Главная » Hikoyalar » Qasos (Tobtalgan nomus)
Qasos (Tobtalgan nomus)

Qasos (Tobtalgan nomus)

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Qasos (Tobtalgan nomus)
  • Дата релиза: 28-05-14, 12:09
Qasos (Tobtalgan nomus)
- Yana yig'lab ketdimi? -
Ravshanning achchig'i
chiqayotgani uning ovozidan
bilinib turardi. Bibixol xola yerga
qaragan ko'yi:
- Yo'q, nega yig'lasin? - dedi.
Onasining shikasta tovushi
Ravshanning yuragini battar
ezib yubordi.
- Nega aldaysiz, ona?! Bilib
turibman-ku! Turmush emas bu
- jahannam! Nima qiladi
yashab? Rangini qarang: yuz yil
oftob ko'rmaganga o'xshaydi.
Bir kuni o'lib ketadi-ku... -
Ravshan qo'llarini silkitib-silkitib
gapirgan sayin Bibixol xolaning
boshi egilib borardi.
- Bolam-ey, aytishga oson... Izida
bittasi, qornida bittasi... Birov:
"Itmisan, odammisan?"
demaganda o'sha sho'rlik
panohiga oldi.
Bibixol ham asli o'kirib-o'kirib
yig'laydigan holi bor-u lekin
kuch bilan o'zini tutib turib
gapirardi.
- "Sho'rlik" emish... Aytib
qo'ying, o'sha "sho'rlik"
kuyovingizga, agar yana bir
marta Gulnozning ko'zi
ko'karganini ko'rsam, hech
narsaga ayab o'tirmayman,
bo'g'ib o'ldiraman!
Ravshan onasining javobiga
qarab o'tirmadi-da, qarsillatib
eshikni yopib chiqib ketdi. U
onaizoriga, shu Gulnoz, singlisi
tufayli ko'zining yoshi
tinmaydigan onasiga emas,
aslida har doim o'ziga achchiq
qilardi. Singlisining boshiga
tushgan ko'rguliklarda hamisha
o'zini abdor his qilardi. Axir, ota
chinakam otalik, aka akalik
qilgan xonadonda bunaqa
sharmandali voqea ro'y
berarmidi?! Agar Ravshan
Gulnozani kabutarni asraganday
qo'riqlaganda edi, o'sha
mash'um voqea yuz bermagan
bo'lardi. "Bo'lar ish bo'ldi, endi
hech narsani o'zgartirib
bo'lmaydi, taqdiri shu ekan",
deb o'ziga o'zi necha marta
aytsa ham baribir Gulnozni
ko'rgan sayin ichidan olov
lovullab kelaverardi, jonu
jahonini kuydiraverardi. Ba'zan
bunday paytlarda vannaga kirib
ko'kragiga muzdek suvni tutib
turadi. Bir lahzagina
sovuganday bo'ladi, ichida
nimadir: "Ha, endi shu-da,
bolalari o'sib-ulg'aysa, bilinmay
ketar", deb taskin bergandek
tuyuladi. Yo'q, yana Gulnozning
o'sha unut bo'lmaydigan
kundagi qiyofasi, toptalgan,
haqoratlangan qiyofasi ko'z
oldiga keladi-da, yuragidagi
o'sha o'y qayta alangalaydi.
Kimnidir burdalagisi, kimnidir
parchalagisi keladi. Yaxshiyam,
ishi bor. Ishiga andarmon
bo'lsa, sal chalg'iydi...
Bugungiday bekor qolgan
damlarida hissiyotlari yana
junbushga keladi.
"Eshitgan edim, qimorvozlar
pana-pastqamda, ko'zdan yiroq
joylarda sal ochiq-sochiq
kiyingan qizlar yo'lida uchrasa,
olib ketayotgan emish, deb.
Og'aynilar davrasida ham:
Qimorvozlarga yutqiziqda:
"yo'lingda uchragan qizni olib
kelasan" degan shart qo'yilar
ekan. Ular ko'proq ko'zga
tashlanadigan qizlarni nishonga
olar ekan, tarzidagi gaplar
bo'lgan edi. Parvo qilmadim.
Go'yo bunday voqealarning
menga mutlaqo ahamiyati
yo'qday edi. Mendan ming-ming
kilometrlar uzoqlarda ro'y
beradiganday edi bunday
jirkach ishlar... Shuning uchun
Gulnozning kiyinishiga:
"Zamonasi-da", deb e'tibor
bermadim. "Ota-ona uyida
erkalanib yurmasa,
xohlaganiday kiyinib,
xohlaganiday yeb-ichmasa,
qachon yayraydi..." dedim...
Balki, bu ham sabab emasdir...
Zamonaviy kiyinganlarning
barchasining boshiga bu qismat
tushmas, singlimning o'zi
peshonasi sho'rdir..."
Ravshanning xayolidan bunday
gaplar ming, million bora o'tar,
o'tganda ham tirnog'idan
sochigacha kuydirib o'tardi.
O'sha kunning og'riqlari bor
bo'yi-eni bilan ko'z oldida
gavdalanaverardi.
* * *
- Gulnoz dugonasinikida, birga
imtihonga tayyorlanayapti... -
Ravshanning qulog'ining bir
chetidan o'tib ketdi o'shanda
bu gap. Onasining bezovtaligiga
ham e'tibor bermadi. O'z
xayollari bilan band edi. Ikki
kecha kunduz singlisi
ko'rinmasa ham: "Nega ikki
oqshom dugonasinikida
qoladi?" deb sergak tortmadi.
Ikki kundan so'ng kechasi -
og'aynilari bilan bir davra
gurungdan so'ng uyga kelsa...
Onasi o'zini mushtlayverib,
yuzlarini momataloq qilib
yuboribdi.
- Jon, bolam... Singlingga qattiq
gapirma... Xudo bizni urib
qo'ydi.
Ravshan to Gulnozni
ko'rmaguncha hech narsani
tushunmadi. Yugurib
singlisining xonasiga kirdi...
Sochlarini goh shamolday yoyib,
goh turli turmaklarga solib,
ohuday sakrab yuradigan
singlisi ko'rpa ostida bir siqim
bo'lib, g'ujanaklanib yotardi.
- Kim? Kim u it? - Ravshan uning
yuz-ko'zlarini ko'rgach, birdan
tushundi, yetti muchasi zirillab
ketdi.
- Bilmayman, hech kimni
ko'rmadim, hech birini
tanimayman! Ko'zlarim,
qo'llarimni bog'lashdi. Aka, meni
o'ldiring!
Ravshan dir-dir titrayotgan
singlisini bag'riga bosdi.
- Rostingni gapir, qo'rqma!
- Rost, aka, men... menda ayb
yo'q! - titroq aralash gaplaridan
angladiki, u shom qorong'usida
ko'prikning tagidan
kelayotganda noma'lum
kimsalar mashinaga tiqib olib
ketishibdi. Azobu xo'rlikda
o'tgan ikki kundan so'ng yana
o'sha joyga olib kelib
tashlashibdi.
"Qimorvozlar olib ketgan joyiga
olib kelib tashlashar emish..."
O'shanda Ravshanning xayolida
eshitganlari chaqmoqday
chaqildi. Singlisini itarib tashlab
tashqariga otildi. Surishtirdi.
Hamma "Qimorvoz" degan
atamani eshitar ekan-ku,
o'zlarini ko'rmagan, manzilu
makonini bilishmas ekan...
- Bolam, hadeb izini
so'roqlayverma! Bundaylarning
yo'li qisqa. Hukumat ularni
bunday qo'yib qo'ymaydi.
Ertami-kech qo'liga kishan
soladi. Singling... ham bir kun
ko'rgiliklarini unutar, nimalar
unutilmaydi bu foniy dunyoda...
Ravshan onasining gaplariga
ko'nmoqchi edi, yuragi qonab
yotsa-da tishlarini tishlariga
bosib, qonini ichiga oqizib
yashamoqchi edi... Lekin... o'sha
mash'um ikki kunning samarasi
o'n olti yosh qizning yuziga
dog' bo'lib tushdi. Asli Ravshan
erkaklik g'ururi, akalik sha'ni
ustidan bir musht urib, imi-
jimida ayollar shifokori bilan ish
bitirmoqchi edi. Chunki singlisi
sochlari to'zg'ib yuztuban
ingrab yotgan kundayoq bu
g'ururning ko'ylagi yirtilib
ketgan edi. Lekin onasi o'rtaga
tushdi.
- Singling... boshqa farzand
ko'rmasligi mumkin... Bunday
tavakkal qilib bo'lmaydi, - dedi.
- O'sha farzandmi? Farzand
deysizmi o'sha haromini? Uni
o'zim bo'g'ib o'ldirsam...
- Bolam, nega unaqa deysan?
Axir, singlingning yuragi ostida
o'sha jonzot...
Ona har baloga balogardon
ekan... Manovi "sho'rlik" kuyovni
ham o'zi topdi... Ravshan kuyov
qanday shart evaziga Gulnozaga
uylanganini bilmaydi. Or-
nomusiga-ku o't ketgan edi...
Aka bo'laturib nega yana u
mushtiparni o'tga tashladi?!
"Mayli, bo'lganlarning isi
chiqmasa, chiqmasin", dedi...
Mana, endi Gulnozning ko'rgan
kuni qursin... Bir paytlar
nimaningdir ilinjida homilali
juvonga uylanishga, bu yuzi
qarolikni sir saqlashga ont
ichgan yigit endi o'zgargan...
Endi chiday olmadi... Ko'zlari
munchoqdek norasidani
azoblaydi, xotinini azoblaydi...
Yillar Ravshanning iztirob
poydevori ustiga g'isht
qo'yaverdi... U tashqaridan
qimorvozlarni, kuyovini, yana
allakimlarni ayblasa ham ichida
bir ovoz: "Sen! Sen!" deb
hayqirib turadi...
* * *
Ravshan ko'zlarini "chirt" yumib
oldi. U shu holda niyatini amalga
oshirmoqchi, o'n gulidan bir
guli ochilmay so'lgan Gulnoz
uchun qasos olmoqchi edi.
Ammo ko'zlari yumuq bo'lsa-da,
shunday yonginasida turgan
qizning titrog'ini, titranib nafas
olishini sezib turardi. Ravshan
qizning yelkasidan ushlab, siltab
o'ziga tortdi. U chinqirib
yubordi. Hozirgina burun
kataklari kerilib, tishlari qisirlab
turgan yigit bexos uni qo'yib
yubordi-da, yugurib yerto'ladan
chiqdi. Xuddi orqasidan birov
quvgandek zinapoyaga
tirmashdi. Yerto'laning eshigini
- og'ir taxtani "sharaq" etib
tushirib, qulfladi-da, ildam
odimladi.
U singlisining badbaxt taqdiri
haqida na do'st, na dushmanga
"churq" etib og'iz ochmagan
bo'lsa-da, ehtimol, ruhiyatidan
sezgandir, yaqin og'aynisi
Shokir gap topib keldi.
- Esingdami, Ravshan, uch yil
oldin chegara ortidan
yashirincha kelgan allaqanday
qimorvozlar haqida "mish-
mish"lar tarqagan edi...
Ravshan darrov hushyor tortdi.
- Xo'sh?
- O'shalar qo'lga olinibdi. Tuman
markazidagi Rajab kal bor-ku,
hamisha og'zida nos, boshi yer
tortib yuradigan. Yaramaslar
o'shaning uyini makon
qilishgan ekan, melisa bosib, tit-
pitini chiqaribdi... Buzoqning
yugurgani somonxonagacha,
deyishadi-ku...
Ravshanning yuragi "zirq" etdi.
"Demak, Gulnozni ham o'sha
Rajab kal deganlarinikiga olib
borishgan ekan-da! Kim ekan u
nomard? O'z qavmini begonaga
toptatib omon yurgan nomard?!
Jazosini oladi endi!" Lekin
Ravshanning ichida bosh
ko'targan alanga endi bu
gaplar, bu taskin, tasalliga
ko'nmay qo'ydi. U yarador
arslon holiga tushdi. Nimadir
qilgisi keldi. "Rajab kalning
uyiga o't qo'yib kulini ko'kka
sovursammikan? Yo:
- Shunday besharm o'g'ilni
tuqqan senmisan? - deya
onasini sazoyi qilsammikin?"
Xuddi shu joyda Ravshanning
miyasi tez va tiniq ishlay
boshladi. "Singlisi, ablahning
ham singlisi bordir?! Men o'zi
qilgan ishni qaytaraman! U
ham... panjara ortida bo'lsa-da
xo'rlanish azobini tortsin!
Kuysin, lekin o'tini o'chira
olmasin!"
Og'aynilarining og'aynilarimi yo
uning ham tanishlari orqalimi
bu ishni osongina uddaladi.
Ravshanning xayolida hammasi
osongina bo'ladigandek edi.
Ijaraga yerto'la ham topildi.
Astoydil istasang... nimalar qilish
mumkin emas... Ammo hozir...
Ravshan bu ishni uddalay
olmadi... Qizning chinqirig'i
Gulnozning ovozi bo'lib
eshitildi... Hatto, uning
bog'langan ko'zlari, qo'llarini his
qildi.
Ravshanga kimdir uni kuzatib
kelayotgandek tuyuldi.
Kurtkasining yoqasini ko'tarib
oldi. Uyiga bormasligi kerak...
Onasining yuziga qaray
olmaydi... qarasa... bu gunoh
ishni qila olmaydi. Yaxshisi,
kafega kiradi... Kirdi... Sal
dadilroq bo'lish uchun yuz
gramm oldi, so'ng yana
yerto'laga qaytdi... Yillar
davomida yuragida yig'ilib
qolgan azob daryosini
chayqatmoqchi bo'lar,
o'shaning mavjlarida oqib,
qizning oldiga kirmoqchi
bo'lardi. Yerto'la qulfini
ochganda ham dadil edi... Bir
burchakka qisilib olgan qizni
ko'rib... to'xtab qoldi. Qiz xuddi
ataylab kiyingandek oppoq ust-
boshda edi. Ravshan: "Uni
ko'rmasligim kerak, unga
qaramasligim kerak!" deb
o'ylagan edi, yo'q, ko'rdi. Oq
rang qorong'ulikda ham ajralib
turardi.
- Siz kimsiz? Meni qo'yib
yuboring, yalinaman! Onam...
bechora... ko'tarolmaydi.
Ravshanning nazarida, qiz
cho'kka tushib xuddi Ollohga
iltijo qilayotgandek, qo'llarini
cho'zib turganga o'xshadi.
Yuragi uvishdi... Ehtimol, singlisi
ham shunday yalingandir.
Ammo ular tinglashmadi-ku...
Ravshan avval jim qasos
olmoqchi, hech qanday iz
qoldirmoqchi emas edi. Lekin
hozir: "Bilsin", degan bir ovozga
quloq solgisi keldi.
- Siz... sen Rajab kalning
singlisisan-a?
- Ha...
- Sening akang mening
singlimni badnom qilgan... U hali
yigirma yoshga ham to'lgani
yo'q... Lekin yigirma ming
olamning dardini chekdi. Men
uning uchun qasos olaman!
Lekin bu savol-javoblar
Ravshanning botinida
kechayotgan edi. U hanuz
yerto'laning bu tarafida qotib
turardi.
- Yalinaman sizga! Men hech
qachon hech kimga yomonlik
qilmaganman! Meni adashib
olib kelgan ko'rinasiz... Onam
yolg'iz... ko'chaga ham chiqa
olmaydilar!
- Battar bo'lsin! Men shuni
istagan edim! - Ravshan
shunday degisi keldi, qizga
qarab yurdi. Boshdan-oyoq
oppoq kiyingani uchun qizning
tobora burchakka qisilib
borayotgani ko'rinib turardi.
Ravshan unga juda yaqin keldi.
Ko'zlari qorong'uga o'rgangani
uchunmi qizning yosh to'la
ko'zlarini, titrayotgan lablarini
ko'rdi. U... juda yosh edi.
Ovozidan ham yoshligini
tasavvur qilgan edi-yu, ammo
hozir ko'z oldida buni barvaqt
cho'zilgan yosh o'smir qiz
turganini his etdi. "Mayli, yoshi
nechchida bo'lsayam onasi
uyidan chiqa olmay o'lib
ketsayam... Men qasos olaman.
Axir, mening singlim ham yosh,
juda yosh edi..." Ravshan qizga
yopishdi. U shu qadar ozg'in
edi. Avvalgiday chinqirib
itarmasligi uchun og'zini bir
qo'llab yopdi. Qiz tipirchilar,
o'zini har tarafga tashlardi. Uni
avvaldan tayyorlab qo'yilgan
joyga sudrar ekan, onasining
ovozi kelganday bo'ldi.
"Yengiltak, deb anovi ayolning
boshidan mag'zava to'kishyapti.
Uni... O'zining o'gay akasi
zo'rlagan ekan bir paytlar...
Alamiga chidolmay ichadigan
bo'lib ketibdi. Ichgach, aqlini
yo'qotgan-da... Ayolda, erkak
ko'zi nazoratidan chetda qolsa,
toyishga moyillik uyg'onadi.
Erkagi suyab, suyib tursa, u
mehr mamlakatining malikasi
bo'lib yashaydi-ku..."
Onasi bu gapni avval, qizining
boshiga ish tushmasdan avval
aytgan edi. Lekin Ravshan buni
keyin tushundi... U yana o'sha
ovozni eshitdi. Dast o'rnidan
turdi... Kimdir uning yuziga
shapaloq tortgandek bo'ldi...
"Sen erkakmisan? Er kishi
bo'lsang... kuching qumri
qushga yetdimi?" deya kimdir
yoqasidan sudragandek bo'ldi.
Balki, bu nasl-nasabida,
hujayralarida yashab kelayotgan
poklik ovozidir... Muzday havoga
yuz-ko'zlarini tutib turdi. So'ng
o'rtog'iga qo'ng'iroq qildi:
- Anovi odamingga ayt, olib
kelganini olib aytgan joyiga olib
borib qo'ysin, beshikast...
Oladiganini keyin butun oladi...
Eshitdingmi, beshikast...
- Sen nima desang - shu!
Buyurtmachi - sen...
Ravshan yengil nafas oldi...
Ertalabdan bulutlanib yotgan
havo yog'a boshladi, oppoq qor
parchalari Ravshanning yuz-
ko'zlariga qo'nardi...
Oyyunus

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: