Shubhaga ergashib…
- Категории: Hikoyalar
- Название: Shubhaga ergashib…
- Дата релиза: 11-07-17, 12:47
Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi. Balkim ko`chaga chiqqandir degan o`yda to`yxonaning oldini ham qaradi. Yo`q!
To`y boshlangandan beri ichini kuydirayotgan alam jahlga aylandi-yu tund qiyofada yana qizg`in davraga qaytdi. Joyiga kelib o`tirgach, xonandaning ham xonishi tindi, yoshu qari davrani tark etib, joy-joyiga o`tirdi. Shundagina Nasibaning ko`zi kuzatayotgan kishisiga tushib, ko`ngli biroz tinchidi. To`yxonaning u tomonidagi stolda o`tirgan «kundosh»i uning alamu qiynoqlaridan bexabar yonidagi ayol bilan gurunglashardi. Shu payt davrada mungli qo`shiq yangrab qolsa bo`ladimi? «Faqat u sen emas, u go`zal boshqa...» «Ozodbekni mashhur qilgan ashula-ku bu!» «Baxt kechasida ham shunday qo`shiq aytadimi?» «Kimdir buyurtma qildimikan yo?» — ayollarning bu gaplari Nasibaning qalbiga yana shubha bulutlarini quvdi. Birzum tarqagan noxush o`ylar o`rnini endi undan-da og`riqli xayollar egalladi.
«Odil aka qaerda yuribdikan? Ko`rib, yuragi boshqacha bo`lib, to`ydan ketib qoldimikan? Yo u ham hozir shu qo`shiqni eshitib, o`yga cho`mib o`tirganmikan?» Ikki ko`zi «kundosh»i tomonda bo`lgan Nasiba yoniga kimdir kelganini ham payqamay qoldi:
— Nasiba opa, sizni ko`chada xo`jayiningiz chaqirayapti? — to`y egalarining qarindosh qizlaridan biri sekin qo`lidan tortdi.
Nasiba xo`p degancha hayron bo`lib qizga ergashdi.
«To`yda o`tirolmagan... Yuragiga qil ham sig`mayotgan bo`lsa kerak bu uchrashuvdan keyin?» Alamda yongani sayin erining rang-ro`yini ko`rish uchun oshiqdi. Odil esa xotinini ko`rishi bilan mashinasini o`t oldirdi. Nasiba eshikni ocha solib, «Tinchlikmi?» deyishi hamon «Ha, o`tir», dedi. Ayoli jahl bilan old o`rindiqqa o`tirgach, gazni bosdi.
— Nima bo`ldi? Azroyilni ko`rgandek to`yda o`tira olmadingiz? — piching qildi Nasiba.
— Uydan telefon bo`ldi. Sojidaning mazasi bo`lmay qolibdi. Shunga seni joyingdan topolmay, o`zim ketdim.
— Nima? Sojidamga nima bo`libdi? — Nasibaning butun vujudini endi hadik mahv etdi.
— Ko`richak bo`lib qolibdi. Hozir shifoxonada, zudlik bilan operasiya qilishmasa, yorilib ketarkan. Shunga... To o`ziga kelguncha etib boramiz...
Nasiba qalbini jizg`anak qilayotgan tuyg`udan uyalib ketdi. Shifoxonaga borgach esa deraza oldidagi karavotda jilmayib yotgan qizining peshanasidan o`pgach, qinidan chiqqudek urayotgan yuragi taskin topdi...
***
— O`n yil yashabdi sho`rlik xotini bilan. Umid qilishganda. Yolg`iz o`g`il bo`lgani uchun zurriyotsiz o`tmasin deb, qaynota-qaynonasining o`zlari qizlarini olib ketishibdi. Shunga ham ikki yil bo`lgan ekan... — momosi so`z boshlagandi bu mavzuda birinchi marta.
Keyin gapga onasi qo`shildi:
— Shu, yolg`iz murodini onasi endi farzand tuqqan ayolga uylantiraman, deyotganmish. Bo`lmasa, turmush ko`rmagan qizlarni ham so`rayotganlar oz-munchami?
Yana obdon o`sha kishining, onasining ta`rifini keltirishdi. Nasiba hamma gapni eshitib, tushunib o`tirsa ham, mum tishlab olgandi.
Uch yil umid bilan erini kutdi. «Kelar, kechirim so`rar, olib ketar», degan o`yda eshik poyladi. Momosi «Oq sochlarim hurmati tug`ilmagan go`dak etim qolmasin», deya qudalarining ostonasiga bosh urib bordi. «O`g`limning beli to`la bola, qiz deganiga esa qiron kelmagan, uylantirib qo`yaman, tug`ib beraveradi», degan javobni eshitib boshi xam qaytdi. Ba`zida Nasiba o`zini ayblardi. O`lasa qilib do`pollasa ham chidab o`tirishi kerak edi... Shunda Sojidaga o`zining familiyasini berib, tug`ruqxonadan yum-yum yig`lab chiqmasmidi?
Sojida ikkiga kirib, tili shirin bo`lib qolgach, bir kun qizini etakladi-da, erining ishxonasiga yo`l oldi. Sobiq turmush o`rtog`i yastanib o`tirgan xonaga kirarkan, oyoqlari qaltiradi. Qanday kutib olarkan? Qizining dada deganini eshitib, sapchib o`rnidan turib quchoqlab olsa kerak?.. Afsus Sojida dada demadi, Sarvar ham o`rnidan sapchib turmadi. Ona-bolani begonalardek sovuqqina qarshiladi.
— Sarvar aka, yarashaylik. Qarang, qizimizning shirinligini, — Nasiba o`zida kuch topib zo`rg`a shu so`zlarni ayta oldi, xolos.
— Yarashaylik. Men allaqachon sen bilan qonunan ajrashganman. Chertmaydigan birortasiga erga tegib ketaver... — dedi u qizaloqqa parvo ham qilmay. — Bilagi zo`r akangga aytsang, o`zi topib beradi.
Nasiba labini tishlab qoldi. Keyin bu odamdan umid qilish befoydaligini angladimi, qizini dast ko`tarib chiqib ketdi.
Uyga kela solib, yostiqqa yuzini bosib yig`lay boshlaydi. Uch kungacha o`ziga kelolmadi. Axir endi yigirma ikkiga to`layapti. Shu yoshida ajrashib o`tiribdi... Tag`in bir bolasi ham bor. Akasi ham o`shanda qizishib ketdi. Qizishmay ham bo`larmidi? Ota-onasining bir o`g`ildan keyin besh farzandi nobud bo`lgan. Nasiba tug`ilganida hayotdan nasibasi uzilmasin deya uni shunday atashgan va doim qo`llarida ko`tarib yurishgan. Qorachiqdek asralgan singlisini hali uylanganiga uch oy bo`lmagan kuyov ayamay kaltaklasa, kelinchak sho`rlik qishloqning u boshidan bu boshigacha yalangoyoq yugurgilab kelsa-yu, aka jim o`tirsinmi? «Yo`q, homilador ayolining qadriga etmaydigan erkakga yig`latib qo`yadigan singlim yo`q», deb kuyovning yuziga bir musht tushirib keldi. Erkatoyining burni qonaganiga chidolmagan qaynona esa etti mahallaga dod-voy qilib, er-xotinni ajrashtirdi.
Mana, shunga ham uch yil bo`libdi. Eri ham uylanib ketdi. Olti yil ichida Nasibaga og`iz solganlar bo`ldi. Baxtidan bir marta kuygan ayol ikkinchi bor oila qurishni istamay hammani rad qilib o`tirgandi. Uydagilar ham uning ra`yiga qarashayotgandi. Ammo bu nomzodni negadir rad qilishmadi. Hatto, majburlab uchrashuvga ham chiqarishdi. Oxirgi paytlarda kelinoyisi bilan chiqisha olmayotgan, akam va onamning boshini tashvishga qo`yib yashayapman, deya hisoblayotgan Nasiba ikkilanib qoldi. Bo`y-basti kelishgan, o`zini tutib olgan, bosiqqina Odilning «Qizingizga otalik qilaman», degan so`zlari ham uni o`ylantirayotgandi.
Qat`iy qarorga kelishiga esa qizining ko`zlaridagi yosh sabab bo`ldi.
— Oyi, oyi, Zuhriddin meni urdi. Ketaylik shu uydan, oyi, — piqillab yig`lab keldi Sojida yoniga.
— Nega uradi?
— Televizorning pultini «Menga ber», deb urdi. Keyin «Bu televizorni dadam olib kelgan, bu uy ham bizniki, sen o`zingning dadangning uyida yasha», deb aytdi... Yuring, dadamnikida yashaylik... — besh yashar qizcha uch yil oldin unga nazar ham solmagan Sarvarni eslolmas, bir kun otasi sovg`a-salomga to`lib kelib, bu uydan ularni olib ketishiga ishonardi.
— Zuhriddin??? — Nasiba bor ovozida baqirib mehmonxona tomon yurdi. Televizor qarshisida cho`zilib yotgan jiyanini qanday siltab o`rnidan turg`izganini-yu uning ikki qo`lidan tutib, «Senga bu gaplarni kim o`rgatdi?» deya yig`lab urisha boshlaganini o`zi ham bilmay qoldi. Kelinoyisi kelib, bolasini uning qo`lidan oldi... Qulog`i ostida kimdir shang`illar, qizalog`i esa «Oyi, ketdik», deya qo`lidan tortardi.
Ular o`sha kuni keta olishmadi. Boradigan joy topisholmadi. Akasi ham bunga yo`l qo`ymadi. Faqat momosi uni Odil bilan taqdirini bog`lashga ko`ndirdi. Bir oydan keyin Sojida kutgan inson — sovg`a-salomga quchog`i to`lgan dada kelib, ularni olib ketdi.
***
Bu voqeaga ham o`n ikki yildan oshdi. Nasiba yana uch bor onalik baxtini tuydi. Odil qizini o`z bolasidek ko`rdi, Sojida ham «dada»siga tez mehr qo`ydi... Faqat... Nasiba rashk o`tida yonardi. Eri birinchi ayolidan ko`ngil uzolmasdi. Ayniqsa, turmushlarining ilk yillari Odil Umida bilan rishtalarni uzishni istamasdi. Goh uning uyigacha borar, goh ishdan chiqishini kutar, bayramlarda ko`z ochib ko`rganini esdan chiqarmasdi. Bu gaplar Nasibaning qulog`iga etib kelar, u o`zini faqat bola tug`ish uchungina bu xonadonda kun kechirayotgandek his qilardi. Ustiga-ustak, u turmush o`rtog`iga ko`ngil qo`ygandi. Muhabbat, rashk va har xil gap-so`zlar bir bo`lardi-da, jonini achitardi. Birinchi o`g`li tug`ilgach esa hammasi joy-joyiga tushishidan umid qilayotgan ayolning yuragi yanada tilkalandi.
— Umida shu kunlarni qancha kutgandi-ya... Nega taqdir undan tuhfasini qizg`andi?..
Hech qachon og`ziga aroq olmagan erkak bir kech ichib kelib, hovlida o`tirib yig`ladi.
Oradan yil o`tib esa Odilning dahshatli qaroridan xabar topdi. Eri Umidani yana nikohiga olib, u bilan ham yasharmish. Umidaning o`zi qo`ng`iroq qilib Nasibani ogoh qilmasa, u hech narsani bilmay ham qolishi mumkinligidan dili xufton bo`lib Odilning ishdan kelishini kuta boshladi. Xo`jayinining mashinasi ovozini eshitgach esa bir bolasi qo`lida, birini etaklab hovliga chiqdi.
— Qaerga ketayapsizlar? — dedi xotinining salom bermaganini parvoyiga ham keltirmagan Odil Sojidaga quchoq ocharkan.
— Bilmayman! Umida bilan yashashni istasangiz, mana, uy sizlarga! Biz ketamiz, — dadasining bag`riga otilayotgan qizining qo`lidan tortib, darvoza tomon yurdi Nasiba.
Odil avvaliga seskanib ketdi. Keyin gap nimadaligini tushundi chog`i, ayolining ortidan yurdi. Umida uni tinch qo`ymasa, rafiqasini hammasidan xabardor qilishini aytib ogohlantirgandi. «Oxiri shunday qilibdi-da», o`yladi Odil.
Shu bilan u sobiq xotinining yoniga qadam bosmadi. To`rt bolaning otasi bo`lgach mas`uliyati ham ortdimi, muhabbatini ko`nglining tubiga ko`mdi. Biroq Nasibaning ko`ngli doim notinch. Sal ishdan kech kelsa ham yo qovog`i uyulgan bo`ladi, yo qaerda yurganini so`rab so`roqqa tuta boshlaydi. Ayolining bugungi yonishlari ham shundan. Uchalasi bir davrada o`tirganidan o`zini qo`yarga joy topolmagan Nasiba bo`ldi. Vaholanki, Odil ham, Umida ham bir-birini ko`rgani yo`q... Bundan bexabar Nasiba hozir ich-ichidan shukrona aytayapti. Eri o`ylaganidek o`ziga kundosh sanamishi bilan xufyona uchrashmaganigamas, u Sojidani o`zining farzandidek yaxshi ko`rishiga shukr qilayapti...
«Shunchalik yaxshi, bag`rikeng, Sojida uchun jonini ayamaydigan, men qizimning darddan chulg`anib yotganini ko`rsam, ado bo`lishimni o`ylab, o`zi bolajonimning boshida turgan odamni bugun tanidim... U gumonlanishgamas, ishonch bildirishga arziydigan inson...» Tiliga dilidagilarni ko`chirishga qizidan, hamshiradan xijolat tortgan Nasiba yonida qalqon bo`lib turgan turmush o`rtog`i — oliyjanob insonning qo`lini mehrla siqib qo`ydi...
Shoira ShAGIAHMEDOVA
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар