Главная » Hikoyalar » ​MEHRIBON (Ta'sirli hikoya)
​MEHRIBON (Ta'sirli hikoya)

​MEHRIBON (Ta'sirli hikoya)

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: ​MEHRIBON (Ta'sirli hikoya)
  • Дата релиза: 29-06-17, 13:53
​MEHRIBON (Ta'sirli hikoya)
Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari.

Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…

Uch yil muqaddam…

Sobira o`zi pishirgan tortning o`rtasiga bittagina shamcha qadadi. Halizamon o`g`li Sherzodning shamni puflab o`chirishini tasavvur qildi. Bir yoshga endigina to`lgan bola shamni o`chira olmaydi, bu ishni dadasi bilan ayajonisi bajarishadi. Keyin haqiqiy bayram bo`ladi. Yigirma bir yildirki, fevralning o`n sakkizi Sobirani bir yoshga ulg`aytiradi.

U tug`ilgan kunini bir mo``jiza yuz berishi kerakdek kutardi. O`tgan yili o`sha mo``jiza chindan ham yuz berdi. Sobira tug`ilgan kunini tug`ruqxonada kutib oldi, tug`ilgan kunida o`g`li dunyoga keldi. Mana shunga ham bir yil bo`libdi. Bugun birinchi qo`shaloq bayram. Ona va bola shodlanadigan kun…

Eshik taraqlab ochilib, shirin xayollari to`zg`ib ketdi. Ostonada ko`zlari qizarib ketgan, rangi oppoq eri turardi. U qaltirab Sobiraning oldiga keldi. Xirillab gapirdi:

-Xotin, puling bormi? Ber menga! Opchiq pulingni!..

Sobira ko`zyoshlarini tiyish uchun labini tishladi.

-Dadasi, bugun o`g`lingizning tug`ilgan kuni edi. Shunga dasturxonga ul-bul olish uchun ozgina yig`ib qo`yuvdim…

Eri bor kuchi bilan stolni mushtladi. Sobira qalqib ketdi.

-Ber dedim, — yanoqlari titrab dedi Mavlon.

Sobira ko`z yoshlari tirqirab ketgan yuzini qo`llari bilan yashirdi.

- Bermaysanmi?! Mana bo`lmasa!

Mavlon bir zarb bilan stol ustidagi hamma narsani sindirib tashladi. Idish-tovoqlar bilan birga kichkinagina tort ham er bilan bitta bo`ldi. Keyingi zarba musht shakliga kirib, alamdan ko`zlari katta-katta bo`lib ketgan Sobiraning yuziga tushdi. Erga yiqildi. Mavlon uning cho`ntaklarini kavlab bor pulini oldi-yu, hansirab chiqib ketdi. Sobira butun qolgan shamchani ushlab kechgacha yig`ladi. Bu Sobiraning ota-onalari sabr kosasiga tomgan eng so`nggi tomchi bo`ldi. Qizlari bilan nabiralarini tabriklashga keldilaru bu xonadondan butkul uzildilar. Sud ham bo`ldi. Giyohvand er turmaga, Sobira bolasini olib otasinikiga yo`l oldi.

* * *

«Tor qornimga siqqan bolam keng uyimga ham sig`adi»- deya olib kelingan Sobira keng uyga sig`di, lekin keng ko`ngilni topa olmadi. O`zga xonadonda yashagan qisqa muddat ichida jonajon uyidan qanchalar uzoqlashib ketganini his qildi. Qulf-kalitga ega chiqqan kelinoyisining qosh chimirishlari, akasining o`z bolalarini panaga tortib shirinlik ulashishlaridan dod deguday bo`lardi. Yolg`iz panohi – ota-onasi ertayu kech mehnatdan bo`shamas, amal-taqal ro`zg`orning endilikda yana ikki og`iz qo`shilib yanayam ko`payib ketgan kamlarini butlashga harakat qilishardi. Bir yil ana shunday o`tdi. Tug`ilgan kunlarida ayasi osh damladi. Dadasi topgan-tutganini dasturxonga to`kdi. Akasi Sherzodga o`yinchoq sovg`a qildi. Ko`ngildagidek o`tayotgan kichkinagina bayramning noxush yakun topishiga ana shu o`yinchoq ayiqcha sabab bo`ldi. Akasining to`rt yashar o`g`li o`yinchoqni yulqib olib uylariga qarab chopdi. Hozirgina shodligi ichiga sig`may o`tirgan bolakay ko`zida yosh bilan atak-chechak qadamlarini ildamlatib, uning ortidan quvib kelinoyisining xonasiga kirib ketdi. Sobira bilan ota-onasi hay-haylagancha qolishdi. Dam o`tmay avval kelinoyining shang`illagani, keyin tarsaki tovushi eshitildi. Sobira bolalarcha sho`xlik qilgan jiyanining bunday jazolanishini kutmagan edi. Sherzodga o`yinchoqni akasi bilan birga o`ynashni aytish uchun o`rnidan turdi. Lekin keyingi ko`rgani qalbiga muz bo`lib qadaldi. Kelinoyining xonasidan lo`ppi yuzlarida ingichka barmoqlarning izlari qizarib ko`rinib turgan Sherzod yig`lab chiqib keldi. Deraza ortida o`yinchoqni quchib olganicha bolalarga xos bo`lmagan zaharxanda kulganicha akasining o`g`li qarab turardi.

Tomog`i g`ippa bo`g`ildi. Dasturxondagi osh oilaning kichkinagina bayrami kabi sovudi. Bolasining quchib yotganicha uzoq yig`ladi. Shiringina bo`lib uxlab qolgan Sherzodning panja izi tushgan yuzini siladi, yanoqlarida qotib qolgan tiniq ko`z yoshlarini kafti bilan artib oldi. Har qancha sitam o`ziga bo`lsa chidar, bolasida nima gunoh?!

Vaqt o`tgan sayin onasining gaplari asosli tuyula boshladi. Bu xonadonda omonatligini his qilaverdi.

Sovchi keldi. Avvalgi xotinining tili yomon ekan, qaynonasi janjallardan bezib ajratib yuboribdi. Sobiraning tili yomonmas, yashab ketishi kerak. Faqat bolasi ota-onasi bilan qoladi, kattalarning kelishuvi shunday!

Sobira yig`lab-siqtab axiyri rozi bo`ldi. Sherzodni tez-tez olib borib turadigan, yana farzandli bo`lganida butunlay olib kelishni o`ylab ko`radigan bo`lishdi. O`gay otaning, yangi kuyovning fe`lini bilmaguncha onasi shunday yo`l tutishga qaror qildi.

* * *

Yangi xonadon a`zolari somsapazlik qilisharkan. Uylarining ko`chaga qaragan biqinida ikkita tandir o`rnatilgan. Eri Ikrom ertayu kech tinmaydi, uka-singillarini ham bir zum tindirmaydi. Xaridorlari ko`p, yasalgan somsalar uy ichidan chiqib kelaveradi, Ikrom durra yopinib tandir ichiga bosh suqaveradi, onasi qip-qizil somsalarni pullayveradi. Sobira ham ishga kirishib ketdi. Avvaldan chaqqon edi, lekin bu xonadon a`zolariga etib ishlash uchun yanayam tirishdi. Bu oiladagilar chumoliday g`imirlab ro`zg`or butlashar, juda boy bo`lmasalarda o`zlariga to`q edilar. Ikrom bu xonadonning norasmiy boshlig`i. Qattiqqo`lligi uchun hamma undan hayiqib turar, arzimagan ayb uchun ham achchiq-achchiq gaplar eshitishardi. Bir hafta ichidayoq erining so`kishidan ikki marta bahra topishga ulgurgan Sobira o`g`lini olib kelmay to`g`ri qilganiga ishonch hosil qildi. Lekin oldingi giyohvand eri oldida Ikrom farishtadek ko`rinardi. Asta-sekin erining biroz to`poriligiga ham ko`nikib ketdi.

* * *

Ikrom bilarmikan? Bugun tug`ilgan kunlari ekanligini eslarmikan?! O`ziku mayli, bolasi kelganida sovg`a bermasa ham ikki og`iz shirin so`zi bilan ko`nglini ko`tarib qo`yarmikan?! Bu kabi savollar bugun ich-ichidan qaynab chiqardi. Bu xonadonga kelin bo`lib tushganidan beri o`g`lining har kelishi ham quvonch, ham hadikda o`tadi. Birinchi kelishida eri Ikrom Sherzodning kichkinagina burunchasini barmoqlari orasiga qisib erkalagan bo`ldi. Ayajonisiga ega chiqqan odamning bu qilig`i bolaga aksincha ta`sir qilib yig`lab yubordi. Sobira bolasini quchib oldi, eri bir nimalar deb g`o`ldiragancha o`rnidan turib ketdi. Shu-shu bola bilan o`gay otaning uchrashuvlari sovuqqina o`ta boshladi. Lekin bugun tug`ilgan kunlari, hech bo`lmasa bolaginasi bugun bir og`iz shirin so`z eshitar…

Eri erta tongdan yo`lga otlandi.

-Kiyimlarimni tayyorla, bozorga tushib mayda-chuyda qilib kelaman.

Quvonganidan o`rnidan turib ketdi, tug`ilgan kunlari bayram bo`larkanda. Lekin keyingi so`zlar uni joyiga mixlab tashladi.

-Soat to`rtga uch yuzta somsaga buyurtma bor. Piyozni to`g`rab qo`yinglar, men toza un bilan go`sht olib kelaman.

Dadasi bilan ayasi kunduzi kelishadi, uylari uzoq, kechga qolmay qaytishadi. Demak tug`ilgan kun, bolaning ko`ngli degan gaplar puch orzu, etib bo`lmas armon...

O`ylaganidek qaynonasi, qaynsinglisi bilan tushgacha somsaga urinishdi. Ko`zi yo`lda bo`ldi. Eshik taqillab avval Sherzod, keyin dadasi bilan ayasi ko`rindi. Sakrab ketdi. Yugurib borib bolasini quchib yig`layverdi. Qaynonasi mehmonlarni ichkariga boshladi. Ota-onasi bilan hol-ahvol so`rashib yana bolasiga talpindi. Katta bo`lib qolibdi, qosh ko`zlari bobosini eslatadi, tillari burro, she`rlar aytishni o`rgatishibdi. Xonasiga olib kirib boshqatdan bag`riga bosdi. Yana yig`ladi, bolasini hidlab-hidlab yig`ladi.

Vaqt shuvillab o`tdi. Choy ichishdiyu ovqatga ham qaramay qaytish harakatiga tushishdi.

Hozir bolasi ketadi, ketishi kerak, shart ketishi! Qaynonasidan najot kutdi. Bir og`iz qolaqolsin desa-chi, bir kungina bolaginasini bag`riga olib yotsa-chi?! Mulozamatni o`rniga qo`yayotgan qaynona o`g`lining ruxsatisiz bu ishni qilolmaydi, xonadonida o`gay nabira emas, o`zining avlodi chopqillab yurishi kerak!

Sherzodning kamzulchasi tugmalarini o`tkaza boshladi. Hozir ikki tugmani o`tkazsa bo`ldi, bola tashqariga chiqadi, keyin olib ketishadi. Qo`llari titrab tugmalarni qaytadan echdi. Onasining bu ishi sababini tushunmay turgan bola biyron tillari bilan gapirdi:

-Aya, tuyma o`tkazishti bilmaysizmi? Mana-mana, men qanday o`tkazishti bilaman.

Bola xuddi qoyil qilib qo`ygandek jilmayib turardi.

Ko`z yoshlari quyilib ketdi. Yana Sherzodni quchib oldi. Ayvon derazasi ortida bu holni kuzatib turgan ota-onasi bilan qaynonasi og`izda xayrlashsalarda, ichlaridan zil ketayotgandilar. Taqdir, iloji yo`q…

Eshikka etganlarida bola ham ayasi qolishini anglab yig`lay boshladi. Bobosi bilan buvisi uni erkalab ko`tarib ketishdi. Yana ishga o`tirdilar. Piyozmas, o`zining yuragini to`g`radi go`yo. Piyoz achchig`idan ming karra achchiq ko`zyoshlar milt-milt oqdi.

Eshik ochilib eri kirib keldi. Bir qop un bilan, bitta qutini mashinadan tushirdi. Aftidan tug`ilgan kun haqida eslamagan ham. Yo`qsa o`gay bolasiga bo`lmasa ham jufti-haloliga kichkinagina sovg`a ko`tarib kelardi. Sovg`asi ham boshini esin, bolasining dardi qalbini tilimlab tashlayapti.

Nigohlarini erga qadagancha labini tishlab ishini qilaverdi.

- Nega meni kutmay mehmonlarga javob berib yubordinglar, -dedi Ikrom onasiga qarata.

-Shoshilishayotgan ekan, kech qolishmasin deb…

Eri qutini ochdi. Ichidan rostmona avtomobildan sal kichikroq o`yinchoq mashina chiqardi.

-Qani toychoq, kel buyoqqa.

Eshikdan Sherzod chopib kirdi. Ikrom bolani dast ko`tarib yuzlaridan o`pdi.

-Mana bu tug`ilgan kuningga sovg`a, o`g`lim.

Sobira yalt etib eriga qaradi.

Ikrom gapini davom ettirdi.

-Dadang bilan ayangni bekatda ko`rib qoldim. Shuncha qistasam ham qaytishmadi. Kamiga Sherzodjonni ham olib ketmoqchi bo`lishdi. Ularga ham aytdim, sizlar ham eshitinglar, Sherzodjon bugundan boshlab shu uyda yashaydi!

Sobira ho`ngrab yig`laganicha bolasi bilan Ikromni quchib oldi. Un gardi qo`ngan erining choponiga yoshli ko`zlarini surtdi.

Abror Zohidov
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: