Главная » Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar » QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?
QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?

QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?

QAYNONA-KELIN MUAMMOSI. ERKAK ARALAShIShI KERAKMI?
— Turmushga chiqqanimga etti yil bo`layapti. Erim yomon inson emas. Ikki farzandimiz bor. Faqat qaynonam bilan kelisha olmaymiz. O`rtamizda muammo chiqsa, erim doim onasining oldida meni urishib, er bilan bitta qiladi. Mayli, bunisiga ham chidayman. Lekin o`zaro gaplashganimizda bir og`iz uzr so`rab, ko`nglimni ko`taradigan gap aytsa, men ham qaynonam bilan til topishish uchun harakat qilmasmidim, deb o`ylab qolaman.

Zubayda, 31 yosh

Ushbu murojaatga asosan ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan qaynona-kelin muammolarida erkakning roli haqida fikr yuritishni lozim topdik. Xo`sh, ikki o`t orasida qolgan kishi qanday yo`l tutishi kerak? Savolga birgalikda javob izlaymiz.

Toifalar

Keling, shartli ravishda erkaklarni qaynona-kelin o`rtasida muammo tug`ilganda, qanday yo`l tutishiga qarab, 4 toifaga ajratamiz:

1. Onasi tomon bo`ladiganlar.

2. Rafiqa tomonga og`ib ketadiganlar.

3. Umuman aralashmaydiganlar.

4. Aralashadigan erkaklar.

Endi toifalarning har birini alohida ko`rib chiqamiz.

«Ona topilmaydi, xotin topiladi...»

Ona — yagona, muqaddas zot. Jannat onalar oyog`i ostida. Volidasining duosini olgan inson kam bo`lmaydi. Biroq «Ona topilmaydi, xotin topiladi», deya fikrlash bu volidai muhtaramalarimizni ulug`ovchi bayot emas. Ona va rafiqani solishtirishning o`zi aslida noo`rin. Xotiningiz ham onangiz kabi ayol, farzandlaringizni dunyoga keltirgan (keltiruvchi) zot. Uning ham qadri bor, unga ham hayot bir marta ato etiladi.

Sabab: ona va o`g`il o`rtasidagi psixologik kindik uzilmagan. Ona o`g`lini shaxs sifatida tan olmaydi, doim farzandi xato qilib qo`yishidan qo`rqadi, nazoratda ushlab turishni istaydi. O`g`lining oilasini kuchli nazorat ostiga oladi, barcha qarorlarni o`zi qabul qiladi. Kimga uylanadi, qachon to`y bo`ladi, kelin qanaqa kiyinadi, ertalab nechida uyg`onib, kechqurun nechida uxlaydi, uyiga qancha muddatda boradi, ishlaydimi-yo`qmi — bari-barini qaynona hal qiladi. Bu ona uchun me`yor sanaladi, uylangan yigit ham «Nega onam hamma narsaga aralashayapti?» deya hayratlanmaydi. Faqat kelin hayron bo`ladi. Shu tufayli muammo kelib chiqadi.

Oqibat: onasining etagidan ayrilmagan erkakning mustaqil shaxs sifatida shakllanishi dargumon. Kuyinchak ona bir umr o`g`lining katta-kichik muammolarini hal qilib yashaydi, er xotinining nadomatlarini eshitishga majbur bo`ladi, ayol esa chidaydimi-yo`qmi — o`zi tanlaydi. Ba`zi ayollar eridan najot kutish befoydaligini anglagach, yo hiyla bilan, yo janjal bilan qaynona zulmidan ozod bo`lishga urinishadi. Bora-bora ular nafaqat qaynonasi bilan, erlari bilan ham hisoblashmay qo`yishadi.

Chora: qaynonalar, o`g`lingiz uylandimi, uning kap-katta inson ekanligini tan oling. Agar hali ulg`aymagan, deb hisoblasangiz, bir boshog`rig`ingizni ikki qilishga shoshmay turing. Farzandingiz sizningcha juda bo`sh tabiatli bo`lsa, sekin-sekin mas`uliyatni bo`yniga iling. Ro`zg`orni, ayoli bilan hamfikr qaror chiqarishni, oilasidagi muammolarni bartaraf etishini o`g`lingizning o`ziga qo`yib bering.

Erkaklar, avvalboshdan xatoga yo`l qo`ymang. Deylik, turmushning ilk kunlarida ayolingiz biror joyga bormoqchi. Sizdan ruxsat so`rayaptimi, munosib javob bering. Ya`ni «Onamdan so`ra», deya gapni qisqa qilib, tinchingizni o`ylamang. Onangiz kelinidan shikoyat qilayaptimi, «Siz xavotirlanmang, o`zim hal etaman», deya vaizyatni o`z qo`lingizga oling.

Ayolning qiladigan birinchi ishi qaynonasining hurmatini joyiga qo`yish. O`chakishmang, qaynonaga qasdma-qasd ish qilmang. Eringiz mustaqil shaxsga aylanguncha uni hadeb ayblamasdan, onasi tomonligini yuziga solmasdan, ayollik vazifalaringizni ado etib, mehringiz, hurmatingizni namoyon qilib, sabr qilishingizga to`g`ri keladi.

«Xotinim bechora...»

Har bir erkak jufti haloli uchun javobgar. Uning kimdan, qanday hujumdan bo`lsa-da, himoyalashga majbur. Biroq bu himoyalash kimningdir, ayniqsa, onaning ko`nglini og`ritish evaziga bo`lmasligi kerak.

Sabab: erkakning ikki tomondan biriga og`ib ketishiga oilada kimning roli qanaqa ekanligini, o`zining va hayotidagi ikki muhim ayolning ma`naviy, diniy va yuridik haq-huquqlarini, burch-vazifalarini bilmasligi ham sabab bo`ladi. Bizda qizlarni kelinlikka obdon tayyorlashadi. O`quv markazlari, to`garaklar turli tanlovlar — bari ularni kelajakda orasta, sarishta kelin bo`lishi uchun xizmat qiladi. Yigitlar esa asosan oila tushunchasini tushunmasdan uylanishadi. Afsuski, shunday kelinlar ham borki, ular etni tirnoqdan ajratib, qaynonasi bilan g`idi-bidilarga barham berishni o`ylashadi.

Oqibat: onaning duosi, roziligi inson kamoli asosidir. Bugun oilangizni himoyalayman deya, noto`g`ri usuldan foydalansangiz, ertaga pushaymon yuragingizni o`rtashi aniq. Ayollar ham bir haqiqatni unutmasliklari kerak, o`g`il, baribir, onasiga talpinadi. Siz janjalto`polon bilan eringizni uydan olib chiqib ketsangiz ham, baribir u onasidan kechmaydi. Qolaversa, farzandlaringizga salbiy o`rnak ko`rsatasiz.

Chora: ayollar o`g`ilni onaga qarshi qo`yishdan saqlanishlari darkor. Ro`zg`orda bo`ladigan mayda gaplarni ham oshirib-toshirib, eringiz oldiga dasturxon qilib yoymang. Turmush o`rtog`ingiz bilan hamfikr bo`lishga harakat qiling. Biror masala sizni o`ylantirayaptimi, eringizga maslahat soling. Harholda sizdan ko`ra u volidasining fe`l-atvorini biladi, qaysi vaziyatga qanday yondashishni o`rgatadi.

Erkak kishi esa xotini onasidan shikoyat qilishni boshlagan ilk kezlardayoq volidasini hurmat qilishi kerakligini, hech qachon onasini unga yomonlamasligi shartligini bosiqlik bilan tushuntirishlari darkor.

«Meni tinch qo`yinglar...»

Ikki kishi o`rtasida tortishuv yuz bersa, ayniqsa, ikkala tomon ham sizning yaqiningiz bo`lsa, muamoni taftish qilish, hal etish mushkul savdo. Ikkala tomon ham o`z haqiqatini aytadi, o`zini oqlaydi. O`rtadagi kishi uquvli hakam bo`lishi, oqillik, donalik, vazminlik bilan muammoga yondashishi kerak. O`zini qiynashni istamagan kishi esa qo`l siltaydi-qo`yadi.

Sabab: onasi va ayoli o`rtasida muammo chiqqanida, qulog`ining tinchini o`ylaydigan erkaklar mas`uliyatsizlardir. Ular oila mas`uliyatini elkalariga olishmagan. Olishni istashmaydi ham. Kerak bo`lsa, bahsli vaziyatdan qochish uchun yo`l izlab qolishadi.

Oqibat: ming harakat qilmang, qochib qutula olmaysiz. Bir-biri bilan chiqisha olmayotgan ikki ayolning biri onangiz, biri rafiqangiz axir. Ular sizga begona bo`lsa ekan, o`z hollariga tashlab qo`ysangiz. Bugun arzimas narsa ustida tortishib, ertaga katta janjal yasashlari, bora-bora oilangiz parkondalikka yuz tutishi hech gapmas. Qolaversa, qaysisi bilan gaplashmang, albatta, bir-biridan nolishadi. Bu asablaringizga ta`sir qilmay qolmaydi.

Chora: o`rtaga tushish oson ish emas. Ayniqsa, ta`sirchan ayollar o`rtasiga. Lekin aralashuvingiz baribir talab etiladi. Faqat vaziyatga to`g`ri munosabat qila bilishingiz kerak.

O`rtaga tushding, o`tga tushdingmi?

Yo`q, agar siz uddaburron bo`lsangiz, ikki o`t orasida qolmaysiz. Yuqoridagi murojaat egasi kabi nafaqat ayrim ayollar, erkaklar ham xato fikrlashadi. Ya`ni qaynonaning ko`zicha kelinni urishib, achchiq-achchiq gaplar bilan tanbeh berib, keyin holi qolishganida uzri hol qilishadi. Bu usul nega o`zini oqlamaydi? Birinchidan, sizning ayolingizga bo`lgan munosabatingizni ko`rgan onangiz yanada olovlanadi. Kelinim o`zi hurmatga arzimaydi, deya o`ylaydi. Rafiqangiz esa inson. Uning ham ko`ngli bor. Qaynonaning oldida uni kelin sifatida erga urganingizda ko`ngli darz ketadi. Singan ko`ngilni esa chegallash qiyin. Xatosini ko`rib turibsizmi, onangizga o`zim gaplashib, tushuntiraman, deng-da, yaxshi gap bilan qaerda xatoga yo`l qo`ganini ayting.

Onasi va ayoli kelisha olmayotgan erkaklarning yagona chorasi — ikkala tomon bilan alohida-alohida gaplashish. Birinchi navbatda, bahsli vaziyatda ularni tinchlantiring. So`ngra avval onangiz bilan dillashing. Ularni qanchalik hurmat qilishingizni ayting. «Keliningiz yosh, sekin-sekin oilamiz tutumlariga o`rgatib olamiz. Shirin nevaralaringizning onasi u, shu sabab ham keling, shu gal kechira qoling», deya volidangiz ko`nglini yumshating. Aslo, ikkinchi tomonni ayblab, qop-qora qilmang.

Ayolingizga ham xuddi shu tariqa muomala qiling. Yaxshi ko`rishingizni, onangizni hurmatiga joyiga qo`ysa, mehringiz ming chandon oshishini ayting.

Ayollar shirin so`zning gadosi bo`ladi. Bundan tashqari, onangizga chiroyli ro`molmi, biror atirmi, rafiqangizga shirinlikmi sovg`a qilib, dilxiralikni ariting.

Eng muhimi, onangizga ayolingizdan, ayolingizga onangizdan nolimang. Aksincha, ularning hurmatga sazovar jihatlarini gap orasida e`tirof etib turing.

MUXLISA
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: