Главная » Hikoyalar » Tungi suhbat
Tungi suhbat

Tungi suhbat

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Tungi suhbat
  • Дата релиза: 24-07-19, 19:12
Tungi suhbat
Najib MAHFUZ

Hatto ziyoli kishilar ham uni ko`chada uchratib qolsalar, ortidan havas bilan qarab qolishar, go`yo sahro sayyohining ko`ziga muzdek zilol buloq ko`ringani kabi nigohini uzishga kuch topolmas edi. Uning eri tasbeh, tamaki va gul kabi mayda-chuydalar sotish bilan shug`ullanardi. Turmush o`rtog`i vafot etganida Ummu Abbos hali qirqqayam kirmagan edi: huzurli yosh, qo`shnilarning fikricha, ayol benuqsonlik cho`qqisini zabt etgan, uning vujudi, nafis terisidan kishini maftun etadigan o`ziga xos ifor anqib turadi... Buning ustiga Ummu Abbosga mol-mulk meros qoldi, eridan so`ng u uy-joy sohibasiga aylandi. To`g`ri, uy bir oz nurab qolgan, ammo to`rt qavatli, pastki qavatda esa uchta do`koncha joylashgan. Bu mahalla kishilarining ko`pchiligi qashshoq edi, shuning uchun tul qolgan Ummu Abbos ularning ko`ziga totli shirinlik bo`lakchasidek ko`rinar, aksar erkaklar uni o`z ayoli sifatida ko`rishni xohlashardi. Ammo taqdir boshqacharoq farmoyish berdi: Ummu Abbosning xayolini band qilgan odam hech kimning diqqatini tortmaydigan Husayn aravakash bo`lib chiqdi, uyam mayliku-ya, Husayn hatto aravachaniyam ijaraga olgan edi. U o`ttiz yoshlardagi davangirday odam edi. O`zining qo`pol va mushtumzo`rligi bilan dong taratgan Husayn bahona topilishi bilan, ba`zan esa hech bir vaj-korsonsiz mushtlashishga hamisha tayyor turardi. Mahallada yoshu qari undan qo`rqishar, hech kim bu odamga ro`para bo`lishni istamasdi. Shunday sohibjamol qanday qilib uning tuzog`iga ilinganiga hech kim tushunmadi. Qo`shnilar ayoldan ranjidilar, g`iybatini qildilar va uning tutgan yo`lini noto`g`ri deb baholadilar. So`ng og`ir xo`rsinganlaricha:

– Sho`rlik ayol! Bechoragina o`g`li Abbos!.. – dedilar achinib.

Abbos ayolning birinchi eridan bo`lgan farzandi. U yigirma yoshlardagi o`ta samimiy, ammo tentaknamo fe`lli o`spirin bo`lib, dudog`idan doimo bolalarcha tabassum arimaydi. Xayolchan ko`zlarida esa sirli ifoda balqib turadi. Hali yosh ekaniga qaramay soqol-mo`ylov qo`ygan, ularni erinmay parvarishlab o`stirardi. U ta`lim olish uchun boshlang`ich sinfga borganida alifboning birorta ham harfini eslab qololmagan. Natija ma`lum, butunlay savodsiz edi. Otasi o`g`li hayotda yo`lini topishiga ko`maklashish maqsadida uyning birinchi qavatida shirinliklar, no`xat va pista sotadigan do`koncha ochib bergan. To`g`ri, Abbos shirinliklarni oz-moz sotib ham turardi, biroq aksariyatini bolalarga tekin tarqatardi. Onasi Husayn aravakashga turmushga chiqqanida u bir necha kun qaergadir yo`qolib qoldi. Qaytganida esa qo`shnilar undan ahvol so`rasalar, ta`na aralash bosh chayqab:

– Boshqa odamni otamning o`rnida ko`rolmayman, onamning bu ishi yaxshimas, – dedi.

Tentakligi tutib qolganida bo`lsa yuqoriga — onasining derazasiga qarab baland ovozda qichqirardi:

– Olloh gunohingizni afv etsin, Ummu Abbos !

Ilgarilari kech tushishi bilan u o`zining galabeyini echib, och ko`k rangli kostyumini kiyar, soqol va mo`ylovini hafsala bilan silliqlab tarar, boshiga popukli hojido`ppisini qo`ndirib, qo`liga hassasini olardi-da, do`konchani qulflab, sayr qilib kelgani jo`nardi. U yo`lida uchragan har bir odam bilan quyuq so`rashardi. Og`ziga qand bo`lagini solib olib, deyarli butun kecha davomida behad baxtiyor ko`rinishda tentib yurardi. Onasi turmushga chiqqanidan keyin ham bu odatini o`zgartirmadi, ammo do`konchaga butunlay ko`chib o`tdi. Onasi o`g`lining o`jarligini bilgani uchun bunga qarshilik qilmadi. Tungi sayohatlari paytida o`g`li biron noxushlikka duchor bo`lishi mumkinligidan Ummu Abbos qo`rqmasdi, hamisha farishtalar o`g`limni asraydi, deya ta`kidlardi.

Husayn kunlarning birida do`konchaga kirib keldi. Abbos kutilmagan mehmonga tik boqib, ovozini ko`tarib ochiqchasiga dedi:

– Chiqib ket, seni ko`rishni istamayman!

– Axir men o`gay bo`lsa ham sening otangman-ku! – dedi Husayn g`azabi qaynab tutaqqanicha.

Odamlar janjal avj olib ketmasidan ularni ajratishga oshiqishdi. Husaynni tinchlantirishga urinib, o`spirinni himoya qilishdi. Ummu Abbos bu holdan juda ranjidi, ohu ko`zlarida yosh yaltiradi. Chunki Abbos uning yagona farzandi edi. Shu bilan birga Abbosning chiroyli yuzi onasiga juda o`xshab ketardi. Onasi esa uni haddan ortiq yaxshi ko`rardi.

Husayn uylanganidan so`ng yanada qo`pol va jahldor bo`lib qoldi. U ulfatlarini tez-tez mehmonga chorlab turar, ular bilan xurmachasidan toshgunicha ichardi. Oyog`ida zo`rg`a tik turib, xunuk ovozini baralla qo`yib qo`shiq aytardi.

Abbos uni bunday yovvoyi holatda ko`rib, do`konidan ko`chaga chiqar, tepaga, onasining derazasiga qarata baland ovozda har doimgiday qichqirardi:

– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!

Bir kuni garchand Ummu Abbosning derazasi yopiq bo`lsa-da, uning xonasidan ko`chaga shovqin-suron va xirillagan qichqiriqlar eshitildi:

– Bu uyda men xo`jayinman, hamma narsa menga tegishli!

Ilgarilari hamma faqat hurmat va muhabbat bilan qaragan ayolga haqorat va po`pisalar dovuli yog`ilayotganini eshitgan qo`shnilar bir-biridan:

– Nima gap? – deb so`radilar.

– Husayn bunchalar g`azabda ekanining sababi pulga borib taqaladi, – javob berdi shu erda yashovchilardan biri. – Axir ularning yagona daromadi — bino ijarasidan yig`iladigan pullar. Uy esa ayolga tegishli.

Oldinlari Ummu Abbos oq rangli uzun yopinchig`ini elkasiga tashlab ko`cha aylanishga chiqar, tevarakdagi odamlarga viqor to`la nigohlari bilan boqib o`tardi. Biroq u endi hatto qo`shnilar bilan so`rashgani ham uydan chiqmay qo`ydi.

Husayn do`q-po`pisa bilan xotinidan pul undirishda davom etardi, ammo u bunga qanoatlanmasdan bir kuni mast holda Abbosning do`koniga tushdi. Ovozini ko`tarib, bad fe`lini namoyish qila boshladi:

– Hoy, etimcha! O`lib ketgan otangdan senga hech bo`lmasa biron chaqa meros qolgandir-a? Yaxshilikcha ayt, pullaring qaerda?

Abbos unga hatto o`girilib ham qaramadi, go`yoki yon-verida kimsa yo`qday. Hamisha do`koncha oldida o`ynab yuradigan bolakaylar bo`lsa tumtaraqay bo`lib qochib qolishdi.

– Yo sen ham barcha shu uyda yashovchi kishilar singari ijara puli to`la yoki bu erdan qorangni o`chir! – yigitga baqira boshladi Husayn.

Shunda sut sotuvchi Bayyumi uni tinchlantirish uchun yordamga oshiqdi. Xudo asrasin-u, tag`in bu odam jahl ustida biron gunoh ish qilib qo`ymasin. Shu sabab unga yaxshi gapirib do`kondan olib chiqib ketdi. Ammo Husayn haliyam tili tutilganicha Bayyumining yuziga so`lak sachratib, do`konga qarab baqirishda davom etardi:

– Tentak, yaramas, haromi!

Kechki payt Abbos yuzidagi hech o`zgarmaydigan beozor ifoda bilan o`zi uchun odatga aylangan sayrga yo`l oldi. Yo`lida uchraganlarga yoqimli jilmayib, iliq so`zlar bilan so`rashib o`tardi. Husayn tag`in xotiniga po`pisa qilishga jon-jahdi bilan kirishdi. U xotinidan uy va do`konlarni o`z nomiga o`tkazishni talab qilayotgandi. Nizo borgan sari alanga olar, janjal butun mahallaga ovoza bo`lgandi. Ba`zilar ayolga ma`nan ko`makka intildilar. Ummu Abbos qo`shnilarga achchiq qismatidan nolib yig`ladi. Rahmdil kishilar Husayn bilan o`rtasiga tushmoqchi ham bo`ldilar, biroq er-xotinning o`rtasiga esini egan tushadi deb o`yladilarmi, har qalay niyatlarini amalga oshirmadilar — Husaynning qahridan qo`rqishdi. Axir u yaqindagina qo`shnisi Karmallning adabini bergandi. Chunki u Ummu Abbos bergan pullarni o`g`liga etkazishga ko`maklashgan edi. Abbosga pul bergani uchun yarim tunda baxtiqaro ayolga kaltak yog`ildi, eng beadab so`kishlar bilan haqoratlandi. Bechora yig`lay-yig`lay bunday yashashda davom etish mumkin emas, degan qarorga keldi...

Tongotar sukunatini dahshatli chinqiriq ovozi tilka-pora qildi. Shirin uyquda yotgan odamlar qichqiriq qaerdan kelganini bilish uchun deraza tavaqalarini lang ochdilar. Ko`plar o`sha joyga borishga otlandilar. Tunchiroq yorug`ida bangixona oldida qo`rquvdan qaltirab turgan sut sotuvchi Bayyumini ko`rdilar. U mahallada hammadan oldin uyg`onar, hali tong yorishmasidan idishini ko`tarib sutga chiqardi. Bu odam nega bunchalar qo`rqdi ekan? Qarasalar, undan sal narida Husayn yotardi. Boshining ostida qon halqob bo`lib to`planib qolgandi. Tanasi xuddi qopday cho`zilib harakatsiz dumalab yotardi.

Butun mahalla g`alayonga keldi. Darhol polisiyachilar etib kelishib, tergov boshladilar. Tergovchilar ishni sinchiklab o`rganishar, har bir gumonni tekshirishardi. Birinchi bo`lib Karmallni chaqirishdi. Chunki u Husaynning haqoratlari qurboni bo`lgan oxirgi odam edi. Keyin marhumning o`nga yaqin do`st-ulfatlari, so`ng adovatda bo`lgan kishilari, Ummu Abbos, ijarada turganlar, sutchi Bayyumining o`zini ham so`roq qildilar. Ammo ularning hammasi butunlay aybsiz ekanliklarini isbotlashning uddasidan chiqishdi. Hatto Abbosni ham tergovga chaqirishdi. Yigit jinoyat yuz bergan vaqtda qaerda bo`lgani haqidagi savolga go`llik bilan jilmayib, javob berdi:

– Xizr bilan.

Tergovchi Xizr kimligi bilan qiziqib qoldi.

– Nahotki yo`lini yo`qotganlarning homiysi bo`lgan hazrati Xizr haqida eshitmagansiz?! – dedi u g`oyat ahmoqona iljayib.

Odamlar Abbosning tungi sayrlari haqida bilishardi, u odatda sandiroqlaydigan joylar, uning bir oz tentakligi xususida guvohlik berdilar. Shuning uchun ham uni qotillik aloqador deb bo`lmaydi.

Ish boshi berk ko`chaga kirib qoldi, jinoyat ochilmadi. Bitta xulosa aniq bo`ldi: Husaynning boshi qandaydir o`tkir buyum bilan yorilgan, natija esa o`lim bilan tugagan. To`g`risini aytganda, marhumga hech kim achinmadi, faqat odamlar bir-biridan qotil kimligini surishtirishdi. Bu hodisa ancha vaqtgacha qo`shnilarning suhbatlarida asosiy mavzuligicha qoldi.

Oldiniga Abbos endi onasining uyiga qaytadi deb o`ylashayotgandi, ammo bunday bo`lmadi. Ayol qattiq qayg`uga botib, hasrat chekdi. Shuncha ko`rgiliklariga qaramasdan go`zalligi oldingi shukuhini saqlab qoldi. Ummu Abbos tag`in mag`rur va maftunkor nigoh tashlab ko`chalarda yuradigan bo`ldi.

Bu o`z samarasini berib, qo`lini so`rovchi talabgor ham topildi. Yosh erkak, hali o`ttizga ham kirmagan, qassoblik bilan kun kechiradigan kambag`al bir kishi sohibjamolning yuragini zabt etdi. Uni Abdu deyishardi. Kelishgan, mo`min-qobil, halol yigit. Odamlar hayron bo`ldilar: “Nahotki Ummu Abbos o`zining achchiq kechmishini unutgan bo`lsa?” Ko`z ochib yumadigan fursat o`tmasidan Abdu uning eriga aylandi. Shunga nima bo`libdi, balki Yaratgan uni o`tmishdagi uqubatlari uchun yaxshilik bilan taqdirlamoqchidir. Biroq turli gumon va mishmishlar tarqay boshladi: Husaynning sirli o`limi Abdu bilan aloqador emasmikin?

Abbos yana oldingi gapini takrorladi:

– Otamning o`rnida boshqa kishining bo`lishi yaxshi emas.

U yana ko`chaga chiqib, tepaga qarab baland ovozda qichqiradigan bo`ldi:

– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos!

Vahimali mishmishlar polisiyaga qadar etib bordi. Natijada yana tergov ishi ochildi. Ummu Abbos va uning yangi erini so`roq qilishdi, ammo hech nima oydinlashmadi. Jumboq echimsiz qoldi.

Abduning tabiati tilla edi — xotiniga hurmat bilan munosabatda bo`lardi, undan mehr-muhabbatini darig` tutmasdi. Dastavval Abbosga xayrixohligini namoyon qildi, biroq yigit uning bu istagini qat`iy rad etdi.

– Meni o`z holimga qo`y, – dedi u cho`rt kesib.

Shunga qaramasdan o`gay otasi u haqda qayg`urish va tashvishlanishda davom etdi. U Ummu Abbos o`g`lini yashash uchun zarur vositalar bilan ta`minlayaptimi-yo`qmi, nazorat qilib turardi. Bu orada Abdu amalda ancha jur`atli va mulohazakor ekanligini ko`rsatdi. U rafiqasi, ya`ni uy bekasiga binoning eski hovlisini sotishni taklif qildi. Uning puliga esa uyni ta`mirlash va yana bir qavat qurish mumkinligi taklifini kiritdi. Ummu Abbos unga butunlay ishonadigan bo`ldi. Erining maslahatlariga quloq tutardi. Ijaradan keladigan daromad anchagina ko`paydi. Odamlar Abduning uddaburon ekanligiga qoyil qoldilar: “Buni haqiqiy inson desa bo`ladi!” Hatto bir kuni Abbos kechki sayrdan oldin engil tamaddi qilish uchun sut-qatiq do`koniga kirganida Bayyumi unga dedi:

– Sening qalbing farishtalarniki kabi top-toza, Abbos! Lekin nimaga Abdudek oliyjanob insondan o`zingni olib qochasan?

Abbos go`yo savolni eshitmagan kabi yangi ivitilgan qatiqni lazzatlanib ichishda davom etdi. Javob bermadi.

– Nima, sen ko`ngilchan va yaxshi odamlarni yoqtirmaysanmi? – qaytadan gap boshladi Bayyumi.

Abbos shoshmasdan Bayyumiga bo`shagan kosani uzatdi va ko`ziga xotirjam tikilib ta`kidladi:

– Battol u. Qassobxonasida go`shtni qanday nimtalashini ko`rganingizda edi.

Bir qancha vaqt o`tdi. Abdu nafaqat xotini va o`gay o`g`liga himmat ko`rsatar, balki o`zining oila a`zolariga ham yaxshilik qilishdan charchamasdi. Ummu Abbosning uyida bironta xona bo`shashi bilan qarindoshlaridan kimnidir ijaraga qo`yardi. Agar qarindoshi kambag`alroq bo`lsa, xotinidan ruxsat olib ijara haqini tushirardi. Onasi va singlisini bu xonadonga boshlab kelguniga qadar hammasi yaxshi edi. Navbatdagi ijarachi chiqib ketganidan so`ng o`sha uyga onasi va singlisini ko`chirib keldi. Qo`shnilar bu haqda hatto maqol to`qiy boshladilar: daraxt kovagidan olgan qo`lingdagi asal shirin albatta, biroq arilar ustingga qora bulutdek yopirilishi ham bor. Gapning nafsilamrini aytganda, kutilmaganda uyiga qaynanasining ko`chib kelishi Ummu Abbosga shavq olib kelmadi, ammo hech nima qilolmadi ham. Unga bir narsa ravshan edi: boshqaruv jilovi endi qo`lidan chiqib ketdi, ortiq bu erda bekalik qila olmaydi. Chunki qaynanasi hammasini o`z qo`liga olgandi. Bechora ayol o`zini butunlay keraksizdek his qildi.

Bir kuni u uyning pastki qavatidagi uchta do`kondan ikkitasining devori nurab darz ketganini payqab qoldi. Ikkita do`konchani ta`mirlab, bitta katta magazinga aylantirdilar. Peshtaxta oynalari ostida buzoq va qo`ylarning nimtalanmagan go`shtlari paydo bo`ldi. Abdu bu erga qo`shni mahalladagi bechorahol qassobxonasi ko`chirib kelgandi. Magazin ochilishi munosabati bilan duo o`qib, baland ovozda Ollohga shukrona aytdi. Axir Parvardigor unga qonuniy boylik ato qildi.

Qo`shnilarning suhbatlariga yana mish-mish oraladi:

– Bu odam halollik va oliyhimmatlilik timsoli, – ta`kidladi bittasi.

– Yo`q, u ikkinchi Husayn, faqat bu vijdonsizligini yumshoqlik bilan amalga oshiradi, xuddi uyqusiragan odamni allalagan kabi, – e`tiroz bildirdi boshqasi.

Kimdir uning oliyjanobligidan shubhalandi, kimdir esa hasaddan ich-etini edi.

Abdu sezilarli darajada o`zgardi, ko`zlaridagi beozorlik o`rnini o`ziga ishonch egalladi. Odatiy muloyimlik chekinib, qat`iylik va dadillik paydo bo`ldi. U moliyaviy muvaffaqiyatga erishdi, yirik do`kondorga aylandi. Bu qat`iylik va dadillik savdo ishlaridagina aks etmadi, u uyda ham o`zini shunday tutadigan bo`ldi. Ummu Abbos qaynanasi va qaynsinglisi bilan nizoga borsa, keskin turib ayolning aqlini kiritib qo`yardi. Ayol uning qahridan qattiq qo`rqardi, chunki u Abduning latif va yumshoq muomalasiga o`rganib qolgandi. Ummu Abbos chuqur iztirobga tushdi. Oilaviy munosabatlari toqat qilib bo`lmaydigan darajada yomon ahvolga kelib qoldi. Nihoyat u yo`qotgan huquqlarini o`ziga qaytarishga urinib ko`rishga ahd qildi.

– Men o`z uyimda begonalarsiz bemalol yashashni istayman, – deb ma`lumladi u eriga.

– Istayotgan bo`lsang, ketaver, to`rt tomoning qibla! – o`ylab o`tirmasdan javob berdi Abdu ovozini ko`tarib.

Ummu Abbos quloqlariga ishonmadi.

– Bu mening uyim, – ovozi o`zgarib ayyuhannos sola boshladi u, – aksincha, urug`-aymog`ing bu erdan qorasini o`chirishsin!

Janjal boshlanib, ayollar to`satdan yoqalashib ketdilar. Abdu onasini xafa qilishni istamasdi. Shu sabab xotiniga tashlandi, uni urib-kaltaklab, itarib-itarib uydan chiqarib yubordi. Ummu Abbos so`ppayganicha ko`chada qoldi. Yaxshiyam unga bechorahol bir oila boshpana berdi, bular birinchi erining uzoq qarindoshlari edi. Bu mojaro hammaga yomon ta`sir qildi. Abbos onasining yangi manzilgohiga borib, baland ovozda qichqirdi:

– Olloh gunohlaringizni afv etsin, Ummu Abbos !

Qo`shnilar nima qilishni bilishmasdi. Ular boshlariga tashvish orttirishdan qo`rqib, pichirlab gaplashishardi. Axir Abdu obro`li inson, uning g`azabi bilan o`yin qilib bo`lmaydi. Kimdir sudga murojaat qilish taklifini kiritdi, ammo hamma o`zining tinchi buzilishidan xavfsirardi. Faqat Abbosgina Abduga ochiqchasiga hazar qilib qarardi. Oqibat uning bu qarashlari Abduning joniga tegib, kun ko`rishi uchun Abbosga pul berishni to`xtatdi.

– Esi pastning qo`liga pul berish befoyda, – dedi u hammaga eshittirib. – Istalgan biringiz, – davom etdi u mojaroning xolis kuzatuvchilariga yuzlanib, – mana bu ovsardan ko`ra pullarga ko`proq haqlisiz.

Odamlar bo`lsa, echki va qo`yning nimtalanmagan go`shtlari to`la peshoynaga tikilib qolishdi. Ichlarida: “Bu farovonlik va dabdabaga kim tufayli erishganini unutib qo`ydi chog`i?” degan savolga to`xtalardilar.

Abbos uning gaplariga e`tiborsiz edi, hatto ilgaridagidan-da baxtli va erkinroq ko`rinardi. Bugun ham odatdagidek kechki sayrga otlandi. O`zini butun boshli qirollikning yagona vorisi kabi tutardi. Odamlar Ummu Abbosning xosiyatsiz ayol ekanligini gapirishardi, fe`lidagi nuqsonlik tufayli ayol doim kulfatga duchor bo`laveradi. Ummu Abbos erining nochor qarindoshlarinikida yashab turgan paytda Abdu yanada boyib ketdi. Endi u shaharning moliyaviy ishlarida qatnashadigan g`ayratli ishbilarmonga aylangandi. Yaxshi odamlar oraga tushib, rafiqasi bilan yarashtirishdi. Ummu Abbos uyiga qaytdi, ammo qalbi siniq, munosib hayot kechirishga umid qilmagan holda edi. Abdu unga Abbosning kun kechirishi uchun mablag` berib turishiga yana yo`l qo`ymadi. U boshqacharoq yo`l tutmoqchi ekanligini, do`konchani qarindoshlaridan biriga sotadigan bo`lganini, u odam Abbosdan ko`ra tejamli va rejali ish yuritishini aytdi.

Abdu allaqachon farovon hayotga odatlangandi. Yangi boshlagan tinchgina turmushi unga ma`qul tushgandi. Kallasiga hashamdor salla o`rab, elkasiga tuya terisidan po`stin tashlab, bejirim etik kiyib olgandi. Qo`llariga Xon al-Xalil2ning tilla bozoridan olgan yirik uzuklarni taqib ko`chaga chiqqanida undan o`tkir mushk isi kelib turardi.

2. Xon al-Xalil — Qohiradagi mahalliy hunarmandlarning oltindan ishlangan buyumlari va boshqa mahsulotlar sotiladigan qadimiy bozor.

Atrofdagilar uni pichirlagan kuyi kuzatib qolishardi:

– Iloho, umringiz uzun bo`lsin...

Kunlarning birida tungi sukunatni yana vahimali chinqiriq buzdi. Qo`rqib ketgan odamlar deraza tavaqalarini lang ochdilar. Bu gal ham bangixonaning oldida sut-qatiqchi Bayyumi qo`rquvdan qaltirab turardi. U to`planganlarga erda xuddi qop kabi cho`zilib yotgan odamni ko`rsatdi. Bu xoja Abdu edi. Uning yorilgan boshidan qon halqob bo`lib tushgandi. Mahallada xuddi zilzila yuz bergandek edi. Polisiya, tergovchilar, guvohlar... Ko`pchilikni so`roq qilishdi, lekin hech kimga kichik bir gumon ham tushmadi. Hamma Abduning o`limi ham xuddi Husaynniki kabi jumboqligicha qolishi to`g`risida gapirardi.

– Juda g`aroyib voqealar bo`lyapti! – gapirishardi qo`shnilar qo`llarini bir-biriga ishqab. – Endi Ummu Abbosning navbatdagi turmush o`rtog`i kim bo`lar ekan-a?

Abbos odatiy kechki sayrdan oldin tamaddi uchun Bayyumining do`koniga kirdi. U qatiq ichib o`tirar ekan, do`kon sohibi vazmin ko`rinishda, ammo ajablanganicha uni kuzatib o`tirardi.

– Qanchalar qo`rqinchli odamsan-a, Abbos! – deb yubordi Bayyumi biroz ikkilanishdan so`ng.

Yigit unga qarab do`stona tabassum qildi.

– Men bangixona oldida uchratganimda Abdu hali tirik edi, – axiyri pichirladi Bayyumi, – u joni chiqishidan oldin qotilning ismini menga aytdi.

Abbos mo`ylovini silab tekislagan bo`ldi, keyin qoshig`ini yana qatiqqa to`ldirdi-da, xotirjam ko`rinishda og`ziga olib bordi.

– Abdu aytgan odam Husaynni ham o`ldirganiga ishonchim komil, – davom etdi Bayyumi.

Abbosning yuzi xuddi allaqachonlar unutilgan timsolni xotiriga olib qiynalgan odam misoli bir ongina taranglashdi. Keyin u yana qatiq ichish bilan andarmon bo`ldi.

– Ammo men tergov vaqtida qotil haqida unutdim. Ollohning irodasi bilan shunday bo`lgan degan qarorga keldim! – dedi Bayyumi.

Abbos kosani bo`shatdi va do`kondan chiqib ketishga taraddudlandi.

– Kimsan o`zi, Abbos? – savoldan o`zini tiyolmadi Bayyumi. – Har kecha hazrati Xizr sen bilan nimani gaplashadi?

Rus tilidan Xosiyat RAJABOVA tarjimasi
Manba: Darakchi.uz

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: