Главная » Hikoyalar » Minnat toshi
Minnat toshi

Minnat toshi

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Minnat toshi
  • Дата релиза: 07-06-14, 20:56
Minnat toshi
Bir tabaqali darvozasidan
hovlisiga kirgan yigit atrofga
ma'yus nazar tashlar ekan,
o'zini qabristonga kirib
qolgandek his etdi. Qalbi
g'ussaga to'ldi...
Anchadan beri supurilmagan
hovli yuzini qoplab olgan
sarg'aygan yaproqlarni shiddat
bilan shamol har ko'yga solib
tebratar, go'yoki chinakam
hazon raqsini namoyish etar
edi.
Hazonlarning ana shu mahzun
raqsi ham bu oila boshiga og'ir
musibat tushganidan darak
berayotgandek edi. Bundan ikki
hafta oldin bardam-baquvvat
yurgan Salim aka bir oz
mizg'imoqchi bo'lib o'zini
yostiqqa tashladi-yu, shu ko'yi
mangu uyquga ketdi. Suyangan
tog'idan ajralib qolgan oila
qismatning bunday zarbasidan
hamon karaxt edi. G'amdan
qaddi egilgan ayol o'g'lini
ko'rishi bilan ko'z yoshlarini oq
ro'molining uchiga bildirmay
artib oldi.
- Keldingmi? - dedi so'ng
jilmayishga urinib. - Ha,
aytganday, maosh olmadingmi,
uyda hech vaqo qolmabdi.
- Yo'q, aksiga olib stipendiyam
ham kechroq chiqarkan, - deya
yigit og'ir xo'rsindi. - Ish joyida
esa sinov muddati. Yangilarni
avval sinashadi-da, oyi...
Munisa opa yig'lamaslikka
qanchalik tirishmasin, ko'zlariga
yosh quyulib kela boshladi.
- Dadang tirik bo'lganlarida seni
ishlatib qo'yarmidi, bolam, -
dedi o'ksinib. - "Endi ikkinchi
kurs bo'ldi, o'g'lim hech
narsaga chalg'imasin, avval
o'qisin, ishlash qochmas", deb
yurardi rahmatli.
- Qo'ying, oyi, ko'p kuyunmang,
qaytaga o'zimga yaxshi, hayotni
o'rganaman, pishaman.
- Ha, to'g'ri, - dedi Munisa opa
o'g'lining keng yoqasiga qoqib
qo'yarkan. - Lekin endi nima
qilamiz, menam vaqtida biror
o'qishda o'qiganimda hozir
biror kasbim bo'larmidi. Shu
kunlarda tikish-bichishga ham
qo'lim bormay qoldi,
- Haligi puldan ishlatib tursak-
chi?
Munisa opa o'g'lining savolidan
birdan sergak tortdi.
- Yo'q, u pulni qo'y, bolam, -
deya boshini chayqadi. -
Dadangning qarzini vaqtida
egasiga qaytarmasak, ruhi orom
topmaydi. Haligina Halil kelib
ketuvdi. "Ertaga dadam chet
eldan qaytib keladi. Oyim bilan
bo'lgan voqealarni dadamga
tushuntirdik, sizlarga
hamdardlik bildirdi, indinga
o'ziyam kelarmish", deb ketdi.
G'aniboy amaking kelsa,
birato'la qarzimizni berib
qutulaylik! Qo'y, shu pulga
tegma! Axir bir qismini
ma'rakaga ishlatib
yuborganimizda, o'rnini
stipendiyangdan to'ldirib
qo'yuvding-ku. Endi tegma,
o'g'lim, marhumning bu
dunyoda qarzi qolmasligi kerak,
deyishadi.
- To'g'ri, dadamning qarzini
to'lash mening burchim, o'zi
shu qarz anchadan beri
yelkamni ezib yotibdi. Endi
ilojsizlikdan aytdim-da, oyi. O'zi
shu G'aniboy amakim menga
sira yoqmaydi.
- Nimaga unaqa deysan?
- Nimaga bo'lardi, noo'rin,
yoqimsiz hazillari bilan
g'ashimga tegadi. Dadam o'zi
nega shu poraxo'r bilan do'st
bo'lgan, hayronman. Bu
odamdan yaxshilik kutib
bo'lmaydi.
- Birovni gapirguncha o'zingga
to'g'ri bo'l, - dedi Munisa opa
qovoq uyib. - To'g'ri, er-xotin
molparast bo'lganlari bilan
o'g'illari Halilbek boshqacha,
juda yaxshi bola. Ota-
onasigayam, opa-
singillarigayam sira
o'xshamaydi. Seni do'st tutgan,
o'ziga yaqin oladi.
- Menam Halilni ukamdek yaxshi
ko'raman, - deya Botir ham
jilmaydi, so'ng sekin xonasiga
kirib ketdi.
Ertasi kuni G'aniboy chet eldan
qaytib keldi. Uning qip-qizil
yonoqlari, yanayam to'lishgan
gavdasi, quv ko'zlari sayohatdan
yaxshigina maroq olganini
anglatib turardi. Olti oy ilgari
tijorat qilmoqchi bo'lib, do'sti
Salim undan bir muncha qarz
olgandi. O'shanda G'aniboy to
Salim qarzni uzgunicha pul foiz
tug'ib, o'n barobar bo'lib o'ziga
qaytishini o'ylab bir qop
semirgandi. Ammo orada chet el
sayohati chiqib jo'nab ketdi.
Qaytgach do'sti Salimning
to'satdan vafot etganini
eshitishi hamono G'aniboyning
ko'z oldiga qarzga bergan
pullari keldi. Endi nima qiladi,
Salimning o'g'li Botir hali ona
suti og'zidan ketmagan bola
bo'lsa, qarzni qanday qaytaradi?
Shu alpozda o'yga tolgan
G'aniboyga xotini shang'illay
ketdi:
- Ha, nimaga o'ylanib qoldingiz,
ertaga hamma pulni foizi bilan
qaytarib olib keling,
tushundingizmi?! Nima, biz
pulni ko'chadan supurib
topyapmizmi? Kerak bo'lsa,
foiziniyam to'lashsin, dadasi
va'da bergandi, o'g'li bilan
xotini to'laydi endi...
Ertasi kuni G'aniboy do'stining
torgina uyida o'tirib, duo-fotiha
qildi. Ammo Botir chiqarib
bergan pullarni qo'liga olgach
ham tinchlana olmadi. Shu onda
u Munisa opaga Salimning va'da
bergan paytidan ancha muddat
o'tib ketganini, endi yarim
baravar foizini ham to'lashlari
kerakligini qanday qilib aytib
yuborganini o'ziyam sezmay
qoldi. Buni eshitgan ayolning
avval kipriklari namlandi, so'ng
paydar-pay dumalagan yosh
tomchilari yuzini yuva boshladi.
Onasining ahvoliga achingan,
yelkasiga tushgan ortiqcha
yukdan tutoqqan Botir esa
o'zini tutolmay qoldi:
- Qo'rqmang, pulingizni yeb
ketmaymiz, - dedi mushtlarini
tugarkan. - To'layman, bir
haftada to'layman!
- Ha, gap mana bundoq bo'libdi,
o'g'lim! - dedi G'aniboy ko'zlari
chaqnab. - Haliyam sizlarga
shuncha payt indamadim. Mana,
onang ham tasdiqlab turibdi.
Kerak paytida ishlatibsizlar, endi
qaytarish fursati yetdi.
"Yemoqning qusmog'i ham
bor", deydilar.
- Xavotir olmang, qaytaraman.
Juda katta yaxshilik qildingiz,
savobi butun qiladiganlardan
ekansiz, - dedi Botir kesatib.
G'aniboy qornini silkitib kuldi.
Munisa opa yig'lab, uy ichiga
kirib ketdi. Hammasi o'z o'rniga
tushganidan sevingan G'aniboy
endi mutloq xotirjam edi.
Oradan bir hafta o'tdi...
Bugun ishxonasidan vaqtliroq
kelgan G'aniboy bo'shab qolgan
ish o'rniga kimni tayinlashni
o'ylab, ko'p bosh qotirib
o'tirmadi. Jiyani Jobirni shu
lavozimga tasdiqladi. G'aniboy
ilk ish boshlagan paytlaridanoq
yonida yelkadosh bo'lib
kelayotgan singlisi Nazira
o'g'lining mansabi oshishini
eshitib sevinchdan yuragi qoq
yorilayozdi.
- Aka, rahmat sizga, bizga ko'p
yordam berasiz. Siz
bo'lmaganingizda tanbal
erimning topganiga ko'nikib,
rohat ko'rmay o'tib ketardim.
Jobir ham sizni juda yaxshi
ko'radi. Avvalgi xatolarini endi
takrorlamaydi, menga so'z
berdi.
- Shunaqami? - deya ko'zini
qisdi G'aniboy. - Unda kel,
o'g'lingga bir hazil qilamiz.
- Voy, aka, hech hazildan
to'ymas ekansiz-da. Bu safar
qanaqa hazil yana?
- Xavotir olma, zo'r, foydali hazil.
O'g'lingni "Ishni eplolmaysan",
deb rosa koyiyman. Keyin
yolg'ondan seni ishdan
bo'shatdik, deb aytamiz. Bir
xatolarini o'ylab afsuslansin.
Undan keyin xushxabarni
aytsak, ham qiziq, ham maroqli
bo'ladi. Nima deding?
Akasining bunday xurmacha
qiliqlaridan yaxshi xabardor
bo'lgan Nazira uning fe'li
aylanib qolishidan qo'rqib rozi
bo'la qoldi. Ammo oldin jizzaki
va yengiltak o'g'lini bu
kelishuvdan ogohlantirib
qo'yishga qaror qildi.
- Xo'p, aka, siz nima desangiz
shu-da. Tog'a ota o'rnida
bo'ladi. Jobir sizni otasidek
hurmat qiladi. Gapingizga sira
xafa bo'lmaydi, mana ko'rasiz.
- Bo'pti, kelishdik. Unda
hammani majlisga yig'. Tezroq
shuni hal qilaylik.
Nazira barchani yig'ib, akasi o'z
joyini egallaganida ham
o'g'lining hamon ishga
kelmayotganini ko'rib, xavotirga
tusha boshladi. Yig'ilish
boshlanib, masala o'rtaga
tashlanganda Jobir bamaylixotir
xonaga kirib keldi. Ammo bu
paytda o'g'lini ogohlantirolmay,
ikki o't orasida yonayotgan
Nazira akasining gapirishga
chog'langanini sezib, joyidan
jilolmay qoldi. Endi juda kech
edi. G'aniboy ko'zlarini olaytirib
Jobirni koyiy boshladi.
- Sen bola, odam bo'lasanmi-
yo'qmi o'zi? Ishdan kech qolib,
yana bemalol o'tirishingni qara?
- Uzr, - yer ostidan oyisiga qarab
oldi Jobir. - Bir marta shunday
bo'lib qoldi.
- Nima?! Bir marta shunday
bo'lib qoldi? Oldin qovun
tushirganlaring-chi, biz ko'z
qorachig'iday asraydigan
mollarga o't qo'yib yuboray
deganing-chi? A? Gapir!
- Tog'a, axir uzr so'radim-ku,
shunga shunchalikmi?
O'shandan beri aybimni
yuvishga harakat qilyapman-ku.
- Xullas, aybingni yuvolmading,
tushundingmi? - G'aniboy
kichkina, do'mboq qo'llari bilan
stolni mushtladi. - Sen ishdan
bo'shading, onagga ko'p
qarayverma, qilgan aybingga,
mana, hamma guvoh.
Atrofdagilarning o'ziga o'zi
miyg'ida kulib qarab
turganlarini ko'rgan Jobir ortiq
chidab turolmadi. O'layotgan
odam haqiqatni aytishdan
cho'chimaydi, deganlaridek u
ham ichida yig'ilib yotgan
gaplarini, nihoyat, yuzaga
chiqardi.
- Nima, bo'shatganingiz bilan
men ko'chada qolarmidim?!
Dadam o'zi aytgandi: "U
masxarabozdan senga naf
tegmaydi", deb. Menga nima
qilib bergansizki, xo'jayinlik
qilasiz? O'zingizni kim deb
o'ylayapsiz? Osmon qo'lingizda
bo'lsa, tashlab yuboring,
xo'pmi?! Aytgancha,
ketishimdan oldin aytib olay,
marhamat qilib, mendan uch
kun oldin olgan ellik mingni
qaytarib bersangiz. Aysh-ishrat
qilib, cho'ntagingiz qurib
qolganida men sizga pul
bergandim, mana, hammaning
guvohligida shu qarzingizni
to'lang-chi!
Uch kun burun hamkorlar bilan
bo'lgan ziyofat yodiga tushgan
G'aniboyning ranggi gezarib
ketdi. O'shanda bor pulini
sarflab yuborgan G'aniboy
yetmagan xarajatlarga jiyanidan
pul olib, hisob-kitob qilgandi.
Qiynalgan singlisini yoniga olib,
bolalariga qaramagan
ishyoqmas otasi o'rnida otalik
qilgan, faqat Jobirga emas, balki
ularning ukalariga ham
G'aniboy tayanch bo'lgan edi.
Ammo u bir kun kelib
qariganimda o'g'limga va
o'zimga suyanchiq bo'ladi deb
yurgan jigarini arzimagan pul
uchun hammaning oldida izza
qiladi, deb sira o'ylamagandi.
Vaziyat qaltislashayotganini
ko'rgan Nazira darhol o'g'lining
gaplarini xaspo'shlashga tushdi.
- Aka, Jobir ham hazilingizga
mos javob qaytaradi,
demaganmidim?! Unga tog'ang
shunaqa hazillashmoqchi,
sening lavozimingni oshirdi,
deb aytuvdim. Shunga u ham bir
rol o'ynab berdi-da, tog'asi.
G'aniboy singlisining
yolg'onchiligidan bir jahli
chiqsa, jiyanining
buqalamunligidan asabi
qaqshardi. Asabiylashgandan
qizarib ketgan Jobirning yuziga
bir lahzada tabassum yugurdi,
qo'lini ko'ksiga qo'yib, boshini
egdi.
- Tog'a, juda zo'r hazil bo'ldi.
Sizning shogirdingizman-da,
qo'limdan kelgancha rol o'ynab
ko'rdim, - dedi u
mug'ombirlarcha. - Rahmat,
tog'ajon, dunyo turguncha
turing.
Shu payt rol o'ynab, bir zum asl
qiyofasini ko'rsatgan jiyaniga
G'aniboy boshdan-oyoq
ijirg'anib qaradi-yu, so'ng
singlisiga yuzlandi.
- Mana buni olib qo'y, "hazil"imiz
oxirigacha to'liq bo'lsin, - dedi u
cho'ntagidan bir bog'lam pul
chiqarib. - Minnatli oshdan
Xudoning o'zi asrasin...
Mana shu ozgina fursat
mobaynida oshkor bo'lgan
haqiqat G'aniboyning ko'zini
ochgan, o'z jigari tomonidan
yog'dirilgan minnat toshlari
uning qalbini chil-chil sindirgan
edi. O'zi-chi? O'zi nima qildi?!
Sodiq do'sti Salim olamdan o'tib,
foydasi tegmay qolgach, uning
xotirasini ham osongina bir
chetga uloqtirib tashlamadimi?
Ruhini chirqiratmadimi? Qorni
to'ysa-da, ko'zi to'ymadimi?
G'aniboyning otgan minnat
toshidan Munisa bilan Botirning
shundoq ham o'ksib turgan
qalbi parcha-parcha
bo'lmadimi?
Dadasining kayfiyati yomonligini
sezgan Halilbek ostonada nima
deyarini bilmay kalovlanib turib
qoldi.
- Ha, nimaga qoqqan qoziqdek
turib qolding, gaping bormi? -
so'radi G'aniboy o'glidan.
- Dada, haligi... - boshini
qashlashga tushdi Halilbek.
- Gapir tez-tez!
- Botir akam keluvdi, sizni
ichkarida kutib o'tiribdi.
- Nimaga kelibdi?
- Pul olib kelibdi, dadamning
qarzini olib keldim, deyapti.
- Ha, shunaqa de, - G'aniboy bir
zum o'ylanib qoldi. - Puli
kerakmas, ular qarzini uzib
bo'lishgan.
- Lekin...
- Aytdim-ku senga kerakmas
deb! - ta'kidladi G'aniboy. -
Menga endi birovning haqi
kerakmas.
- Rostdanmi? - sevinib ketdi
Halilbek. - Munisa ayam kasal
bo'lib qolibdi. Kecha
borganimda ko'ruvdim, zo'rg'a
yurgandi, shundoq bo'lsayam,
Botir akam onasini davolatmay,
bir amallab pul yig'ibdi.
- Pulini qaytarib beraman,
onasini davolatadi, - dedi
G'aniboy ishonch bilan.
- Botir akam juda g'ururli, pulni
qaytarib olmaydi.
- Oladi, o'zim ko'ndiraman. Yur,
ichkariga kiraylik.
G'aniboy qancha qistasa-da,
Botir pulni olmadi. Yigit jo'nab
ketgach, qilgan ishidan ruhi
orom olgan G'aniboy, nihoyat,
yuragidagi o't pasayganini his
qildi. Ko'zlarini xotirjam yumib,
pinakka ketdi. Eshik yonidagi
stol ustida esa Botir bildirmay
tashlab ketgan paketga o'rog'lik
bir narsa do'mpayib turar, bu
minnatli oshni yeyishni
istamagan yigitning peshona
teri bilan topgan pullari edi.
Afifa Dilso'z

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: