
xohlaysan?
Odam yolvordi:
- Ey jonlar qo'riqchisi, mazlumlar
panohi Sulaymon... Sen ko'p
narsaga qodirsan. Bo'ri, qush,
tog'-toshlar - barcha-barchasi
sening amringda. Shamolingga
buyurki, meni bu yerdan uzoq
Hindistonga eltsin... Shunda
Azroil balki meni topolmas.
Shunday qilib jonimni
qutqargan bo'larding. Madad
sendan...
Sulaymon odamning ahvoliga
achindi. Shamolni chaqirib: "Bu
odamni darhol Hindistonga olib
borib tashlab kel", deb buyruq
berdi. Shamol shu zahoti
shiddat bilan esib, o'sha odamni
Hindistonning uzoq bir
go'shasiga eltib qo'ydi.
Peshinga yaqin Hazrati
Sulaymon devonni yig'ib, arzga
kelganlar bilan muloqotini
boshladi. Bir payt qarasa, Azroil
ham jamoat ichida o'tiribdi.
Tezda yoniga chaqirib:
- Ey Azroil... Ertalab nega u
odamga g'azab bilan qarading?
Nega u bechorani qo'rqitding? -
dedi. Azroil javob berdi:
- Ey dunyoning ulug' Sultoni...
Men u odamga g'azab bilan
emas, hayrat bilan qaradim. U
noto'g'ri tushunib, qo'rqib
ketdi. Uni bu yerda ko'rgach
hayron qoldim. Chunki Alloh
taolo menga: "Qani bor, shu
odamning jonini Hindistonda
ol", deb buyruq bergan edi. Uni
ko'rib, bu odamning yuz qanoti
bo'lsa ham, bu kech
Hindistonga yetib borolmaydi,
bu qandoq bo'ldi deb hayron
qoldim. Men Allohning
buyrug'ini noto'g'ri
angladimmikan, deya xavotirda
edim. Unga qarashimning boisi
mana shu edi. Hindistonga
borib, uni o'sha yerda topdim
va jonini olib qaytdim.
Jaloliddin Rumiy