Ijaraga olingan yaxshilik
- Категории: Hikoyalar
- Название: Ijaraga olingan yaxshilik
- Дата релиза: 19-09-18, 11:00
— Aka, bir ilojini qilmasangiz bo'lmaydi. Ishchilar juda betoqat bo'lyapti…
— O'zim ham sezib turibman, ukajon. Ishning yetmish foizini bitirib qo'ydik. Lekin buyurtmachilar ellik foiz ishning ham haqini berishmayapti. Boshlig'ining ofisiga qatnayverib mashinamning balloni, poyabzalimning tagcharmi yemirilib ketdi.
— Nima, nomardlik qilishyaptimi? Berishmas emishmi?
— Yo'q, qop-qop va'da berishadi. Qilayotgan ishimizning kiftini keltirib maqtashadi. Lekin ish haqidan darak yo'q. O'zimning bu yog'imda nimadir bo'lsa ekan, sotib, ishchilarning haqini to'lab qo'ya qolsam… .
— Bilmadim, aka. Nima qilsangiz qiling, ishchilarning hech yo'q o'ttiz foiz maoshini bermasangiz, hammasi «ketaman»ning ustida turishibdi…
Rasuljonning boshi qotdi. Ish boshqaruvchi ta'kidlab aytmasa ham ishchilarning kayfiyatini o'zi ham sezib turibdi. Axir bu odamlar issiq joyini, tayyor o't-o'chog'ini tashlab, qip-qizil dashtdagi qurilishga bekorchilikdan kelib ishlashayotgani yo'q-ku! Hammasining bola-chaqasi bor, qozoni qaynashi kerak…
Nima qilsa bo'ladi?
Rasuljon ishchilarga ish haqi bo'lishi mumkin bo'lgan buyumlarni xayolan chamaladi: xotinining taqinchoqlari. Yana o'g'il nabirasining sunnat to'yiga atab olib qo'ygan novvos va ot… Lekin Nigora tillaga, umuman, buyumga o'ch emasligi bois uning qimmatbaho taqinchoqlari ham u qadar ko'p emas, ot va novvos ham qancha turardi?.. Baribir, ishchilarning ish haqini qoplay olmaydi.
Manglayiga tutgan bitta mashinasi. Lekin uni sotsa, yayov qoladi-ku. Qurilishga kunda-kunora material kerak. Demak, Rasuljon material axtarib do'konma-do'kon, bozorma-bozor chopishga majbur. Ammo mashina bo'lmasa, bu yuz-yuz chaqirim yo'lni qanday bosib o'tadi? Buning ustiga, Nigoraning ham, o'zining ota-onasi ham vodiyda. Ularni haftada bo'lmasayam oyda bir marta yo'qlab turish kerak, keksa odamlar… Qarindosh-urug', aka-uka, opa-singillarni ham to'y-ma'rakada yo'qlamasa bo'lmaydi. Xullas, mashina ularga suv va havodek zarur.
Lekin ishchilarning ish haqini berish hammasidan zarur. To'g'ri, «Ketaman», degan bilan ishchilar darrov yo'lga otlanmaydi. Shuncha kutishgan, yana kutishadi. Ammo…
Rasuljon bir qarorga kelgandek bo'ldi.
* * *
— Nigish, «Lasetti»ning pulini qurtday sanab olib ham aka-ukalarimga bir-ikki so'mdan beray, demaysan?
— Qanaqa pul? Qanaqa «Lasetti»? Kim nimani sotibdi? — dedi Nigora o'rtancha akasi Baxtiyorning hazil aralash aytgan gaplarini tushunmay kipriklarini pirpiratib.
Baxtiyor bir chekkada yostiqqa suyanib choy ichayotgan kuyovi Rasuljonga qarab:
— Ie, kuyov, mashinani sotganingizni xotiningizga aytmaganmidingiz? Sirni ochib qo'yib, chatoq ish qilibmiz-ku, — dedi yasama afsus bilan.
— Mashina o'zimniki. Nigoraning mashinasi uyda turibdi, ustiga duxobo yopinchiq yopilib. Xullas, men o'z mashinamni sotdim, xotinnikini emas, — dedi Rasuljon.
Nigora birpas erining gaplarini yaxshi anglamay, angrayib o'tirdi-da, so'ng:
— Mashinani sotdingizmi, dadasi? Axir yirog'imizni yaqin qilib turgan shu to'rtta g'ildirak edi-ku. O'zi shuningsiz ham hafta oshirib, uch-to'rtta to'y-to'ychiqni bitta qilib, tugun tugib kelamiz. Mashina bo'lmasa, taksiga pul chidaydimi? — dedi.
Nigora yig'lamoqdan beri bo'lib.
Rasuljon agar hozir xotiniga «U-bu», deya tushuntirish qilsa, gap-so'z cho'zilib ketishini bilgani uchun cho'rt kesdi:
— Onasi, «Qo'lingdan uchgan qush uchun afsus chekma!» degan gapni eshitgansan-a?! Mashina sotilib bo'ldi. U endi senikiyam, menikiyam emas! Egasining moli! Ming «dod-voy», deb yer tepinsang ham qaytib ololmaysan! Menda boshqa gaping yo'qmi? Bo'lmasa, narsalaringni yig'ishtir, uyga qaytamiz!
Nigoraning qarindoshlari «Shamol, bo'ron», deya ataydigan Rasuljonni bunaqa paytda hech kim to'xtata olmasdi. Aytdimi, aytganini qiladi. Nigora «Osh bo'layotgan edi», deya jig'illayotgan kelinoyilariga:
— Osh yeb yurgan joyimiz. Boshqa kelamiz, — dedi-da eriga qaradi:
— Tugunlarim bor edi, ishqilib, tugunlarimni ham qo'shib sotib yubormadingizmi?
— Tugunlaring o'zingdan boshqa kimga kerak, ana, ayvonda turibdi.
* * *
Ishchilarga ish haqini tarqatgach quruvchilarning rangpar yuziga qon yugurgandek, harakatlariga jon ingandek bo'ldi. Rasuljon go'yo bir narsani qoyillatib qo'ygandek, ikki-uch hafta dadil-dadil qadam tashlab yurdi. Lekin bora-bora oyog'idan darmon qochdi. Bu yoqda ish haqidan chegirgan pulning ham tagi ko'rinib qoldi. Ayoli ham indamagani bilan dardi ichida.
Kelinoyisi hafta sayin:
— Bir-ikki kuningizni «Yo'q» deb kelsangiz, Doniyorga sovchilikka yurardik. Sizning o'rningiz boshqa, «shaharlik amma», degan otingiz, salobatingiz bor, — deya qo'ng'iroq qilyapti.
Nigora:
— Bolalar ta'tilga chiqsin, biryo'la boramiz, — deb bahona qilayotgan bo'lsa-da, bir ko'zi erida.
Doim har narsaning ilojini topgan Rasuljon bu gal ham nimadir o'ylab topib, bordi-keldi yukini yengillashtirib yuboradigandek. Lekin Rasuljon bu safar chora topishga ojizlik qilayotganmidi, jim edi.
— Dadasi, Adolat aya qo'ng'iroq qildi…
Rasuljon odatdagidek Nigoraga sir boy bermaslik, «bor-kel»dan gap ochishga imkon yaratmaslik uchun qovog'ini soldi.
— Nima gap? Salomatlik ekanmi?
— Ha, sizda ishi bor, shekilli. «Rasuljonga qo'ng'iroq qilib tusha olmayapman, kelsa, men bilan bir gaplashsin», dedilar.
Rasuljonning yuragi «shuv» etdi. Adolat opayam pul so'rasa-ya? Axir o'g'li o'lib, nabirasi bilan yolg'iz qoldi-da.
Adolat ayani Rasuljon «Ikkinchi onam», degan. Chunki talabaligida shu beva ayolning uyida ijarada turgan edi. «O'g'il bola faqat er kishiga xos ishlarni qilishi kerak», degan tarbiya bilan ulg'aygan Rasuljon tuxum qovurishniyam eplay olmasdi. Shuning uchun ham yotoqdan joy tegmaganiga uncha xafa bo'lmadi. Institutga yaqin joydan ijaraga uy topdi. Adolat aya chindan ham Rasuljonga onalik qildi. Rasuljon bir oyda bir marta uyiga borib, quti-quti oziq-ovqat ko'tarib kelsa-da, taom pishirish bobida no'noqligidan ba'zan xijolat bo'lar, Adolat aya:
— Bolam, hech tortinmang. Ikki odamga yetgan bir kosa ovqat uch odamga ham yetadi. Sarkash o'g'limni yaxshi-yaxshi gaplaringiz bilan jilovlab turasiz, — derdi.
U paytda ayaning o'g'li Jonibek hali o'smir bola edi. Ular bir paytlar Kavkaz taraflardan surgun qilinib, endi o'troqlashib qolgan mahallada yashashar, ancha mahalliylashib qolganiga qaramay, bu mahalla bolalarining qoni qaynoqroq edi. Kunda-kunora urish-janjal chiqar, Jonibek ham ularga qo'shilib, bir ish orttirmasin, deya Adolat ayaning joni halak edi. Rasuljon Jonibekni yaxshi gap bilan, akalarcha mehr bilan o'z qanotida ushlab turar, shu bois Adolat aya:
— Yotoq berishsa ham ketmang, Rasuljon, ukangiz bebosh bo'lib ketadi, — deya yalinardi.
Rasuljon-ku Adolat aya uchun ham, Jonibek uchun ham qo'lidan kelgan yaxshiligini qildi, lekin, baribir, Jonibek bebosh chiqdi: to'ysiz, nikohsiz uylandi. Adolat aya:«Zinoning kasofati yomon bo'ladi», — deya keliniga ko'ylak-lozim kiydirib, domlaga nikoh o'qittirdi, rasmiy nikohdan ham o'tkazdi. Lekin o'g'liga bo'lajak xatarni onaning yuragi, baribir, sezar ekanmi… Ikki yilcha bo'lib qoldi, Jonibek o'zi tengi yigitlarning pichoqbozligi ichiga tushib, qazo qildi. Yigitlar hali-hanuz «Unda ayb yo'q, u ajratmoqchi bo'lgan edi», deyishadi.
Lekin endi bu gaplardan nima naf? Navqiron yigit yer ostiga ketganidek, kelin ham yurtiga jo'nadi. Ammo insofi bor ekan, Temurni qaynonasiga qoldirib ketdi. Bugun o'sha g'amguzar ona Rasuljonni chorlabdi. Bordi-yu qiynalib qolib, pul so'rayotgan bo'lsa, nima qiladi?
— Nigora, — dedi Rasuljon yerdan bosh ko'tarmay.
— Labbay, dadasi?
— Agar Adolat aya qiynalib qolib, yordam so'rasa, taqinchoqlaringni sotamiz. Yo'q, demaysan.
—…
— Shu quloq-bo'yindagi narsalar odamdan aziz bo'ptimi? Bor-yo'g'i tosh-ku!
— Bo'g'ilmang, dadasi. Siz nima desangiz shu! Men bir narsa dedimmi?
* * *
Adolat aya Rasuljonni uzoq bag'riga bosib turdi. Yelkalariga boshini qo'yib, to'liqib-to'liqib yig'ladi. Rasuljon indamadi: ayani o'z holiga qo'yib berdi. Bunaqa paytda har qanday tasalli ojiz edi.
O'tirishgach, Rasuljon tilovat qildi. Aya choy damlab keldi.
— Ta'tilga chiqsa, Temurni uyga olib ketaman. Bolalar bilan o'ynab keladi, — dedi Rasuljon.
— Mayli, borsa, biror haftaga borar. Usiz bu hovli meni yutib yuboradi, bolam. Yaxshiyam, Xudo mening rahmimni yeb, shuginani qoldiribdi. Shu yeydi deb taom pishiraman, kiyadi, deb harakat qilaman…
Aya yana ko'z yoshlarini yengiga artdi.
— Ha, Xudoyim mehribon… Aya, qiynalib qolmadingizmi?
Rasuljon boyligi oshib-toshib yotgandek gapirdi.
— Yo'g'-ey, nafaqam bor… Kelinim yo'qlab turadi. Shu Jonibekning mashinasi bor, bilasan, Rasuljon. Kreditga olgan edi, hozirgacha oylik haqini to'layapman… So'raganlar bo'ldi, sotishga ko'zim qiymayapti, o'g'limning qo'llarining izi, hidi qolgan. Katta bo'lsa, o'g'li minar… Eshitdim, ulovsiz qolibsan. Mashina olguningcha shuni minib tursang. Boshqaga bergim kelmayapti, shaqillatib tashlaydi, deb qo'rqaman. Sen yurakli yigitsan, avaylab minasan…
Rasuljon ichida «Xudojon, bu qanday karomat?» deb yubordi, ammo sipolik bilan:
— Aya, turaversin edi, artib-surtib tursangiz, — dedi.
Aya:
— Tursa, zang bosarkan. Rasuljon, yana besh-olti yildan so'ng Temurning oyoq-qo'li pedal, rulga yetadi. Hozir uyda tursa, ishqibozligi erta boshlanib ketmasin deyman. Men senga o'zimga ishongandek ishonaman, — dedi.
Yarim soatdan so'ng Rasuljon Adolat ayaning hovlisidan «Neksiya»ni minib chiqar ekan:
— Kreditini o'zim to'lab turaman, aya! — dedi.
Qutlibeka
RAHIMBOYEVA
Manba: Hordiq.uz

Смс Шерлар