ShAKIRADEK XIPChABEL BO`LIShNI ISTAYMAN!
- Категории: Ajoyib foydali maslahatlar / juda foydali maslahatlar
- Название: ShAKIRADEK XIPChABEL BO`LIShNI ISTAYMAN!
- Дата релиза: 15-08-17, 16:37
Mashhur pop yulduzining raqs tushishiyu nozik beliga xavas qilmaydigan ayol bo`lmasa kerak. Erkaklar haqida-ku, indamadik... Siz ham shunday havasmandlar qatoridamisiz? Unda nima qilib o`tiribsiz? Darrov, musiqani qo`ying-da, raqsga tushing. Biz esa tajribali xoreograf va fitnes murabbiy Diana Qurbonova bilan ortiqcha vazndan xalos etadigan eng samarali raqs turlari haqida ma`lumot beramiz.
Zumba fitnes — hammasi birda!
Zumba fitnes — alohida raqs turi emas, salsa, cha-cha-cha, flamenko, arabcha, mambo va boshqa bir qancha raqs harakatlari va fitnes mashqlarining jamlanmasi hisoblanadi. Oddiyroq aytganda, hammasi birda. Mashg`ulot chog`ida murabbiy dastlab qo`l mushaklari, keyin bel va qorin, undan so`ng oyoq mushaklari uchun mashq bajartiradi. Siz esa raqs tushayapman deb, mashq qilayotganingizni sezmay ham. Bir soat zumba fitnes bilan shug`ullansangiz naqd 1 000, agar g`ayrat ko`rsatsangiz undan ham ko`proq kaloriyadan xalos bo`lasiz. Xo`sh, ikki haftada 5 kilogramm bilan xayrlashishga tayyormisiz? Sezilarli natijaga erishish uchun esa haftada 2–3 marta shug`ullanishingiz lozim. Tug`ruqdan 4–5 oy o`tgach (shifokor tomonidan qarshi ko`rsatmalar bo`lmasa) mashg`ulotlarni boshlasangiz bo`ladi. Biroq homilador ayollarga zumba fitnes bilan shug`ullanish tavsiya etilmaydi. Ushbu mashg`ulotlar 7 bosqichdan iborat. Tajribali murabbiy bolalar, qariyalar, erkaklar va hatto, imkoniyati cheklangan kishilar uchun alohida dastur tanlab beradi.
Arabcha raqs
Bu raqsning qomatga va munosabatlarga ta`siri haqida ko`p va xo`p gapirganmiz. Ayniqsa, sovuq kunlarda vaqtni maroqli o`tkazishning eng yaxshi usuli. Qolaversa, qishda ayiqqa o`xshab uyquga ketmasdan, sharqona raqs bilan shug`ullanishni boshlasangiz, bahorga chiqib ninachinikidek ingichka belingiz bilan hammani hayratda qoldirasiz. Bunday jozibali raqs turiga bir soat vaqtingizni bag`ishlab 400-500 kaloriyadan qutulasiz. Agar shifokor tomonidan qarshi ko`rsatmalar bo`lmasa, tug`ruqdan so`ng 5-6 oy o`tgach shug`ullanishni boshlayvering. Yana umurtqa pog`onangizda yoki qorin-tos atrofida biror muammo borligini sezganingizda mashg`ulotlarni kanda qilmay qatnasangiz, ijobiy natija uzoq kuttirmaydi.
Mashqlar bilan ish bitmaydi
Soatlab raqs tushib, jismoniy mashqlar bilan o`zingizni qiynaganingiz nima-yu, uyga kelgach to`yib ovqatlanib, kamiga biror shirinlik bilan choy ichganingiz nimasi? Yodda tuting, agar taomlanish tartibingizni o`zgartirmasangiz, natijaga erisholmaysiz. Ortiqcha santimetrlardan qutulgan taqdiringizda ham, mashg`ulotlarni to`xtatganingiz zahoti yana avvalgi holingizga qaytasiz. Demak, pirojniy, shokolad, tort, qandolat maxsulotlari, shakar va yog`li taomlardan voz kechamiz. Mayli, bayramlar bundan mustasno.
«Imkonim yo`q» deydiganlar uchun, maxsus!
Eng erinchoq muxlisalarimiz «Bizning qishloqda/ tumanda shug`ullanish imkoniyati yo`q. Doim shaharliklarga mos ma`lumotlar beraverasizlar...» deb nolishgani nolishgan. Hafa bo`lmang-u, qalovini topsangiz qor ham yonadi. Ha, ha yonadi, ishonavering. Agar qishlog`ingizda fitnes klublari, raqs to`garaklari bo`lmasa, qo`lingizdagi telefondan internetga kiring-da, yuqoridagi raqslarning nomini yozib, qidiruvga bering. Qatorasiga video darslar chiqi-i-ib keladi. Ular orasidan qadam baqadam o`rgatadigan turini topasiz-da, ko`chirib olasiz. Hammasi shu darajada oson, ham vaqtingiz, ham naqdingiz tejaladi.
Qo`sh sahifani MAFTUNA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz