Shox va Sohibjamol (Hikoya)
- Категории: Hikoyalar
- Название: Shox va Sohibjamol (Hikoya)
- Дата релиза: 18-02-16, 23:31
Kunlarning birida sayr qilib
yurgan shohning ko‘zi husnda
tengi yo‘q ayolga tushib qoladi. U
o‘ziga hamrohlik qilayotgan
a’yoniga yuragiga cho‘g‘
tashlagan bu sohibjamolning kim
ekanligini aniqlashni buyuradi.
Saroy xodimi ko‘p vaqt
o‘tmasdan shohga ayol uning
xizmatkorlaridan birining rafiqasi
ekanligini ma’lum qiladi.
Hukmron darhol bu xizmatkorini
chaqirtirib, unga muhim bir
maxfiy maktubni shoshilinch
ravishda qo‘shni shahar
hokimiga yetkazishni buyuradi.
Xizmatkor shohdan maktubni
olib, safarga tayyorgarlik ko‘rish
uchun uyiga yo‘l oladi. Ertasi kun
xizmatkor tong otmasdanoq
yo‘lga chiqadi. U kun tikkaga
kelganda tamaddi qilib olish
uchun bir daraxt ostiga o‘tirib,
olib ketayotgan maktubi joyida
ekanligiga ishonch hosil qilish
uchun kiyimini paypaslaydi.
Shunda u xotini safar uchun
tayyorlagan kiyimi cho‘ntagiga
nomani solishni unutganini
sezadi. Xizmatkor noiloj orqasiga
qaytadi.
Shoh esa bu paytda ishqi
tushgan sohibjamol
xonadonining eshigini
taqillayotgan edi. Bu yerga u
yolg‘iz o‘zi xufyona kelgandi.
— Kim u? — eshik orqasidan
so‘raydi ayol.
— Men yurt shohiman. Eshikni
och! — buyuradi hukmdor.
— Bir notavon nomahramingizni
afv etgaysiz. Ming afsuski, xojam
safardalar, — iymanib so‘z qotadi
sohibjamol. — Qaytib kelishlari
bilan u kishiga qulingiz
xonadoniga tashrif qilib, bizga
oliy baxt ato qilish istagingizni,
albatta, ma’lum qilaman.
— Eringni boshimga uramanmi,
menga u emas, sen keraksan.
Eshikni och, bo‘lmasa o‘zing ham,
ering ham bu dunyo bilan
xayrlashasanlar, — dag‘dag‘aga
o‘tadi shoh.
Ayol shohning niyatini tushunib,
eshikni ochmaydi.
— Olampanoh, Sizning amringiz
men uchun, hech shubhasiz,
qonun, — o‘ta muloyimlik bilan
javob qiladi sohibjamol. —
Ijozatingiz bilan o‘zingiz mendan
ham yaxshi biladigan bir narsani
yodingizga solsam. Haqiqiy sher
boshqa hayvonlarning qoldig‘iga
qarashga ham hazar qiladi. U
faqat o‘z o‘ljasini yeydi.
Shoh sohibjamolning bu gapidan
mulzam bo‘lib, noiloj orqasiga
qaytib ketadi. Xuddi shu vaqtda
unutib qoldirgan maktubni olish
uchun orqasiga qaytgan
xizmatkor uyining eshigi oldidan
uzoqlashayotgan shohga ko‘zi
tushadi. U nima uchun hukmdor
to‘satdan o‘zini boshqa shaharga
jo‘natganini anglab yetadi. Biroq
u shoh ko‘ziga ko‘rinmaydi,
xotiniga ham hech narsa
demasdan maktubni oladi-yu,
yana orqasiga qaytib ketadi.
Xizmatkor shoh buyrug‘ini
bajarib qaytib keladi. Hukmdor
uning xizmatini shohona siylaydi:
tilla hisobida yuz ellik dirham pul
beradi. Xizmatkor bu mo‘may
aqchaning hammasiga xotini,
uning ota-onasi, qarindosh-
urug‘lariga sovg‘a-salom xarid
qiladi. Keyin xotinini bu sovg‘a-
salomlar bilan ota-onasinikiga
jo‘natadi.
Xotin erining bu iltifotidan
xursand bo‘ladi, biroq ota-
onasinikiga kelganidan keyin kun
ketidan hafta, so‘ng oy o‘tsa ham
xojasidan darak bo‘lmaydi.
Nihoyat, uning akasi kuyovi bilan
orani ochiq qilish uchun
singlisining erini qoziga boshlab
boradi.
— Biz bu odamga tiniq buloqli,
nafis gulzorli bir bog‘ni ishonib
topshirgan edik, — arzini bayon
qilishga tushadi sohibjamolning
akasi. — U esa chashma suvini
ifloslantirib, gulzorni payhon
qilib, shundan keyin harob qilgan
bog‘imizni go‘yo hech narsa
bo‘lmagandek qaytarib
bermoqchi.
— To‘g‘ri, men olgan bog‘ning
suvi tiniq, gullari g‘uncha edi, —
da’voga javob qiladi xizmatkor.
— Lekin bu bog‘ faqat yakka
o‘zimga tegishli bo‘lishi kerak edi.
Biroq mening bog‘imga mendan
beruxsat, buning ustiga
nomahram qadam bosganidan
keyin u menga harom bo‘ldi.
Baxtli tasodif sababli shu vaqtda
shoh ham qozixonada boshqa
xonada o‘tirgan ekan.
— Nomahram sening bog‘ingga
qadam bosishi u yoqda tursin,
hatto uning eshigi tirqishidan
bulog‘u gulzoringga qiyo ham
boqa olmadi, — debdi
yashiringan joyidan ular oldiga
chiqqan shoh.
U sohibjamol o‘zini qanday mot
qilganini gapirib berib, sodiq
xizmatkori va vafodor xotinni
yana shohona hadyalari bilan
siylaydi.
Смс Шерлар