15 yillik muhabbatning olovi
- Категории: Hikoyalar
- Название: 15 yillik muhabbatning olovi
- Дата релиза: 30-08-18, 06:48
Kecha ko'rgan yomon tushim ko'nglimga g'ulg'ula solib qo'ydi. Tush ko'rmay men o'lay!
Qorong'i bir hujrada enam tinmay yig'lab o'tirganmish… «Ha, ena, nega yig'laysiz? Biror yeringiz og'riyaptimi?» desam, «Jonim og'riyapti, bolam, jigarim og'riyapti. Dilingni og'ritgan kishidan og'rinyapman!» dermish. Tavba, kim ham mening dilimni og'ritardi? Qayoqdagi narsalar kiradi-ya, tushga?!
Ayol kishining tushi teskari keladi, deyishadi-ku! Ilohim, shunday bo'lsin-da. Tushimning ta'biri bilan bo'lib, doimgidan kechroq uyg'ondim. Xo'jayinimning qovog'idan qor yog'yapti. Bir balo bo'lganga o'xshaydi. Gapirgisi ham yo'q. Nonushta ham qilmadi. Darvozani sharaqlatib yopgani yuzimga bir tarsaki tushirgandek bo'ldi. Besh daqiqalik uyquni afzal bilganim uchun o'zimni-o'zim koyidim.
Turmush o'rtog'im bilan yaxshi ko'rishib turmush qurganmiz. Shu paytgacha oramizdan ola mushuk o'tmagan, sen-menga bormaganmiz. Bugungi zardalari nimadan ekanini bilolmay, xunobim oshdi. So'ray desam, avzoyidan ot hurkadi, so'ramay desam, ichim qizib ketyapti…
Axiyri bir jinoyat qilishga qaror qildim. Yozuv stolidagi kundalikni olib, oshxona tomonga chiqdim. Ikkimiz ham kundalik tutamiz. Bir-birimizga aytolmaydigan gaplarni ham shu kundalikka yozamiz. Olib o'qishimni bilgan, shekilli, berkitmasdan ketibdi.
Oxirgi yozganlarini ochdim…
16 avgust 1969 yil
«Kecha yozishga qo'lim bormadi. Ishongan insonimning o'tmishi haqida eshitib, butun hayotim chilparchin bo'ldi! Hatto farzandlarim ham ko'zimga ko'rinmayapti. Birov tutgan bilaklarni begona ko'zdan qizg'anganmidim hali? Mung to'la ko'zlaringga ishonganmidim hali? Bugun hammasi tamom bo'ldi! Undan bu haqda so'rash tugul, nobakor qiyofasinida ko'rishga toqatim yo'q… Eh, Sanam, shuncha tomoshalar ko'rsatib, meni qanday tuzog'ingga tushirding? Bekorga umringni salomatlikka bag'ishlabsan. Sendan ajoyib morboz chiqar ekan!
Kecha qishloqdoshing Abdusamatni ko'rgandim. O'tgan-ketgan voqealardan gurung berayotib, sen haqingda shunaqa bir gap aytdiki… To'pponcham bo'lsayu peshonamga qo'rg'oshin joylab qo'ysam. O'qishga kelmasingdan oldin boshqa bilan turmush qurganing, to'y kuni qochib ketganing, qarindoshlaringning sendan yuz o'girgani haqida nega men hammadan keyin bilishim kerak? Bu kirdikorlaringning tagida nima bor? Meni arosatda qoldirding, Sanam! Uydan ketdim. Qachon o'zimga kelsam, qaytarman! Izlama!..»
Tushimda enamning yig'lagani bejizga emas ekan-da. Ayol kishining tushi teskari keladi, deb kim aytgan bo'lsa ham bekorlarning o'n beshtasini aytibdi. Ohimdan olovim chiqib, nima qilarimni bilmay qoldim. Kundalikning o'sha betlarini yirtib tashlagim keldi. Nega endi menga emas, allaqayoqdagi bir kimsaga ishongani alam qilib ketdi.
Men ham bor alamimni yozuvdan oldim.
17 avgust 1969 yil
«Bizning qishloqda o'qigan qizlarni «yomon qiz»ga chiqarishardi. Qancha institutga topshirishga harakat qilmay, ota-onam, qarindoshlarimning qarshiligiga uchrardim. Taqiqlar qancha ko'paysa, ishtiyoqim shuncha ortardi. Uyimdagilardan berkitib, pochta orqali Buxoro tibbiyot institutiga hujjat topshirdim. Imtihonga chaqiriq xati keldi. Bundan xabar topgan ota-onam meni zudlik bilan qishlog'imizdagi bir yigitga unashtirib qo'yishdi. Uning ismini bilardim, xolos. Hatto qanday yigitligini ham bilmasdim. Maqsadlarim yo'lida g'ov bo'lgan bunday inson bilan taqdirimni bog'lashga ikki dunyoda ham rozi bo'lmayman, dedim. O'sha kunlari ko'chaga chiqishimni ham taqiqlab qo'yishdi. Yagona chora — uydan qochish. Bir tunda bisotimdagi hamma kitoblarni jomadonimga joylab, yayov yo'lga tushdim. Na itdan qo'rqibman, na sharpadan! Fikru yodim faqat shu qishloqdan ketish edi. Tong otib boraverdi, men ketib boraverdim. Buxorogacha uzoq yurdim. Taqdirimdan qochdimmi, taqdir mendan qochdimi, xullas, hammasiga ko'z yumib shaharga keldim. Bu orada imtihonlarni a'loga toshirib, Buxoro tibbiyot institutining bolalar jarrohligi yo'nalishiga qabul qilindim. U davrlar bir ajoyib edi-da, yotoqxonadagi talabalar bilan aka-uka, opa-singildek bo'lib yashardik.
Sizni o'sha yotoqxonada uchratganman. Ota-onasidan o'qishni deb kechib kelgan ko'ngli nimta bir qizning tuyg'ulari sizni qiziqtirmagandir, ehtimol. Lekin men baxtning kaliti bitta emasligini tushungandim. Namunali o'qishingiz bilan boshqa talabalar ichida ajralib turardingiz. Ikkinchi kursda paxta yig'im-terimiga borganimiz sira yodimdan ko'tarilmaydi. Turmush qurishimizni paxta egatlarida aytgansiz… Nimagadir to'yib-to'yib yig'laganman. Ota-onamning oq fotihasini olmay qanday baxtli bo'lish haqida o'ylagan bo'lsam kerak. «Siz haqingizda hammasini bilaman. Hali yaxshi kunlarimiz ko'p bo'ladi», deganingizda boshimdagi savdolardan xabaringiz bor ekan, deb o'ylaganman. Mard bo'lib qishlog'imga olib borgandingiz. Otam otdan yiqilib halok bo'lgan ekan. Onam bechora bir burda bo'lib qolibdi. Ko'rib tutdek to'kildim. Fikrimdan qaytmoqchi ham bo'ldim, lekin siz va onam bunga rozi bo'lmadingizlar. Vaqt otam oldidagi farzandlik burchimni bajarishdek dardning davosini topdi va men o'zimda yangidan kuch topdim…
To'yimiz o'tgach, onamni ham olib ketishingizni aytganingizda sizni tanlab adashmaganligimni yanada yaxshiroq anglaganman. Bundan yaxshi inson bo'lishi mumkin emas dunyoda, deganman. So'zingizda turdingiz. Keyinchalik onam biz bilan yashadi. To'g'ri, bu orada sizning oilangiz bilan ham biroz ko'ngilsizliklar bo'ldi, biroq siz hammasiga chora topdingiz, mening uchun oilamiz baxti uchun kurashdingiz. Birin-ketin farzandlarimiz tug'ildi. Hayotimdan hech nolimadim. Bo'lib o'tgan alamli kunlarim tarixga aylandi, deb o'ylagandim. Qorlar yog'di, izlar bosildi, deb o'ylagandim. Shuni pok vijdonim bilan ayta olamanki, taqdirim ham, tan mahramim ham faqat sizsiz!
Yillar menga bo'lgan ishonchingizni toblamabdi-da! Fitnaning urug'i hech qurimas ekan-da! O'sha men unashtirilgan kaltabinning ismi Abdusamat edi. Hoynahoy, qismat uni menga emas, sizga duchor qilganga o'xshaydi. Aslida, siz emas, men xafa bo'lishim kerak. Xavotir olmang, sizni izlamayman! Sizga quyib qo'ygandek o'xshaydigan to'rt o'g'limizni yaxshi tarbiyalayman. Sog'insam, ular bilan suhbatlashaman, kuyinsam, ular bilan dardlashaman. Lekin shuni aniq bilamanki, bugun uyga qaytasiz…»
Kundalikni yozib tugatmasimdan darvoza sharaqlab ochildi.
— Sanam-m-m!!! Qanisan? Bolalar qani? Bugun to'yimiz bo'lganiga o'n besh yil bo'libdi. Bir bayram qilaylik! Dasturxon tuza…
— Xudoga shukr! Oxiri hamisha xayrli bo'lsin!
Yulduz ISOQOVA
Manba: Hordiq.uz

Смс Шерлар