Главная » Hikoyalar » QO'SHXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO
QO'SHXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO

QO'SHXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: QO'SHXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO
  • Дата релиза: 17-04-17, 15:07
QO'SHXOTINLIK ORTIDAN KELGAN BALO
Sobir akaning ikki o`g`il va ikki qiz farzandi bor, yoshi katta bo`lsa ham, haligacha esini yig`ib olmadi-da. O`zi fermer xo`jaligida hisobchi vazifasida ishlaydi. Qo`liga pul tushdi deguncha, qo`shni qishloqdagi spirtli ichimliklar do`koniga yuguradi. Uyga bir-ikki butilka aroq olib kirib, zarurat bo`lganida icharman, deb o`ylasa-da, turmush o`rtog`i Sadoqat opa uning uyga spirtli ichimlik olib kirishiga qarshilik qilaverganidan faqat ko`chada ichishga odatlandi.

Kunlar shu zaylda o`tib, Sadoqat opa beshinchi farzandini dunyoga keltirdi. Chaqaloqqa Muqaddam deya ism qo`yishdi. Farzand ko`rganidan quvongan Sobir aka o`zining «odat»iga ko`ra, oshna-og`aynilarini choyxonaga chaqirib, ularni spirtli ichimliklar bilan siylab, «ziyofat» qilib berdi.

DARZ KETGAN MUNOSABAT

Vaqtlar o`tib, Sobir aka va Sadoqat opa ikki kelin oldi, uchala qizini turmushga ham uzatdi. Ularning kenja va erkatoy qizi Muqaddam kelin bo`lganiga ham ancha yillar bo`ldi.

Muqaddam to`y o`tganidan keyin Javohir bilan bir necha yil hammaning havasini keltiradigan er-xotin bo`lib, tinch-totuv turmush kechirdi.

Lekin nima bo`ldi-yu, chiroyli bo`lganligi uchun husniga bino qo`yganidanmi yoki boshqa sababdanmi, Muqaddam erini mensimaydigan bo`lib qoldi. Javohir bilan bir necha oylab janjallashib yurdi. Shunday bo`lsa ham, ikkita farzandimning onasi, degan xayolda Javohir Muqaddamni e`zozlab keldi, uy-ro`zg`or xarajatlaridan orttirib, bir necha qimmatbaho tilla taqinchoqlar olib berdi. Koshki, Muqaddam bularni tushunib etsa...

Har doim ham "Er-xotin urishi — doka ro`mol qurishi" bo`lavermas ekan...

Ish yuzasidan boshqa viloyatga xizmat safariga ketgan Javohir bir hafta o`tib uyga qaytdi. Muqaddam turmush o`rtog`ining uyda bir hafta yo`q bo`lib, musofirlikdan qaytganini ham tushunmasdan, bo`lar-bo`lmas gaplar bilan yana janjal chiqardi. Bu kabi janjallar muntazam davom etganidan bezor bo`lgan Javohir turmushi buzilgan bir ayol — Manzura bilan tanishib qoldi. Keyinchalik uning uyiga borishni o`ziga odat qilib oldi, ba`zi kunlari unikida qolib ham ketar edi.

Muqaddam boshqalardan surishtirib, oxiri erining xushtori yashaydigan uyni topib borib, eshigini taqillatdi. Eshikni bir istarali ayol ochdi.

— Manzura sizmisiz? — so`radi Muqaddam.

— Ha, menman, tinchlikmi? —deb hayron bo`lib so`radi Manzura. — Ostonada turmang, kiring uyga, nima gap bo`lsa, ichkarida gaplashaveramiz.

Muqaddam Manzuraning uyi­ga kirdi, u bilan birmuncha gaplashganday bo`lib, erini unga yomonlay ketdi.

— Opa, men Javohir akaning boshini aylantirib olganim yo`q, uning o`zi meni topib, oldimga kelib yuribdi, — dedi Manzura unga.

— Qo`ying, bunaqa gaplarni. Bu erga men siz bilan janjallashgani, "erimni tinch qo`y", deyish uchun kelmadim. Undan ko`ra, keling, ikkalamiz uni gumdon qilamiz, — dedi Muqaddam.

— Tushunmadim, farzandlaringizning otasi bo`lgan Javohir akani gumdon qilishdan sizga nima foyda, farzandlaringiz etim bo`lib qolmaydimi?

— Farzandlarimning taqdiri mening muammom, sizga buning aloqasi yo`q, shu bois menga Javohir akamni yo`q qilishga yordam bersangiz, — dedi Muqaddam va Manzura agar bu ishda unga yordam bersa, katta miqdorda qimmatbaho tilla buyumlar berishni va`da qildi.

Manzura va`da qilingan buyumlarni eshitib, Mu­qaddamdan nima qilish kerakligini so`radi. Ular o`zaro reja tuzishdi.

Hamtovoq kundoshlar

Tushlik payti. Eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Manzura eshikning tuynugidan mo`raladi. Eshik oldida turgan inson haqiqatan ham Javohir ekanligiga ishonch hosil qilgach, eshikni ochdi. Bu paytda Muqaddam eshik ochiladigan tarafning orqasida berkinib turgan edi.

— Yaxshi keldingizmi? — so`radi Manzura.

Uyida xotinidan bunday shirin so`zlar eshitishni unutib yuborgan Javohir unga kulib qarab, uyga kirdi, Manzura bilan qo`l berib ko`rishdi. Manzura uning qo`lidagi sumkasini olib, erga qo`ydi. Javohir engashib, oyoq kiyimini echayotganida, eshikning orqa tarafida turgan Muqaddam qo`lidagi temir buyum bilan Javohirning boshiga urdi. Kutilmagan og`ir zarb miyasiga urilganidan Javohir hushidan ketdi. Muqaddam bu bilan "xumori"dan chiqmadi. Oshxonadan pichoq olib keldi-da, Javohirning qorniga etti-sakkiz marta sanchdi...

Kirakashning jinoiy sherikligi

Muqaddam “xumori” bosilgach, kirakashlik bilan shug`ullanadigan Zuhriddin ismli haydovchiga qo`ng`iroq qil­di. Unga tegishli manzilga etib kelishni tayinladi.

Zuhriddin etib kelganida, unga holatni tushuntirdi:

— Narigi xonadagi jasadni tumandagi o`rmon xo`jaligiga olib borib, ko`mib kelishda yordam berasiz, bu holatni hech kimga aytmaysiz, buning evaziga mo`maygina daromad olasiz.

Avvaliga Zuhriddin o`ylanib qoldi. Keyin Muqaddam unga taklif qilgan pulni topish uchun ko`chada kamida uch-to`rt hafta kirakashlik qilishi kerakligini o`ylab, taklifni qabul qildi.

Ikki ayol tomonidan allaqachon hech kim shub­halanmaydigan holda o`rab, tayyorlab qo`yilgan jasadni bir amallab avtomashinaning orqa o`rindig`iga joyladilar va yo`lga chiqishdi...

Izi qolgan jinoyat

O`rmon xo`jaligi hududiga borib, xo`jalikning chekkaroq tomoniga o`tishdi. Uchalasi avtomashinadan pastga tushib, atrofga qarashdi, hech kim ko`rinmadi. Hamma yoq olma va shaftoli daraxtlari bilan o`ralgan bo`lib, lekin daraxtlar orasiga ekin ekilmagandi. Ular to`xtagan joydan yigirma besh-o`ttiz metr nariroqda katta yong`oq daraxti ko`rindi.

Zuhriddin avtomashinasining yukxonasidan belkurak va ketmonni oldi-da, yong`oq daraxtining tagini belkurakda bir-ikki kavlab ko`rdi, tuproq yumshoq ekan. Tezlik bilan bir odam sig`adigan darajada chuqur qazidi, jasadni ko`mib, ortga qaytishdi. Boshlang`ich sinfda o`qiydigan Muxtor esa ularni uzoqdagi eman daraxti orqasida kuzatib turgandi. U har kuni tushlikkacha maktabga borib, tushlikdan so`ng uydagi to`rtta mol va oltita qo`yini bir-ikki soat boqqani shu erga olib kelar edi.

Bu holatdan qo`rqib ketgan Muxtor mol-qo`ylarini ham unutib, avtomashina jo`nab ketganidan so`ng yugurganicha uyiga bordi. Endi ishdan kelib, choy ichib o`tirgan otasi Nasim akaga bo`lgan voqeani aytib berdi.

Nasim aka o`g`liga o`sha yong`oq daraxti tagiga umuman yaqinlashmaslikni, mol-qo`ylarini u erdan uzoqroqda boqib, kech bo`lmasdan uyga qaytishni ta­yinladi. Muxtor yana qo`ylarining oldiga ketgach, Nasim aka avtomashinasida, tuman ichki ishlar bo`limiga borib, holatni tushuntirdi.

Kundoshlarning qotilligi "issiq iz"dan fosh etildi

Nasim aka bergan xabar asosida tuman ichki ishlar bo`limida tezkor guruh tuzildi. Guruhning bir qismi tezlik bilan o`rmon xo`jaligiga borib, Nasim aka ko`rsatgan joydagi yong`oq daraxti tagida ko`milgan jasadni kavlab olishdi. Guruhning ikkinchi qismi esa Nasim akaning ko`rsatmasi asosida uning o`g`li Muxtor tushuntirib bergan oynalari biroz qoraytirilgan, to`q qizil rangli, atrofi turlicha bezatilgan “Moskvich” rusumli avtomashinani qidirish ishlarini boshlab yubordi. Bu kabi avtomashinalarning miqdori ozligi uchun oqshomga qadar avtomashina topildi.

Tuman ichki ishlar bo`limiga o`z vaqtida berilgan xabar sabab o`z “vazifalari”ni go`yoki hech kim aniqlay olmaydigan darajada "mukammal" ado etgan Zuhriddin, Manzura va Muqaddam shu kunning o`zida qo`lga olindi.

Sodir etilgan qotillik yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha o`tkazilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudiga taqdim etildi. Sudning hukmi bilan uch “shovvoz”ga uzoq muddatli og`ir jazo tayinlandi.

Akramjon XO`JAMOV,
yurist, Namangan viloyati
Norin tumani
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: