Главная » Hikoyalar » Hikoya: Bir ayol dardi
Hikoya: Bir ayol dardi

Hikoya: Bir ayol dardi

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Hikoya: Bir ayol dardi
  • Дата релиза: 16-09-18, 16:44
Hikoya: Bir ayol dardi
Kuzning ilk kunlari. Zarifa o'g'illari va qiziga qarab, bir dam xayolga toldi.

«Vaqt ayovsiz yuguradi, birpasda katta bo'lib qolishdi. O'g'illarim xuddi rahmatli otasiga o'xshaydi. O'zlarini tutishi ham, gapirishi ham. Ayniqsa, Sardor otasining quyib qo'ygandek o'zginasi. Ilohim, umri o'xshamasin!»

— Oyi, endi katta bola bo'lib qoldim, maktab uchun ovqat pulini ko'proq berasiz, shundaymi? — Sarvarning ko'zlari chaqnadi.

— Oyi, menga qo'g'irchoq olib bering, — kenjatoyining chuchuk tillaridan so'zlar biyron chiqayotgandi, — o'zi yuradiganidan.

— Menga esa mashina! — gapga qo'shildi Suhrob.

Zarifa labini tishladi. Qo'lida bor-yo'g'i ro'zg'or uchun yetadigan pul. U ham bo'lsa, eng asosiy oziq-ovqatga atalgan. Ayolning bo'g'ziga tiqilgan og'riq, xo'rlik ko'zlariga beixtiyor yosh qalqitdi. Lekin u ko'zidagi namni ko'rsatishdan qochib, darhol «Qani, bolalar, hammamiz kiyinamiz, kechikyapmiz», deb holatiga mutloq zid ravishda qiyqirib kuldi.

— Pul berasiz-a, oyi? — tabiatan injiqroq Sarvarning yuzi o'zgargan, qovoqlari uyula boshlagandi.

— Bo'ldi, oyimni qiynayvermasang-chi, qara, oyim seni deb yig'layapti!

Zarifa shu tob katta o'g'li Sardorni eri Muzaffarga juda o'xshatib yubordi.

— Oyim menga va'da bergan…

— Pulimiz kam, men o'zimning pulimni senga beraman, — Sardor cho'ntagidan mayda pullarni chiqardi. — Mening qornim ochmaydi, mana, olaver. Lekin oyimni qiynama!

— Kerakmas sizning pulingiz! Hamma o'rtoqlarimga dadasi «Katta bo'lib qolding», deb ko'p pul beryapti, — yig'lashga tushdi Sarvar. — Mening dadam yo'q-da, to'g'rimi, shunga hech kim meni o'ylamaydimi?!

— O'g'lim! — Zarifa o'g'lining gaplaridan titrab ketdi va yerga tiz cho'kib, Sarvarning ko'z yoshlarini artdi. — Bu nima deganing, bolam, axir sening oying bor-ku?! Sen uchun hamma narsaga tayyor oying bor, bolajonim, nega yig'laysan?!

Zarifa ro'zg'or xarajatlari uchun atalgan pulidan olib o'g'liga uzatdi:

— Ol buni. Maktabda istagan narsangni yegin, sen chindan ham katta bola bo'lib qolibsan!

— Katta bo'lganida qiz bolaga o'xshab dod solarmidi! — Sardor ukasiga g'azab bilan tikildi-da, u tomonga odimladi. — Bir tushirardimu oyim qo'ymaydi-da.

Ayol o'g'illarining holatiga bir kulgisi kelardi, bir urishgisi. Miyig'ida jilmaygan ayol ko'z yoshlarini artdi-da, bolalarni bog'cha va maktabiga kuzatdi. Qo'lidagi beso'naqaygina sumkasi bilan avtobusga bir amallab chiqib olganida o'zi tengi ayolning unga joy berganini ko'rib, tag'in dili g'ash tortdi:

«Shunchalik yoshi katta ko'rinamanmi?»

Ko'chalarni tomosha qilayotganday ko'rinsa-da, Zarifa xayolan o'tmish yo'llariga boqardi.

«Ko'p emas, o'n besh yil muqaddam go'zal, bir qarashda o'ziga maftun eta olishga arziydigan husni bor qiz edim. Har holda, shunday deyishardi. Hozir-chi? Heh, o'zim qatori ayol joy berganiga qaraganda… Yoki qo'limdagi sumkam tufaylimikin bu iltifot? Nahot shu qadar yoshi o'tgan ayolga o'xshab qoldim? Bu savolga javob berish uchun aqalli uydan chiqayotganda oynaga qarash kerak edi. Qachon o'zimga oro berdim, tuzukroq kiyindim, qachon yaxshi atirlar sepib, yuzimga ul-bul bo'yoq tekkizdim? Sochimni tarash kifoya, deb yugurgilagancha ko'chaga shoshayotganimga ham besh yil bo'libdi. Ha, umr yo'ldoshim vafot etganidan beri dunyo menga zindon! Kim uchun ham yasan-tusan qilardim? O'zing uchun deysizmi? Menda o'zlik qolibdimi, faqat bolalar beva ayollarni hayotda ushlab tursa kerak. Yo'q, faqat bevalarni emas, kasal, charchagan, baridan to'yganlarni ham. Ular men uchun erimdan qolgan yodgorlarim, qalb gavharlarim.

Afsus! Meni butun olamdan qizg'angan inson bugun yonimda emas va men o'n yil erining xohishlariga zarracha qarshi chiqmagan, itoatkor ayol bugun har kuni ko'chadaman. Ro'zg'or yukini ko'taraman, deb bozorga ham chiqdim, idish ham yuvdim. Ish ketiga ish ulab, mehnat qilishga majolim yetmaydiyu, lekin bolalarimni o'ylayman…»

Zarifa avtobus manzilga yetganini sezmay qolishiga bir bahya qoldi:

— Voy, shoshmang, men tushaman!..

— E-e-e, aytmaysizmi, xola, tusha qoling tezroq!

Zarifaning pul uzatgan qo'llari titradi. Go'yo avtobus salonidagi odamlarning bari uning asl yoshidan xabardoru, bu odamning «xola» deganini masxaralashday his etdi o'zini. Ayol qalbidagi hislarni doimgiday chetga surib, pol yuvish uchun yugurdi.

— Kech qoldingiz Zarifa opa, doim shu ahvol, — bejirim yubka kiygan menejer qiz ensasini qotirdi. — Bugun nima bahona, yana bolalarmi?

— Bahona emas, chindan bolalar, — fartugini shoshib taqayotgan Zarifa jilmayib qo'ydi. — Siz ham farzandli bo'lsangiz, tushunasiz meni.

— Shundoq ham tushunib, kechikayotganingizga ko'z yumyapman-ku, opa, — dedi qiz qo'lidagi telefondan ko'z uzmasdan. — Zarifa opajon, malol kelmasa, avval menga achchiq qahva tayyorlab, keyin ish boshlang.

— Ha, albatta.

Zarifa ilk bor menejer qizning kiyimlariga, pardozi, soch turmagiga e'tibor qildi. Qo'llari shoshib qahvaga qoshiq suqar, nigoh esa qizning tirnoqlarida edi. Ayol qahvani atay qizning orqasidan aylanib o'tib, stolga qo'ydi. Atir iforini tuyush uchun.

— Hammasi a'lo, biror nuqson topa olmaysan, — o'zicha beixtiyor gapirib yubordi ayol.

— Tushunmadim, menga gapiryapsizmi?

— Yo'q, yo'q!

Zarifa ishlariga o'ralashib ketdi. Qo'llari tinimsiz harakatda, ammo o'ylari tarqoq, yuragi siqilgan, xuddi nimadir sodir bo'ladiganday… Bir tomondan ro'zg'or uchun ajratilgan pul yetmasligini, yana qarz so'rashga esa iymanayotganini o'yladi. «Maoshimni oldindan olib bo'lganman, shunday ekan, qarz so'rashdan boshqa ilojim yo'q!»

Ayol yutinib oldi-da, menejer qizning oldiga kirdi.

— Xalaqit bermadimmi? Men h-haligi… siz bilan gaplashib olmoqchi edim…

— Voy, Zarifa opa, doim zab vaqtini topasiz-da, — shoshib boshqa, yana-da balandroq tuflisini kiyayotgan qiz hovliqqanidan boshini urib oldi. — Jin ursin!

— Ehtiyot bo'ling!

— Xo'jayinning ayoli dugonalari bilan kelayotganmish, — terilgan qoshlarini uchirgan qiz endi yuzini bo'yashga tushib ketdi, — boshimga bitgan balo bo'lib! Umri davomida erining do'koniga kelmagan ayol bir to'da dugonalari bilan tashrif buyuryapti. Yaxshilab kutib olmasak bo'lmaydi. Zarifa opa, qaqqayib turmay tezroq ayvonchaga joy tayyorlang. Gullar ham olib kelishsin, shirinliklar ham.

Zarifa buyruqlarni bajarishga tushdi. Ancha yilardan beri yeya olmayotgan shirinliklar, sovg'a qilinmay qo'yilgan gullar, barchasini ko'rkam, keng ayvonchaga olib kirdi. Ayol o'zi ishlayotgan do'konning egalari badavlat ekanidan xabari bor. Ammo ularni hech ko'rmagan. Ayniqsa, xo'jayinning ayoliga hamma kabi u ham qiziqyapti.

— Zarifa opa, siz chiqavering, qolganini xizmatchilar qilishadi! — menejer qiz ayolning ust-boshiga ishora qildi. — Farrosh kiyimida qahva tashib yurmang tag'in, alohida ofitsiantlarni chaqirganman.

Bugun Zarifa uchun hamma narsa yig'ilib kelayotganday edi go'yo. Odatdagiday gaplar ham uning qalb torlarini bir-bir uzib yuborar, ich-ichidan yolg'izlikni tuyardi. Ko'ksida turgan alamning tashqariga chiqishi uchun yana nimadir yetishmayapti.

* * *

— Nihoyat, keldingiz, sizni suratlarda ko'rgandim. Voy, Xudoyim, hayotda yanada maftunkor ekansiz…

— Juda chiroyli do'kon ekan…

— Gullar bahri dilingni quvontiryapti…

Ochiq ayvondan kelayotgan ovozlar ham xuddi ayollar sepgan atirning xush ifori kabi mayin, yoqimli edi. Xandon otayotgan tovushlar, bijir-bijirlardan Zarifa na bir dard va na qayg'uni topdi. Eshik tirqishidan qararkan, ularning yuzida faqat shodon kulgi, mamnunlik. Faqat bir ayol eshikka orqa o'girib o'tirar, menejer qizning bu ayolga hali sharbat, hali qahva taklif qilishiga qaraganda, bu hamma kutgan, qiziqayotgan — xo'jayinning erka rafiqasi.

«Juda chiroyli kiyinarkan. Qo'lidagi soat naqadar nafis. Yon tomondan kulishi menga kimnidir eslatyapti…»

— Zarifa opa, — xizmatchilardan biri ayolni cho'chitib yubordi. — Yordamingiz kerak, mana bu kiyimni kiyib, bizga yordamlashing, ikki kishi ulgurmayapmiz.

Zarifa xizmatchilar kiyimini tez-da kiydi-da, qahva tayyorlashga tushdi. U patnis to'la qahvalarni ko'tarib, ayvonchaga o'tganida tanish ovozdan qo'llari titradi.

— Yoshim qirqda.

— Bo'lishi mumkin emas, axir juda yosh ko'rinasiz-ku.

— Hamma shunday deydi, lekin chindan ham qirqqa kirdim!

Shodon ovozlar yana-da balandroq jarangladi. Bir gala ayollar qurshovidagi xo'jayinning rafiqasinini ko'rish imkonsiz. Zarifa allanechuk hislar ostida titragancha patnisni stolga qo'ydi. Quloqlariga chalinayotgan ovoz, ha, bu ovoz, qanchalar tanish… Ayol ortga asta-asta qarar, ko'zlari bilan paypaslab tanish ovoz sohibasining yuzini ko'rishga intilardi. Nihoyat, buning imkoni bo'ldi. Zarifa shundoqqina o'n qadam narida o'tirgan ayolni ko'rdi. Ko'rdiyu darrov tanidi.

— Zulfiya?!

Ayolning pichirlagan, lekin qalbidan tug'yon bilan otilib chiqqan so'zini hech kim eshitmadi. U bir muddat nima qilarini bilmay turdi-da, darhol ortiga o'girilmay xonadan yugurib chiqdi. Eshik ortiga o'tar-o'tmas, ko'ksini changallagan ayol tez-tez nafas olar, ko'zlari esa katta ochilgan. Lablaridagi titroq «Bu Zulfiya-ku, Zulfiya!» deya so'zlar, u qochishni istardi. Shunday qildi ham. Do'konning narigi qanotidagi hali ishga tushirilmagan xonaga tozalash bahonasida kirib oldi, eshikni qulfladi, katta derazalarga yaqindagina osilgan pardalarni tortib berkitmoqchi edi, birdan… Birdan uning ko'zi qarshisidagi katta tosh oynaga tushdi. Bukilibroq qolgan qomatda qo'llar shalvirab turibdi. Bir tutam oq soch tushgan peshonada ajinlar ko'paygan. So'lg'in yuz, hech nima surtilmagan, qurib qaqshagan lablar va nursiz ko'zlar. Ayol ko'zgu qarshisiga juda yaqin keldi. «Bu ko'zlar… Men juda qarib ketibman. Meni hayot qaritibdi. Ha, ayniqsa, bu ko'zlar avvalgiday shodlikdan chaqnamayapti, yonmayapti. O'sha baxtiyor ko'zlar emas bu!»

Zarifa bir zum o'tmishga qaytdi.

O'sha kuni u dugonasi Zulfiyaning yoniga borgandi. Zulfiya darsdan chiqa solib, dugonasiga ortidan kelayotgan yigit kursdoshi Muzaffar ekanini aytib, ishora qilgan. Zarifa esa dugonasining es-hushini o'g'irlagan yigitga qochirma hazil qilib, uning ustidan kulishga urinardi. Shu tariqa Zarifa Muzaffarning ko'nglidan joy olgandir, ehtimol. Dastlab qanchalik ko'ngli bo'lishiga qaramay, Muzaffar bilan aloqa o'rnatish Zulfiyaga nisbatan xiyonat deb hisoblagan Zarifa muhabbatini tan olmadi. Biroq Muzaffarning dil izhorlari alal-oqibat uni ham eritdi. Zulfiya esa, tabiiyki, qattiq ranjidi va bolalikdagi dugonasi bilan munosabatini uzil-kesil uzdi. Ana o'sha kundan beri Zarifa Zulfiya haqida eshitmadi ham. Bugun esa…

Zarifa hozir dugonasiga ko'rinmaslik uchun har narsaga tayyor. Beshafqat vaqt uni qay darajada o'zgartirganini, maftunkor dugonasining qarshisida yer chizib turishini o'ylashni ham istamaydi. Shu payt birdan eshik qattiq taqilladi.

— Zarifa opa, eshikni nega qulflab oldingiz, oching! Mehmonlar bu xonani ham ko'rishmoqchi!

Bu menejer qiz edi. Zarifa uning gaplarini eshitib, sovuq terga botdi. Yo'q, u bu eshikni ocha olmaydi. Axir eshik ortida Zulfiya bor. Ammo qamalib olish ham ahmoqlik. Nima qilish kerak? Zarifa yugurib borib, yana tosh oynaga razm soldi, u yer-bu yerini to'g'irladi. Xuddi o'zgarib qoladiganday yenglarini ko'tardi, yana tushirdi. Va nihoyat, eshikni ochdi. Ostona hatlab kirib kelayotgan mehmonlar ayolga deyarli qaragani yo'q, ularning fikri pardalaru katta tosh oynada. Zarifa esa bu yerdan ham qochish payida… U boshini eggan ko'yi ketishga shaylangan edi hamki, oppoq qo'llar uning bilagidan tutdi. Zarifani butunlay egallab olgan titroq, asab, ortiq dosh bera olmasdi.

— Zarifa opa?

Bu Zulfiya emasdi. Zarifa menejer qizga qaradi. Qiz esa bir enlik xatni ayolga uzatdiyu, mehmonlar orasiga shoshildi.

Zarifa Zulfiya bu davrada emasligini tushungan, qo'lidagi xat ham aynan undan ekanini sezib turardi.

«Seni ko'rdimu, necha yillardan beri hayotimga yetishmayotgan asl do'stlik sog'inchini tuydim. Xudo xohlasa, hammasini izga solamiz! Iltimos, rad etma. Axir hayot o'tkinchi, hayot juda qisqa…»

Ertalabdan buyon Zarifaning ko'ksiga, bo'g'ziga qadalgan og'riq ko'z yoshlari orqali to'kildiyu ayol erib ketdi. Ehtimol, bu ertalabki emas, balki necha yil avvalgi vijdon azobining taskin topishiga o'xshash bir narsadir. Ehtimol, yaxshi hayot bo'sag'asidagi xush kayfiyatning bo'yidir bu! Zulfiya uni ko'rgan zahotiyoq ortidan yugurmaganini, uni xijolatga qo'ymaslik uchun ketganini va mana shu ikki enlik xatda qanchalar samimiyat borligini Zarifa anglagandi. Ayolning ko'z yoshlari qo'lidagi xatni ho'l qilarkan, xotirjamlikni his etardi.

Mohigul
DIYoRXO'JAYEVA
Manba: Hordiq.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: