Главная » Hikoyalar » Unsiz yig'lagan erkaklar
Unsiz yig'lagan erkaklar

Unsiz yig'lagan erkaklar

  • Категории: Hikoyalar
  • Название: Unsiz yig'lagan erkaklar
  • Дата релиза: 19-05-14, 11:49
Unsiz yig'lagan erkaklar
G'ira-shira tong qorong'isida allaqanday g'ala-g'ovurdan uyg'onib ketdim. Chala yumuq ko'zlarimni ishqalab, onamga qaradim. Onam ko'cha kiyimlarini kiyib olibdi. Otam ham kiyingan. Boshida qalpoq. Hayron bo'ldim, hech do'ppi kiymasdilar-ku. Birdan ularning qayoqqadir otlanganliklarini anglab qoldim.

- Meniyam olib ketasiz! - dedim injiqlanib.
- Jim, - dedi onam past, ammo vahimali ovozda. - U joyga bolalar bormaydi. Biz boramiz-u, qaytamiz. Sen uxlayver. Uyg'onguningcha kelamiz, xo'p?!
- Xo'-o'p, - dedim shirin uyqudan voz kechgim kelmay. Otam bilan onam eshik tomon yurisharkan, onamning piqillab yig'lagani qulog'imga chalindi. Hatto hayron bo'lishga ham ulgurmay pishillab uxlab qolibman...

* * *

Kun peshindan oqqanda saharda nima bo'lganini tushundim. Akam aytdi menga. Qishloqda yashaydigan momom vafot etibdi. Men avvaliga vafot etish nima ekanligini anglamadim. Tushunganimdan keyin tomog'imga nimadir tiqilgandek bo'ldi.

Quyosh terak bo'yi ko'tarilganda onam akamga telefon qildi. Ular gaplashib bo'lishgach, akam menga yuzlanib: "Kiyin, qishloqqa ketamiz", dedi.
- Ur-ra-a! - deya qichqirib yubordim quvonganimdan. Axir qishloqqa ketamiz-u, quvonmay bo'larkanmi?! U yerda o'rtoqlarim ko'-o'p. O'ynaymiz maza qilib. Bu yer bo'lsa... Aslida, bu yer ham qishloqdan qolishmaydi. Shahar bilan qishloq o'rtasidagi bir joy. Yarimshahar, yarimqishloq. Bu yerda ham bolalar bilan qo'y boqamiz. Lanka tepamiz...

Shu payt akamning yuziga qaradim-u, uning ko'zida yosh aylanayotganini ko'rib, jimib qoldim. Birozdan so'ng yo'lga otlandik. Qishloqqa - to'ppa-to'g'ri momomlarnikiga bordik. U yerdagi tumonat odamni ko'rib, yuragimni vahima bosdi. Ayollar uv tortib yig'lashar, onamning nolalariga bardosh berish qiyin edi. Erkaklar orasidan otamni axtardim. U kishi to'n kiyib, beliga belbog' bog'lab olibdi. Boshida ertalab uyimizdan kiyib chiqqan qalpog'i. Qo'lidagi ro'molchasi ho'l. Birdaniga qichqirib yubordim.
- Momom qani-i?! Momomga boraman!

Kimdir qo'limdan qattiq siqib ushladi. Boshimni ko'tarib qarasam, otam ekan.
- Yig'lama! - dedi otam qat'iy. - O'g'il bolaga yarashmaydi.

O'g'il bola yig'lamasligi kerak ekan, deb, to'g'risi, zo'rg'a chidadim. Menga negadir momomni ko'rsatishmadi.

* * *

Shunday qilib, qishloqda tengdosh jo'ralarimdan hech qaysini ko'rolmay, momomning qo'lidan "paxtapalov" ham yeyolmay, yana uyga qaytdik. Onam ham. Yetti kundan keyin yana o'sha yoqqa ketishdi. Xullas, otam bilan onamning ko'ngliga qil sig'masdi. Kamgap bo'lib qolishgandi. Akam ham huda-behuda gapiravermas, otam bilan onam aytmasa ham, hamma ishlarni saranjom qilib qo'yardi. Men esa ta'til tugashi bilan maktabga chiqdim. O'rtoqlarim bilan bo'lib hamma narsani unutdim. Ota-onam ham biroz o'zlariga kelishgandek edi. Har-har zamonda otam kechki ovqat mahal momom bilan bo'lgan hangomalarni aytib berib, hammamizni kuldirardi. Mening esa, rosti, ko'proq bizni ko'rgani kelganida momomning shirinlik ulashgan damlari ko'z oldimdan ketmasdi. Momom biznikiga kelganda hech kim menga ish buyura olmasdi. "Mening nevaramga gapirmanglar, o'zinglar olib kelinglar nima kerak bo'lsa!" derdi momom. Men esa maza qilib o'tirardim. Shirinlikka to'yardim. Hammadan ko'p meni erkalardi u kishi.

Oradan bir oy o'tib ketgan bo'lsa-da, hamon momomning endi yo'q ekanligiga ishonolmasdim. U kishi yana bizni ko'rgani keladigandek tuyilaverardi. Qo'lida tuguncha. Tugunchaning ichi to'la shirinlik... Kunlarning birida maktabdan qaytayotsam, uyimiz tomonga bir kampir kelayotganini ko'rib qoldim. Orqasidan yaxshilab razm solsam, xuddi momomning o'zginasi! Egnida o'sha yozgi yengi uzun ko'ylagi, boshida ro'mol. Qo'lida esa - tuguncha. Bu kampir, shubhasiz, mening momom, degan to'xtamga keldim. So'ng birdan seskanib ketdim. Axir momom o'lgan-ku! Yo'q, momom hazillashgan. Meni aldash uchun shunday qilgan. Unday bo'lsa, butun qishloq ahli nima uchun to'plangandi o'sha kun? Yo'q, ana, momom ketyapti-ku biznikiga qarab. Undan keyin o'sha kuni onam ham aytdi-ku: "Momong o'lmagan, u kishi hech qachon o'lmaydi", deb. Demak...

Shunday fikrlar miyamdan yashin tezligida o'tarkan, "Momojon!" deya o'sha kampirning ortidan chopdim. Shunday tez yugurdimki, zum o'tmay yetib olib, momomning qo'llaridan mahkam tutdim:
- Momojon!

Momom yalt etib menga qaradi. Shunda bir zum karaxt bo'lib qoldim. Chunki bu kampir mening momom emasdi.
- Ha, bolam, nima gap? - dedi u kishi ajablanib.
- Assalom alaykum, - dedim zo'rg'a. - Sizni momom deb o'ylabman.
- Hechqisi yo'q, - deya jilmaydi notanish kampir. - Hamma momolar ham bir xil bo'ladida axir. Nevaralar ham.

Kampir mening boshimni silab, peshonamdan o'pib qo'ydi. Uyga borgach, kiyimlarimni shapir-shupur almashtirib, tushlik ham qilmay, qo'radan qo'ylarni haydab chiqardim-u, dalaga otlandim
- Biror narsa yeb ol! - deya qichqirib qoldi onam ortimdan. Indamay qo'ylarni zovur tomonga haydadim. Bolalarga qo'shilmadim. Qo'ylarniyam alohida boqdim. Yam-yashil maysazorga o'zimni tappa tashladim-u, o'pkam to'lib, yig'lab yubordim. O'kirib-o'kirib yig'ladim. Momomning o'lganiga endi ishongandim. Chunki momom endi bizni ko'rgani hech qachon kelmaydi. Uylariga borganimizda "paxtapalov" damlab bermaydi. Endi jizzali non ham pishirmaydi, peshonamdan ham o'pmaydi, "Mening nevaramga gapirma hech qaysing!" demaydi... Shularni o'ylaganim sari ichimda nimadir portlab, ko'zlarimdan yosh bo'lib sizib chiqardi. Yig'layverdim, yig'layverdim...

Birdaniga otamning o'sha kungi gapi esimga tushdi: "Yig'lama! O'g'il bolaga yarashmaydi!" Shu gapni esladim-u, birdan atrofga alangladim. Xudoga shukr, hech kim yo'q ekan! Yig'laganimni hech kim ko'rmabdi. Zovurga tushib, yuzimni yuvib chiqdim. Keyin bolalar lanka o'ynayotgan tarafga qo'ylarni haydadim...

- Tur, o'g'lim, aylanib kelamiz, - deb qoldi bir kun otam. Menga birdaniga jon kirdi. Negaki otam bilan sayrga chiqish degani - maza qilib shokolad yeyish, muzqaymoqxo'rlik qilish edi-da! O'rnimdan otilib turdim.

Tanish do'konchadan otam menga muzqaymoq olib berdi. Keyin:
- Xohlagan shokoladingni tanla, - dedi. - Faqat bitta.

Do'kondan chiqib, uyga atayin aylana ko'chadan yo'lni soldik. Oy to'lgan kecha. Ignaniyam ilg'ash mumkin. Shu payt otamning yig'layotganini payqab qoldim.
- Dada, sizga nima bo'ldi?! - dedim qo'rqib.
- O'g'lim, - dedi otam yelkamga qo'lini qo'yib, - hech kimga aytish yo'q. Kelishdikmi?

Bosh qimirlatib: "Xo'p", dedim.
- Mayli, yig'laging kelsa, bemalol yig'lab ol. Ko'z yoshingni artib qo'yadigan onang bor. Men borman, - dedi keyin otam cho'kkalab olib, yelkalarimdan mahkam tutgancha. - Meniki esa endi yo'q...

Смс Шерлар
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
Ustozlarim sizlarga rahmat 2022
1 - OKTYABR O'QITUVCHILAR KUNI HAQIDA SHERLAR
Кетаман
Кетаман
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
KO'ZLARIMNI TARJIMA QILING
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Рахмат Онажон
Рахмат Онажон
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
YORIM BO'LING
YORIM BO'LING
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
O'jarliging jonga tegdi
O'jarliging jonga tegdi
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Yomg'irlar
Yomg'irlar
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Onajonim mehrizga to‘yib
Onajonim mehrizga to‘yib
ONALAR HAQIDA YANGI SHERLAR
Tanishgandik Bekatda
Tanishgandik Bekatda
SEVGI ROMANTIKA HAQIDA SHERLAR SMS
Логин:
Пароль: