​“Otam uylanaman deyapti...”

​“Otam uylanaman deyapti...”

​“Otam uylanaman deyapti...”
Erkaklar yolg`izlikka chiday olishmaydi. Ham jismonan, ham ma`nan ularga hamdard, hamjihat jufti halol doim kerak. Yoshi 60 dan oshgan, ayoli vafot etgan erkaklar juda qiyin ahvolda qoladilar: yolg`iz yashashni eplolmaydilar, uylanaman desalar farzandlar qo`ymaydi. O`zi shundoq ham statistikaga ko`ra erkaklar ayollarga nisbatan qisqa umr ko`radilar. Keksayganda yolg`izlik esa ularning umrini yanada qisqartiradi. Quyida endi qarilik gashtini suraman deganda yolg`izlik otlig` yov bilan yuzma-yuz qolgan otalar dardini, otasining yonida doim onasini ko`rib o`rganib qolgan va endi onasi o`rnida boshqa ayolni tasavvur ham qila olmayotgan farzandlar hasratini muhokama qilamiz.

«Onamning hurmati to`rt oylik ekan...»

— To`rt oy avval onam olamdan o`tdi. 67 yashar otam yolg`iz qoldi. Butunlay yolg`iz emas, albatta. Ikki qiz turmushga chiqib ketgan bo`lsak-da, ukamiz va kelinimiz otam bilan turishadi. Onam rahmatlik uzoq yillar kasal yotdi. Astmasi bor edi, oxirgi paytda xastalik yoniga oyoq-qo`llardagi shishlar, yurak bilan muammolar ham qo`shilgandi. Otam doim onamning ahvolidan xavotirda yurar, unga hamisha mehribonlik ko`rsatardi. Ammo onamning o`limidan atigi 4 oy o`tishi bilan otam yolg`izlikdan shikoyat qilib, uylanishga sha`ma qilayapti. Men bundan juda siqilyapman, axir qirq yil birga umr kechirgan ayoliga hurmat shumi?

Malohat

Albatta, onasini endigina yo`qotgan qizlarning kechinmalarini tushunish mumkin. Ular hali qayg`udalar, onalarini yo`qotganlariga ko`nikib ulgurmaganlar. Ammo siz otangizning ham farzandisiz, shunday emasmi? Qizlar otalarining ahvoliga o`z kulbalaridan turib baho berishayapti. 40 yil yonida jufti bilan yashagan insonning, ayniqsa, erkak kishining birdaniga yolg`iz qolishi qiyinligini tushunmayaptilar. Erkak kishiga doim parvarish, ruhiy madad kerak, ular ayollar kabi stresslarga, o`zgarishlarga va yolg`izlikka chidamli emaslar. Qahramonimizning otasi rafiqasi uchun qo`ldan kelgan hamma ishni qilibdi. Kasal xotinni tashlab, boshqaga uylanib olmabdi. Oradan endigina to`rt oy o`tgani sizni vahimaga solmasin. Onangizning uzoq vaqt bemor yotganini hisobga olsak, bu erkak anchadan beri yolg`iz. Faqat mehr bergan, o`zi uchun mehrni esa deyarli olmagan. Qolaversa, ayolining ertami-kechmi yorug` dunyoni tark etib ketishi haqidagi fikrga ko`nikkan. Ya`ni bu to`satdan qabul qilingan qaror emas. Otangiz onangizning o`limidan etarlicha qayg`uga tushmagan deb o`ylayotgan bo`lsangiz, xato qilasiz. Keksayganda ayolini yo`qotgan erkak farzandini yo`qotgan erkakdan kam kuymas ekan. Siz farzandlar aza tugagach o`zingiz bilan bo`lib ketgansiz. Otangiz esa yolg`iz qoladi shu qayg`u bilan yuzma-yuz. U ana shu qayg`udan qutulish yo`lini izlayapti. Hayot juda qisqa. U yana nima kutishi kerak? Otangizni ham biron dard yiqitib, yotib qolishini istamasangiz, uning istagiga quloq soling. Betob bo`lib qolsa, o`zingiz oilangizni, bolalaringizni tashlab kelib tepasida o`tira olasizmi? O`tirganingiz bilan jufti haloli qiladigan ishlarni qila olasizmi? Bekorga tanmahram deyilmaydi. Keksayganda inson tanmahramga yoshligidan ham ko`proq ehtiyojmand bo`ladi. Agar otangiz sha`ma qilayotgan ekan, o`zingiz shu mavzuni ochib, roziliklarini olib, uylantirib qo`yinglar.

Tani boshqa dard bilmas

— Ayolim olamdan o`tganida 60 yoshda edim. Yaxshi ayol edi, yosh ketdi. Ikki yilcha yolg`iz yashadim. Bolalarimdan birontasi uylantirish haqida og`iz ochmadi. O`zim ham gap ochishni ep bilmadim. Ammo borgan sari yolg`iz yashash qiyinlashib borardi. Kelinlar istasa, tushlikka ovqat pishiradi, istamasa, yo`q: och qolaveraman. Ichki kiyimlarimni ularga yuvib ber deyolmayman. Bular ham mayli, birov bilan hasratlashging, dildan suhbatlashging keladi, qani o`sha odam? Uzoq yillar zavodda ishlaganman, bir kuni mehnat faxriylarini zavod rahbariyati chaqirib mehmon qildi. O`sha erda eskidan tanish bir rus ayolni uchratdim: avval kassir bo`lib ishlardi. Beva ekan. Suhbatimiz ancha qizidi. Keyin nafaqani olgani borganimda pochtada yana uni ko`rib qoldim. Uyimga mehmonga chaqirdim. O`g`illarim, ayniqsa kattasi bundan juda norozi bo`ldi. Bilaman, ularga men emas, hovli-joy kerak. Yoqmasa, bu uyga kelmaydi u ayol dedim. O`zim unikiga boradigan bo`ldim. Ayol yolg`iz yashar, bolalari chet eldaga ketgan ekan. Nikoh o`qitdik va birga yashay boshladik. Tinchgina yashab yurgandim, tunov kuni qizlarim men yo`g`imda kelib ayolimni haqoratlab, dilini xira qilib ketishibdi. Axir ularga og`irligimni tushirmayapman, hammalarini uylik-joylik qildim. Uyni ham ularga tashlab chiqib keldim. Endi qariganimda ozgina rohatda yashashga haqqim yo`qmi?

Abdukarim ota

Albatta, haqqingiz bor. Bizda farzandlarni noto`g`ri tarbiyalashadimi, bilmayman. Ota-ona faqat farzandi uchun yashashi, faqat uning farog`atini o`ylashi, o`zini doim qurbon qilishi kerak deb o`ylashadi. Bu o`rinda farzandlar na otalarining salomatligini va baxtini, na o`zlarining oxiratlarini o`ylashayapti. Ular uchun uy-joy va atrofdagilarning gap-so`zi muhim. Axir ota bolalariga hech og`irligini tushirmabdi, hatto ularni hech kim tanimaydigan joyda halol yashayotgan ekan, nega qarshilik qilish kerak. Umuman, bu qarshilikdan maqsad nima, u biron narsani o`zgartirishi mumkinmi? “Ota, qiynalib qolmadingizmi, bir tanmahram kerakmasmi?” deb so`rash har bir farzanddan, ayniqsa o`g`illardan joiz edi, chunki ular erkak sifatida otasini tushunishi kerak edi. Shu ishni qilmabdilar. Xudo o`zi yo`l ko`rsatib, otaxon baxtini topibdi, endi u odamga ortiqcha muammo tug`dirmay, farzandlar o`z hayotlarini yashasalar bo`lardi. O`zlari ham kun kelib qariydilar, otalaridek yolg`iz qolmasliklariga kafolat qani? Qizlar esa otasining issiq-sovug`idan xabar olib, unga baxt berayotgan ayolni behurmat qilmay, aksincha, e`zozlashlari kerak emasmidi? Kerak edi. Agar xudbinlik qilmaganlarida, shu ishga qo`l urmasdilar. Uyat! Otaxon farzandlarining bu qilmishini ko`ngillariga olmasinlar, hayotda topgan baxtlaridan lazzatlanib yashasinlar. Bolalari yo bir kun xatolarini tushunib uzr so`raydilar, yo... Har holda, qaytar dunyo deb qo`yibdilar buni.

«Qaynotamning zug`miga dosh berish mushkul...»

— Qaynonamning yillari o`tsa, qaynotamga uylanish haqida og`iz ochamiz deb turgandik, o`zlari bir ayolni olib kelib nikohlab oldilar. Farzandlar angraygancha qolaverishdi. Mayli, otam rozi bo`lsalar bo`ldi, deyishdi. Lekin otamiz rozi bo`lmadilar. O`zlari topgan ayol olti oydayoq fe`llariga chiday olmay ketib qoldi. Shundan keyin o`zimiz bir bevani topib uylantirib qo`ydik. U ham bir yil turmay ketdi. Ochig`i, otamiz anchayin injiq va jahldor odam, vaqti kelsa qattiq so`kib, hatto qo`l ko`tarishlari ham mumkin. Rahmatlik qaynonam jannati ayol edi, 39 yil shu odamga chidab yashagan. Mana endi boshqa ayollar chidamayapti. Nima qilishga hayronmiz. Uyda kunda to`palon: ayol topib uylab qo`ylaring deydi. Ayollar esa tegmayapti.

Nafisa

Otangizni to`g`ri tushunib, uylanishlariga qarshilik qilmaganingiz yaxshi, albatta. Lekin ba`zi odamlar hayotda birovga mehr berib o`rganmagan bo`lishadi. Faqat olishlari kerak. Ularga doim zug`um ko`rsatib, so`zlarini o`tkazib turadigan bir odam zarur. Yaratganning inoyati bilan u kishiga qaynonangizdek sabrli ayol uchragan. Odatda, bunday sabrli ayollar, afsuski, qisqa umr ko`radilar. Endi turmushning mushtini emay, hayotning erkatoyi bo`lib yashab kelgan qaynotangiz shuncha yillar unga bardosh berib yashab kelgan rafmiqasining o`rnini bosadigan ayolni qidirayapti. Katta ehtimol bilan bunday ayolni topa olmaydi. Chunki qaynonangiz yosh, egiluvchan paytlari u kishiga tekkan, farzandlar baxti uchun jabr-sitamlariga ko`nib yashagan. Endi yoshi katta, o`z odatlariga ega boshqa bir ayolning qaynotangizga chidashi qiyin. Bunday chidamli ayollarning yo erlari hayot, o`zlari o`lib ketishgan, yo bo`lmasa ersizlikka ham chidab yashayverishadi, ular boshqa turmushga chiqmaydilar. Hamma muammo otangizning o`zida ekanini u kishiga tushuntirishga urinib ko`ring. Yosh bola emas, tushunadi. O`zini, jahlini jilovlamasa, birovga mehr berishni o`rganmasa, bir umr yolg`iz va alamzada ahvolda yashab o`tishini anglamaguncha siz farzandlardan sabr talab qilinadi.

Shahnoza To`raxo`jaeva
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: